Nodir Jonuzoqning Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga bagʻishlagan sheʼri: MUBORAK KUNLAR

0
388
views

Shoirlik degan kasb yoʻqdir dunyoda,
Hech kimga “Shoir” deb berilmas diplom.
Yuraging yorishib ketar ziyodan,
Tuyqus sheʼr yozilsa –
Yoʻqlasa ilhom.

Va lekin tiriklik urhosi aro
Sen ham el qatori koyitgaysan jon.
Ne baxtki, joningga kirgaydir oro –
Gazeta, radio, oynai jahon…

Soʻz va tasvir izlab,
Yorugʻ niyatda
Mavzular izmida chopgaysan zir-zir:
Ishlaysan ter toʻkib tahririyatda,
Kasbing aniq – muxbir va yo muharrir.

Nafis tashbehlardan avval qalaming
Oʻjar jumlalarga tegib, charxlanar.
Goh olmos misoli tansiq – kaloming,
Goho mis singari arzon narxlanar.

Rozisan,
Sheʼringni ovutib tunlar,
Kunduz quloq tutib davring sasiga.
Koʻksingdan yechilgay chigal tugunlar –
Toʻy qilsang gonorar jamlanmasiga…

Ulkan Tahririyat asli bu – VATAN,
Olamga yoʻllagan har soʻzi ezgu.
Balki shoir deya olmas meni tan,
Muxbirim, desa, bas – saodatim shu!

Axir, shoirlik bu – kasb emas, illo,
Hech kimga “Shoir” deb berilmas hujjat.
Hilol yoʻngan oydin qalamim ila
Elga xizmat qilsam, men uchun shu – baxt.

Oʻkinmang, doʻstlarim,
Yozmasangiz ham,
Safda turganlarning sobit birisiz.
Yurt yukin yelkaga olganingiz dam,
Shubhasiz, shu elning muharririsiz.

Neki xato boʻlsa – qilgaysiz tahrir,
Tuzatgaysiz – neki boʻlsa gar gʻaliz.
Davr kitobini yozyapmiz, axir,
Shu xalqning ishongan muharriri – biz!

Qogʻozga tusharkan koʻngil uchquni,
Ekranlar yorishib, ziyoga toʻlgay.
Demak, har kunimiz – Matbuot kuni,
Demak, har kunimiz muborak boʻlgay!

26.06.2019

Goʻzal sheʼriyatda ifodalangan dil soʻzlari orqali — Gazeta, radio, oynai jahon…  vebsayt, nashriyot va matbaa, axborot xizmatlarida ishlayotgan barcha kasbdoshlarimizni Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan samimiy qutlaymiz!

PODELITSYa

OSTAVTE OTVET

Please enter your comment!
Please enter your name here