Qadimiy turkiy tilni oʻzida ifoda etgan bebaho durdona ikki kitobdan iborat “Qisasi Rabgʻuziy” asar muqaddimasida aytilishicha, qoʻlyozma Xorazmda Rabotoʻgʻuz degan joyning qozisi Burhonuddin oʻgʻli Nosiruddin tomonidan musulmon dinini qabul qilgan, eʼtiborli moʻgʻul beklaridan hisoblangan Nosiruddin Toʻqbugʻaning iltimosiga koʻra yozilgan.
Mavlono Nosiruddin Rabgʻuziy asarni deyarli bir yillik tinimsiz mehnatdan soʻng hijriy 710 yilning Hut (melodiy 1310 yil 21 fevral-21mart) oyida nihoyasiga yetkazadi. Bu haqida qoʻlyozmaning soʻzboshisida yaʼni, Rabgʻuziyning oʻzi tomonidan yozilgan birinchi kitobdagi muqaddimada keng qamrovli sharh berilgan.
Bu asar XIV asrning boshida yaratilgan boʻlsada, hamon oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Sharqona falsafamizga, milliy qadriyatlarimizga hamoxangligi bilan dillarni ravshanlashtiradi.
Asarning birinchi kitobidagi “Bayt. Bahoriyot. Mavlono Nosiruddin Rabgʻuziy:” sarlavhali sheʼridan navroʻzi olam oʻsha davrlarda ham qadrli qadriyat boʻlganini anglaymiz:
Kun hamalga kirdi ersa keldi olam navroʻzi,
Kechdi bahman, zamharir qish qolmadi qori buzi.
Bu misralarda zamharir qish kechdi, buz(muz) va qor ham ketdi, bahman(ilk bahorda keladigan qattiq sovuq) kechdi, hamal kelib navroʻzi olam oʻzligini namoyon qildi, deyilmoqda.
Darhaqiqat, bu kitob sharqona qadriyatlarimizga hamohang. Rivoyat va hikmatlar esa xalqimiz hayotining mazmun-mohiyatini, ezgulik, yahshilik, mehr-oqibat ila yashashga intilishini anglatadi. Paygʻambarlar haqidagi rivoyatlarning har birida esa katta hikmat bor. U ezgulikka, diyonatga, iymonli boʻlishga chorlaydi.
Asarda navroʻzi olam tasviri personaj tilida shunday ifodalanadi: “ Ey, ota, issiq kunlar boshlandi. Bugun Kun otli sulton Hut otli qishlovdan Hamal otli yozga oʻtdi. Ulugʻvor koʻk yigʻlar, yagʻir yer kular, bulutlar yosh oqizsa, yosh oʻgʻlon onadan tugʻilgandek oshini oshab boʻlgan qora yerdan koʻkatlar unar.”
Bayt: Bahoriyot
Qad jaʼat al-azharu baʼda favtiha
Va gʻannat at tayru bi aʼlo savtiha.
Fa unzur ila aassari raxmatillahi,
Kayfa yuhyi al-arza baʼda mavtiha.
Kun hamalga kirdi ersa keldi olam navroʻzi,
Kechdi bahman zamharir qish qolmadi qori boʻzi.
Kun kelu ming koʻrki ortib tirilur oʻlmish jahon,
Tong badizlab naqshi birla bezanur bu yer yuzi.
Tong otardi esnayur toʻrt bulungdin shamol, ziyo,
Kin tuzar kindik yipor yizlanur yobon yozi.
Yorligʻi yepkun- bagʻirdin obugʻi yashil, qizil,
Orasi butoq, yaburgʻoq, tol chechaklar tub tuzi.
Oʻrlasa bulutlari gulchirar bogʻu boʻston,
Tol yigʻochlar yeng solishur oʻynayurtek qoʻy-qoʻzi.
Kirshani qor qani englik boqsa togʻlar suvrati,
Toʻngligʻi tangsuq yipordan Rum xitoy atlas, choʻzi.
Lola sagʻroqin icharda sayrar usrub sanduvoch,
Turna un tortib oʻtarda sakrashur baqlan qoʻzi.
Koʻkda oʻynar qoʻl solishur qoʻgʻu qoz qarguloch,
Yerda yugrubjuft olishur os, tiying, qish kunduzi.
Tol yigʻochlar minbarinda toʻti qush majlis tutar,
Qumri bulbul, muqri boʻlib un tuzar tun kunduzi.
Yagʻiz yer, koʻk mengizlik yashnayur maydon boʻlib,
Ogʻrushim oytak chechaklar tegrasinda yulduzi.
Huri in ujmoh ichinda yeng solib tahsin qilur,
Yoz uza mundogʻ gʻazallar aymishda Nosir Rabgʻuziy.
Asarning nihoyasidagi satrlar: «Ulugʻ parvardigor podshohi olamning tavfiqi bilan Rabgʻuziy qissasi muborak oyning 27-kuni chosht vaqtida Ollohi taoloning raxmatini umid qilgʻuvchi zaif xoji Muhammad Vaziriyning qoʻli ila tamom boʻldi. Ollohi taolo ularning gunohlarini kechirsin va qabrlarini munavvar qilsin. Ey Olloh, bu kitobni yozgan, uni eshitgan va bu kitobga nazar solganlarning gunohini kechir!»
Yasharish, poklanish ayyomi Navroʻzi olam kunlarida duolarni mustojab boʻlishini biz ham Ollohdan soʻrab qolamiz.
Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist
Nodira Saʼdullayeva, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi