OʻGʻIL OʻSSIN OʻGʻLON BOʻLIB…

0
513
marta koʻrilgan.

Umr oʻtgan sari kishi ota-onaning qadrini yaqqol seza boradi. Ayniqsa, oʻgʻil bola tarbiyasi oʻta masʼuliyatli ish ekanligini his etganimiz sari ota-bobolarimizning tarbiya usullari eʼtiborimizni tortaveradi.

Ogʻir vaziyatga tushganimizda ular nima qilgan ekan, deya yana oʻtmishimizga xayolan murojaat qilamiz. Bu har bir insondagi tabiiy tuygʻu boʻlsa ajab emas. Unday paytlarda ajdodlarimizning har bir soʻzi, har bir harakati sogʻlom farzand tarbiyalashga qaratilganini anglaymiz. Eng asosiysi, bola bilan birga boʻlishga iloji boricha koʻproq vaqt ajratish kerakligini tushunib yetamiz. Bola bilan birga boʻlish uchun qancha vaqt ajratayapmiz? U bilan muloqot qilishni bilamizmi?

Bu borada ajdodlarimizning aytgan oʻgitlari bejiz emas. Bolaga bir yoshgacha bekdek, 10 yoshgacha quldek, 10 yoshdan oʻtgach doʻstdek muomala qila bilish kerak ekan. Biz ota-onalar koʻpchiligimiz ana shu ikki maslahatni eplay olamiz. Biroq uchinchisini bajara olmayapmiz.

Agar eʼtibor bersangiz, «Ey, bolaning ishi nima boʻlardi, chala-chulpa, undan koʻra oʻzim qilganim maʼqul» degan soʻzlarni koʻp eshitamiz. Lekin bu oʻrinda biz koʻpincha farzandlarimizni emas, oʻzimizni asablarimizni, osoyishtaligimizni oʻylagan boʻlamiz. Bolalarni mehnatga oʻrgatish uchun esa ular bilan yonma-yon turish, birga ishlash lozim. Birga ishlash, oʻrgatish kattalar uchun ham sinov – bu sabr-toqat, intizom, qunt degani.

Eslayman, rahmatlik otamiz bitta mix qoqsa-da, biz bolalarni yoniga chorlardilar. Mehnat taʼtiliga chiqsalar uyni taʼmirlardilar. Usta chaqirmasdilar. Yetti oʻgʻil bilan oʻzlari bajarardilar. Qurilishda biz qizlarga ham munosib ish topardilar. Faqat bir marta qoʻshimcha uy qurganimizda gʻisht teruvchi usta yolladilar.

Pul berganmiz, oʻzi ishlayveradi, degan tushunchani xayolingizdan chiqaring. Yonida turib, gʻishtni olib berib tursangiz, unga madad boʻladi, yanada pishiq va puxta ishlaydi. Shundagina uy koʻngildagidek chiqadi, deya oʻrgatardilar. Endi bilsak bolalarni mehnatga, hunarga oʻrgatib, hayotga tayyorlab borgan ekanlar. Koʻzi pishgan bola hech boʻlmasa uy qurish haqida tasavvurga ega boʻlib boradi-da.

Qishloqlarda bolalarni mehnatda toblash, hayotga tayyorlash aniqsa eʼtiborga molik. Baʼzilar qishloqda bola tarbiyasi oson deyishadi. Aslida u yerda bolalarni mehnatsevarlikka oʻrgatadigan muhit bor. Yaʼni, mehnatga oʻrgatish anʼanalari deyarli shakllanib ulgurgan. U yerlarda imorat tiklash, toʻy-xasham, yigʻim-terim pallalari hashar yoʻli bilan oʻtkaziladi. Kattayu kichik chorlanadi. Hasharlar qishloq ahlini totuvlikka chorlash bilan birga bolalarni mehnatda toblab boradi. Shuning uchun ular mehnatga, elga qayishuvchan boʻlib ulgʻayadilar.

Shaharlarda esa, ayniqsa, koʻp qavatli uylarda oʻgʻil bola tarbiyasi bilan shugʻullanish oʻta murakkab. Chunki, u yerda muhit yoʻq, anʼanalar shakllanib ulgurmagan. Baʼzilar baland qavatli uylarda oʻgʻil bolalarga ish yoʻq deyishadi. Aslida ular qishloqqa qiyoslab shu xulosaga kelishadi. Agar eʼtibor berishsa, ish keragidan ham koʻp. Chilangar (slesar) chaqiramiz. Shu uyda bir umr yashab kelayotgan ota-yu oʻgʻil  uni taʼmirlashni bilmaydi. Hatto shunga harakat ham qilmaydi. Nega? Chunki uni oʻrgatuvchi kishining oʻzi yoʻq. Yana bir misol: oddiy ohaklash, ranglashni oling. U qanday amalga oshiriladi? Koʻpchilik buni bilmaydi. Koʻp qavatli uylarning yoʻlaklariga kirsangiz aftiga qarab boʻlmaydi. U yerda qancha oʻgʻil bola voyaga yetyapti?! Ularning kuchlari birlashtirilsa, kimdir bosh-qosh boʻlsa, arzimagan pul ekaziga yoʻlaklarni guldek yasatib qoʻyish mumkin.

Kattalar gohida ertadan kechgacha takasaltang yuradi, deya bolalardan nolishadi. Biroq, ularni toʻgʻri oʻzanga sola olmayotgan oʻzlarining bilimsizligiyu tashabbussizligi ekanligini tan olishmaydi. Chunki kattalar oʻz holicha yashaydilar, kichiklar diliga yoʻl topishga intilmaydilar. Koʻp qavatli uylarda yashovchilarga bolalarni birlashtiradigan, mehnatga oʻrgatadigan urf-odatlar, anʼanalar yetishmaydi, dedik. Bir soʻz bilan aytganda, mustaqillik inʼom etgan tadbirkorlik yetishmaydi.

Hozir mahallalardagi baland qavatli uylarda yashayotgan bolalarga alohida eʼtibor kerak. Agar mahalla qoʻmitalari oʻquvchilarni yigʻib, ularga ustoz tayinlab, taʼmirlash ishlarini amalga oshirsa yomon boʻlmas edi. Bolalarda mehnatga muhabbat tuygʻusi shakllanardi, kasb oʻrganardi hamda uylarimiz saranjom-sarishta boʻlib qolardi. Aynan shu ishlarni mahalla kengashlari amalga oshirishi lozim deb hisoblaymiz. Bolalar maydonchalarini kezib chiqsangiz axlatga toʻlaligini koʻrasiz. Hashar uyushtirish kimni vazifasi xalq tili bilan aytganda «domkom»larning mahalla kengashi bilan birgalikdagi vazifasi  u anʼanaga aylansa maʼqul boʻlardi. 

Oʻzim guvoh boʻlgan bitta misol: mahallada katta-kichik bolalar oʻzicha futbol oʻynashardi. Har kuni qiy-chuv: birining burni qonagan, biri ikkinchisini xafa qilgan. Qirqni qoralagan farzandsiz bir  kishi ularning boshini biriktirdi. Ikki komanda tuzib, futbol oʻynay boshlashdi. Bolalar uni yaxshi koʻrishardi va hurmat qilishardi. Baʼzi otalar esa havas qilish, undan minnatdor boʻlish oʻrniga masxara qilishardi. «Kap-katta odamning bolalar bilan toʻp tepishini qarang» degan kinoyali gaplar boʻlardi. Axir, siz ajratmagan vaqtni sizning bolalaringizga begona ajratyapti. Albatta, u hurmatga loyiq, baʼzilar esa buni tushunishni xohlashmaydi. Savobni qarang-ki, shu odamga Olloh qirqdan oʻtgandan keyin ketma -ket oʻgʻil-u qizlar inom etdi.

Biz farzandlarimizning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi hamda ularga  hunar oʻrgatish uchun nima qildik? Kelajakda kundalik turmushda kerak boʻladigan qaysi kasbni oʻrgatdik? Ota-onalar hech shu savollarni oʻziga berib koʻradimi? Keling, shu savolni oʻzingizga berib koʻring. Agar eʼtibor bersangiz Kaykovusning «Qobusnoma»sida hamda «Temur tuzuklari»da bolaga hunar oʻrgatishga alohida urgʻu berilgan. Davrlar oʻtishi bilan hunarlarning turi biroz oʻzgargan. Mohiyat esa oʻsha, oʻsha!

Uy-joy shirkatlari, mahallalar va tashabbus koʻtarishi lozim boʻlgan ota-onalar bu borada bir oʻylab koʻrishsa maqsadga muvofiq boʻlardi. Ayni pandemiya pallasi koʻp qavatli uylardagi 10 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan bolalar nima bilan shugʻullanayaptilar? Ular bekor, biroq nega uylarning yoʻlaklari, hovlilar, bolalar maydonchalari qarovsiz yotibdi. «Oʻnga kirding, songa kirding» deydi xalqimiz. Biz kattalar yosh kuchlardan oqilona foydalana olmayapmiz.  Lekin namuna qilib koʻrsatsa boʻladigan tajribalar ham yoʻq emas.

Aziz ota-onalar, mahalla yetakchilari, pedogoglar bu borada yana bir bor oʻylab koʻring. Sizlardan tajribangiz va anʼanalaringiz haqida hikoya qiluvchi maktublar kutib qolamiz. Va saytimizda yoritib boramiz.

Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.