Oila muqaddas dargoh yohud Mehnat insonni tarbiyalaydi

0
1346
marta koʻrilgan.

Oila Vatan ichidagi kichik maskan. Unda yurt kelajagi, oila istiqboli voyaga yetadi. Salohiyatli farzand esa Vatan tayanchi. Kichik maskanning yuzi — koʻzi! Shuning uchun bola tarbiyasi katta masʼuliyatli vazifa.  Bolaning har bir qadamidan, har bir yutuqidan ota-ona kabi  mutaxassis tarbiyalayotgan kishilar ham cheksiz quvonadi. 

 Mamlakatimiz Prezidenti kabi respublikamizdagi har bir tashkilot yetakchilari  yoshlar tarbiyasiga, ularning salohiyatli kadr boʻlib chiqishiga alohida eʼtibor beryapti.

Raximboy  Ahmatjon oʻgʻli Rossiya oliy dargohini tugatib ishga tushganiga endigina 3 yil boʻldi.  Ish joyidan bir necha ragʻbatnoma oldi. Endi esa ota-onasiga raxmatnoma  kelibdi. Ukam Ahmadjon va Shirinjonlar oilasida ana shunday quvonch. 

Buni yozayotganimga sabab Ahmadjonning  tarbiya usulini gapirmoqchiman.  Hali quyosh chiqmasdan bolalarini uygʻotardi, yugirtirardi, oʻtirib-turgʻizardi, turnikka osiltirardi.  Soʻngra hovlining moʻjazgina  tamarqasidagi ekin-tikin parvarishi bilan band boʻlishardi. Tamorqada roʻzgʻorda kundalik ishlatiladigan barcha dala mahsulotlari  bor edi. Ularning parvarishi bolalar zimmasida boʻlib, yana  hovli chetidagi tovuqxona, qoʻyxona, qoʻyonxonalarni tozalash, jonivorlarga yemini berish ham ularning vazifasi edi.

Gohida Shirinjon ukamning qattiqqoʻlligidan shikoyat qilib qolardi.

– Bizning ota- onamiz ham ana shunday mehnat orqali tarbiyalagan.  Roʻzgʻorda hammaning oʻz burchi, vazifasi bor edi. “Bugungi mashaqqatli mehnating roʻzgʻorga foyda keltirsa, ertaga oʻzingga daromad keltiradi” deb oʻgit berardi padaribuzrukvorimiz. Yana  otamiz rahmatlikning bir soʻzi bor edi. “Katta arava  qayerdan yursa, kichik arava shu yerdan yuradi.   Bolalarning kattasi ekanliklaringiz Sizlarga ikki hissa masʼuliyat yuklaydi,” derdilar. Biz akam ikkalamiz oʻn bir farzand tarbiyalangan oilaning kattasi edik.   Koʻrib-turibsiz hammamiz sogʻlommiz, durkunmiz. Jamiyatda oʻz oʻrnimizni topganmiz. Oilaga, el- yurtga munosib hizmat qilib kelyapmiz. Sizning ham bosh  oʻgʻlingiz zimmasida masʼuliyat katta, shuning uchun chayir boʻlib oʻsishi kerak.  Qoʻyavering,  mehnat ham tarbiya vositasi, deya koʻngil berardim.

Mana bugun ular mashaqqatli mehnatining samarasini koʻrishyapti.  Men bilan quvonchini ulashdi. “Bunda sizning ham hissaningiz bor, Toshkentda kollejda oʻqib yurganida otaliqqa olgandingiz”, deya SMS orqali maktub yoʻllabdi.

 Men esa ushbu maktub bahona oilaviy qadriyatlardan, bola tarbiyasidan  bir shingil gapirdim. Shu kunlarda agar padaribuzrukvorimiz boʻlganida toʻqsonbesh bilan  yuzlashayotgan boʻlardilar. Afsus,  erta ellik toʻrt yoshida boqiy olamga oʻtdilar. Oxirati obod boʻlib joylari jannatdan boʻlishligini Ollohdan soʻrab qolaman.

Raʼnojon ZARIPOVA,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.