Sharifa Salimova: MARSIYa
Sirojiddin Sayyidning onasi Xolbibi aya xotirasiga
Bir munis, bir dilkash, sirli tor ketdi,
Ketganda ham sokin, beozor ketdi.
Togʻlar koʻz yosh toʻkdi, yigʻladi osmon,
Dunyoning koʻksidan bir bahor ketdi.
Ona! Qaylardasiz?! Bu yolgʻon tushdir…
Qayting… Oʻrtanishlar, oh, bekor ketdi.
Tobut orqasidan ingrar koʻchalar:
– Biz izlarin oʻpgan baxtiyor ketdi.
Onam kovushlari… mungrayib qoldi.
Ayt, dunyo, u nedan umidvor ketdi.
Onam chekkasini qumsar rayhonlar,
Hovlini toʻldirgan xush ifor ketdi.
Koʻzin yumar chogʻi kimni izladi,
Kimning diydoriga boʻlib zor ketdi.
Ey, bevafo falak, Onam ketdimi?
Yoʻq, Alloh vasliga intizor ketdi.
Bolam, deb, yoʻlimga koʻz tutgan tanhom,
Jannat bogʻlariga sochi qor ketdi.
Figʻonim koʻksimni oʻtdek kuydirdi,
Oʻlim kelgach, qoʻldan ixtiyor ketdi.
Farogʻat Xudoyqulova: UNING OʻZI— ULUGʻ VATAN
Ustoz Sirojiddin Sayyidga
Bardoshning shoʻx shamolida,
Yelpinib oq roʻmoli,
Onam — toʻlib-toshgan daryo,
Uchqur-uchqur xayoli.
Botmon-botmon dardni yengib,
Oʻtayotgan onamku.
Saratonning sabridan gul,
Tutayotgan onamku.
Chaqmoq chaqib, yomgʻir yogʻsin,
Sogʻinch kulsin koʻnglimda.
Tushlarimda emas, ey voh,
Poyin oʻpay, oʻngimda.
Soʻz yoʻlida eʼtiqodim,
Orim uchun kurashdim.
Koʻksimga u yoqqan oʻtni,
Oʻzgalarga ulashdim.
Yulduzlarni tanitganda,
Toleʼimga qoʻndi baxt.
Uning oʻzi— ulugʻ Vatan,
Pok dargohi — muhabbat.
Issiq nonday diydorini,
Tilab yetgan yoʻllarim.
Dard muzlatgan kaftlarini,
Isitsaydi qoʻllarim.
Yayrasaydim, shodligimning,
Bogʻida bogʻbonim bilan.
Mushfiq elim davronida
Eng buyuk sarbonim bilan.
GUJUM.UZ tahririyati ham ustoz maqomiga erishgan Sirojiddin Sayyidga onasi Xolbibi aya vafoti munosabati bilan taʼziya bildiradi. Xolbibi ayaning oxirati obod boʻlsin. Ustoz shoirga va yaqinlariga sabru jamil tilaydi.