Uyda ota-bola suhbatlashib oʻtirar edi, toʻsatdan kimdir eshikni zarda bilan taqillatibdi. Oʻgʻil eshikni ochibdi. Gʻazabnok bir kishi turgan ekan. U ichkariga kirib na salom bermay, na alik olmay cholga qarab baqira ketibdi:
– Allohdan qoʻrqing! Qarzlaringizni qaytaring. Uzoq yillar kutdim. Sabr kosam toʻldi. Pullarimni bering! – debdi…
Otasining bunday noqulay ahvolga tushib qolganidan oʻgʻil xafa boʻlibdi, koʻzlaridan yoshlari quyilibdi. Soʻng kelgan kishidan: – Otamning sizdan qancha qarzlari bor? –deya soʻrabdi. Kishi: – Toʻqson mingdan oshiq. Oʻgʻil: – Otamni oʻz hollariga qoʻying, pulingizni men beraman. –debdi-da xonasiga kirib ketibdi.
Oyliklaridan tejab yigʻayotgan yigirma yetti mingi bor edi. U bu pullarni, oʻzi sabrsizlik bilan kutayotgan toʻyiga yigʻayotgan ekan. Lekin, otasining gʻamini aritishni ustun deb bilibdi. Pullarni olib chiqibdi va:
– Mana, oling. Xudo xohlasa qolganini ham tez orada toʻlaymiz, – debdi.
Bechora ota yigʻlab yuboribdi va qarzini soʻrab kelgan kishidan, pullarni oʻgʻliga qaytarishini soʻrabdi. Bu pullar oʻgʻliga juda zarurligini, uning hech qanday aybi yoʻqligini aytib yolvoribdi. Pullarni olgan kishi cholning gaplarini eshitmay xonadan tezda chiqib ketibdi. Oʻgʻil ketidan chiqibdi va pullarni oʻzida olib qolishini, otasiga boshqa qarz masalasida murojaat qilmasligini, oʻziga aytishini iltimos qilibdi.
Soʻng otasining yoniga kelib, uning peshonasidan oʻpib: – Otajon! Bu pullar sizdan aziz emas! Qolgan ishlar vaqt-soati bilan boʻladi, – debdi.
Qari ota oʻgʻlini quchoqlab, oʻpib qoʻyibdi: – Alloh sendan rozi boʻlsin oʻgʻlim! Ishlaringni oʻnglasin! Xatolaringni kechirsin! Biringni mingga aylantirib, qut-baraka bersin. Uyingni nurga, bugʻdoyga toʻldirsin!
….Ertasi kuni yigit terga botib ishlar ekan, anchadan beri koʻrishmagan doʻstlari yoʻqlab kelishibdi. Salom alikdan soʻng ularning biri: – Doʻstim, kecha boy-badavlat, katta tadbirkorlardan boʻlgan bir tanishim bilan suhbatlashgan edim. U mendan ishonchli, omonatdor, xulq-atvori goʻzal, xolis va ishini uddasidan chiqadigan qatʼiyatli odam topib berishimni soʻradi. Men sendan boshqa bunday sifatlarga ega insonni tanimayman. Nima deysan shu ishga kirishasanmi? Kel hoziroq ishdan boʻshagin-da, kechki tomon oʻsha tadbirkor bilan uchrashamiz.
….Yigitning koʻzlari quvonchdan porlab ketibdi: – Bu otamning duosi! Allohga hamd boʻlsin, ijobat qildi. –debdi.
….Kechqurun katta tadbirkor bilan uchrashuv boʻlibdi. Yigit maʼqul kelibdi. Undan qancha oylik olishini soʻrabdi. Yigit: – Oyligim 4970 -debdi.
Tadbirkor: – Ertaga ertalab borib, ishdan boʻshab kel. Bugundan eʼtiboran oyliging 15 000. Qoʻshimchasiga daromadning 10% i seniki boʻladi. Shinam uy-joy, zamonaviy mashina va olti oylik maoshingni senga inʼom qilaman. Ust-boshingni toʻgʻirlab olasan.
….Yigit quloqlariga ishonmabdi. Oʻzini tutib turolmay yigʻlab yuboribdi. Tadbirkor undan yigʻlashining sababini soʻrabdi. Yigit ikki kun avval boʻlib oʻtgan voqeani soʻzlab beribdi. Yigitning gaplarini eshitgan tadbirkor qolgan qarzlarini ham qoplabdi.
Dildora MAVLYANOVA tayyorladi.