Ota-onangga rahmat, oʻzbek oʻgʻloni Bahodir!

0
297
marta koʻrilgan.

Bugungi davr, bugungi kun Bahodirlarning kuni! Bugungi yoshlar  haqida qancha gapirsak shuncha oz! Baxodir bilan onasining hamda ustozining TVdagi suhbatini eshitib, avvalo ota-onasiga raxmat keltirayotgani bilan faxrlandim.

Ijtimoiy tarmoqlarda hayot yoʻli aks etgan videolarni koʻrib, beixtiyor etim jimirlab, qalbim faxrga toʻldi. Olimpiada maydonida Oʻzbekiston bayrogʻini baland hilpiratib yigʻlaganlarida-chi? Meni ham koʻzimdan yoshlar toʻkildi. Ha, bu gʻalaba oson kechmaganini yurak-yurakdan his qildim. Menga-ki, shunchalar taʼsir qildi, onasining koʻnglidan nimalar kechayotgan ekan, degan fikrlar oʻtdi xayolimdan.

 TVda Bahodirning otasi haqida chempionning ustozi juda  ham hurmat-eʼtibor bilan gapirdi. Ularning soʻzidan «Isomiddin akaning oʻzi ham polvon boʻlgan, sambo boʻyicha sport ustasi edi. Yolgʻiz oʻgʻli Bahodirni bolaligidan sportga olib bordi, u chempion boʻlishi uchun borini berdi», degan fikrlarni angladik. «Bola onaning  tunlarni bedor oʻtkazib, bergan oq suti va otaning odobi ilmi bilan ulgʻayadi», -degan allomalarning soʻzlari  keladi beixtiyor xayolingizga.

Xushnudbek. uz kanali shunday yozadi:  Isomiddin aka 2015 yili ogʻir dardga chalindi, bosh miya oʻsmasining eng ogʻir turi deb tashxis qoʻyishdi. 2016 yil Bahodir Xitoyda 3 oy tayyorlanib, Osiyo chempionatida Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Chempionatda qoʻli jarohat olgani sabab operatsiya qilindi. Aynan oʻsha kun, taqdiri azal ham oʻz hukmini oʻtkazib, Isomiddin polvon omonatini Haqqa topshirdi. Shifokorlar ruxsat bermasa ham, Bahodir oʻsha zahoti otasini soʻnggi manzilga kuzatish uchun Oʻzbekistonga qaytdi. Oʻsha yili ogʻir ruhiy tushkinlik bilan Rio Olimpiadasida qatnashgan Bahodir gʻolib boʻlolmagandi. Soʻngra Bahodir 2019 yil jahon chempioni, bugun Olimpiada chempioni boʻldi. Afsuski, Isomiddin aka bu kunlarni koʻra olmadi»

Darhaqiqat, barcha jurnalist-u blogerlar  chempionga va uning oilasiga  izzat-hurmatini bildirmoqda.

 Oʻgʻlining bugungi gʻalabasidan shodlangan barcha insonlar Bahodirning otasi rahmatli Isomiddin akaning ham ruhlari shod boʻlishidan umidvor boʻlib, haqlariga duo qilmoqda. Yaxshi oʻgʻil  na faqat ota-onasiga, oilasiga, el-yurtga rahmat keltiradi degani shuda! Darhaqiqat, qobil farzand ota-onasi tirikligida ham, vafotidan keyin ham rahmatlar olib kelaveradi. Barchamizning farzandlarimiz shunday boʻlsin, ilohim.

Otangga rahmat, Bahodir! Onangga rahmat, Bahodir! Jahon maydonida javlon urishga imkoniyatlar, imtiyozlar yaratgan yurtingga rahmat Bahodir! 

Oʻzligini topish bilan Oʻzbekistonni yana bir bora dunyoga tanitgan Bahodirlar, Oksanalar, ogʻir atletikachi Akvarlar, taekvondochi Ulugʻbeklar, erkin kurashchi Behzodlar, dzyudochi Davlatlar kabi yurtim  deya yuragi urgan har bir inson omon boʻlsin! Nega har birini koʻplikda keltirdik. Chunki ular yolgʻiz emas.

Olimpiya oʻyinlariga sportning 17 turida sportchilarimiz  71 ta yoʻllanmani qoʻlga kiritdilar. Bu oʻzbek sportchilari tarixida sport turlari soni boʻyicha rekord koʻrsatkichdir.

Prezidentimizning xotin-qizlar sportini rivojlantirishga qaratayotgan eʼtiborlari bilan Tokio-2020 Olimpiadasida litsenziya qoʻlga kiritgan ayol sportchilarimiz soni 30 taga yetdi. Bu Olimpiadalarda Mustaqil Oʻzbekistonning ayollar sportida qayd etayotgan yana bir rekordi. Albatta, olimpiadachilarning barchasi  medallar olmadi. Biroq sportchilarimiz orasida oʻz rekordini yangilaganlar,  olimpiada rekordini yangilaganlar boʻldi. Bu ham yutuq!

Jumladan, yengil atletikaning bosqon uloqtirish yoʻnalishi boʻyicha  Suhrob Xoʻjayev  71.26 metr natija qayd etib, avvalgi Olimpiadadagi chiqishini yangilab, undan yuqori koʻrsatkichga erishdi. Oʻn sakkiz yoshli sablyachimiz Zaynab Dayibekova Olimpiada qilichbozligida kuchli sakkiztalikdan oʻrin oldi, Albatta, debyutchi  yosh sportchimiz uchun bu juda ajoyib natija. Ogʻir atletikachimiz Muattar Nabiyeva dast koʻtarish mashqida Olimpiya rekordini yangilab, musobaqani toʻrtinchi oʻrinda yakunladi.

Bularning bari keyingi olimpiadada  medallar shodasi koʻpayishi  uchun umid bor  degani. Medal olishga bir pogʻona qoldi degani!

Yangi Oʻzbekistonning, yangi gʻalabalari qutlugʻ boʻlsin! Izi koʻpayaversin.

Raʼno Zaripova,  Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist!

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.