Rivoyat qilishlaricha, bir oʻrtahol kishining yetti oʻgʻli boʻlgan ekan.
Ularning olti nafari solih, roʻzgʻoriga puxta boʻlib, birgina kenjasi — oʻzi bilan bir hovlida qolganining miyasida yelvizak oʻynarkan… Otasi ham uning kelajagini oʻylab, koʻp xayolga tolarkan. Chunki uning na hunari, na daromadi va na shirin soʻzi bor ekan. Otani shu tanbal oʻgʻil hammadan koʻp tashvishga solar, uning kelajagini oʻylab qaygʻuga botarkan.
Kunlarning birida ota kenja oʻgʻilni qoshiga chorlab, shunday vasiyat qilibdi:
— Oʻgʻlim, soʻzlarimdan ranjima, zero, yettovingiz yetti tomirimsiz, sizlarni birdek yaxshi koʻraman. Ammo sening kelajaging akalaringnikidan koʻra mavhumroq. Negaki, kasb-koring yoʻq, jigarlaring bilan murosasizsan.
Shuning uchun bitta nasihatimni qulogʻingga quyib ol. Koʻnglim sezib turibdi, oilangni boqa olmay qiynalib qolishing mumkin. Sen kabilar bunday chorasizlikda darhol uyni sotib kun koʻrishni lozim topishi tayin. Agar shunday holga tushib qolsang, uyni sotishdan oldin koʻrinarli joyga bitta tandir qur. Kattagina, oqlangan boʻlsin, xaridorni jalb etadi. Meni aytdi deysan, yaxshi narxga sotasan. Bu soʻnggi oʻgitim, unutma!
Koʻp oʻtmay qariya vafot etibdi. «Qari bilganni pari bilmas», deydilar. Darhaqiqat, kenja oʻgʻil qashshoqlik girdobiga tushibdi. Chora izlab, uyni sotishga qaror qilibdi. Shunda otasining vasiyatini eslab, aynan «yaxshi narxga sotasan» degan vaʼdasi uchun tandir qurishga kirishibdi.
Tandir qurish kuzning namchil kunlariga toʻgʻri kelibdi. Tandirning supasi uchun guvalalar quyibdi-yu, quriguncha besh kun oʻtibdi. Loy qilishga yomgʻir bois yana uch kun ketibdi. Suvoq qilish, quritish va yana suvash… Tandirni oʻrnatish uchun qoʻni-qoʻshnilarni yordamga chaqiribdi. Endi bitirdim deganda yana yogʻingarchilik boʻlib, oqlash uchun qurishini kutibdi. Xullas, bitta tandirni roppa-rosa bir oyda qoʻldan chiqaribdi.
Tayyor boʻlganida esa… tandirga qarab oʻyga tolibdi: «Bitta tandirni qurish uchun shuncha mashaqqat chekdim, shuncha vaqt sarfladim. Otam butun boshli bu uyni ne hasratda, qancha mehnat evaziga qurgan ekan-a? Yillab yelkasi yagʻir boʻlib bino qilgandir. Men esa… bir kunda sotib yoʻq qilmoqchiman. Yoʻq, bunday boʻlmaydi!».
Shunday qilib, oʻgʻil uyni sotmabdi. Turmushning zoʻridan mehnatga, akalaridek oilasiga bosh boʻlishga oʻrganibdi, non yopib, hayot kechira boshlabdi. Roʻzgʻoriga asta-sekin baraka kiribdi. Har kuni tandir toʻla nonlar yopilibdi…
Qari bilganni pari bilmas deganlari shu-da! Xalqimiz bejizga «otalar soʻzi — aqlning koʻzi» deyishmaydi.
gujum.uz