Atoqli shoirimiz Oʻtkir Rahmat qutlugʻ yosh boʻsagʻasiga yetib kelguncha koʻp qirrali mehnat faoliyatini sidqidildan ado etib, moʻjizakor sheʼriyat olamida ham yuksak isteʼdodini namoyon qila oldi. Oʻnlab sheʼriy majmualarini nashr ettirdi. Uning kitoblariga kirgan sheʼrlarida oʻziga xos yoʻli, betakror soʻzi va ovozi borligi oʻquvchi koʻnglini rom etadi. Tomchida quyosh aks etgani kabi men ramziy maʼnoda uning uch sheʼri misolida tiniq tuygʻularga limmolim sheʼriyati haqida ikki ogʻiz soʻz aytmoqqa jazm etdim.
“Vatan” deb ataluvchi sheʼrida shoir bor vujudi bilan ona yurtga mehru muhabbatini, sevgisini samimiy satrlarda tarannum etadi. Odam bolasi uchun kindik qoni toʻkilgan Vatan tuprogʻi qanchalar aziz va moʻtabar ekanligi haqida dunyodagi shoir zoti borki, toʻlib-toshib madh etgan, sheʼr yozgan, qoʻshiq kuylagan. Hammaniki har xil maʼno bilan sugʻorilgan, yurak tafti bilan sayqallangan. Lekin, hanuz bu mavzu barcha nashrlar uchun yangi, hech qachon oʻzining toʻla taʼrif-tavsifini topmagan, desak toʻgʻri boʻladi. Katta shoirimiz Oʻtkir Rahmat ona Vatanga nistaban: “Agar sen boʻlmasang menga ne hayot, Ming parcha-parchadir bu jon, bu tanim!”, deya vatanparvarlik gʻoyasini oʻzgacha bir fidoyilik bilan ifoda etadi. Vatan, ona buyuk, muqaddas! Shoir ijodida ona obrazi yaqqol koʻzga koʻrinadi. Arman shoiri Avetik Isaakyanning “Ona yuragi” sheʼrini kim ham bilmaydi, deysiz. Bu sheʼrning dovrugʻi butun dunyoga maʼlum. Avetik Isaakyan yozishlarida: “Men butun ijodimni onamga bagʻishladim”, deb alohida uqtirgan edi. Bizning dilga yaqin suyukli shoirimiz Oʻtkir Rahmat ham koʻpgina sheʼrlarini onaga, Vatanga bagʻishlagan. U mustaqil ona Vatan kuychisiga aylangan.
Shoir tabiat oshigʻi. Nabotot olamining sevguvchi bir yurak. Uning “Manzara” sheʼri fikrimizni dalili boʻla oladi. Shoir soʻz bilan jonli tabiat manzaralarini goʻyo nafis boʻyoqlar bilan diltortar qilib chizadi. Dunyo goʻzal, sehru sinoatga boy, yeru osmon goʻzalligida ulugʻ Olloh qudrati bor. Porloq quyosh, toʻlin oy, charaqlagan yulduzlar, moʻjizakor sayyoramiz alomatlari shoir tafakkurida mujassamdir. Oʻtkir Rahmat ushbu sheʼrida oʻta nafis bir holatni tasvir etadi:
Etaklarin yelpitib,
Nozlanar mayin sabo.
Jiyda guli atrini
Sepib olgan dilrabo!
Koʻtarolmas boshini,
Sehrlangan majnuntol.
Soy qoʻynida yalangʻoch
Choʻmiladi oy behol.
Shoirning “Sevinch” sheʼri hamisha navqiron, har doim yosh ishqu muhabbat haqida. Tatar shoiri Xodi Toʻxtash sevgini shunday taʼriflagan edi: “Muhabbat, ul eski narsa, lekin uni har bir yurak yanglaydi”. Oʻtkir Rahmat shoirni otashin shoir qilgan chinakam ishq mavzusida kishi koʻnglini tebratadigan bir qancha sheʼrlar ijod qildi. Unda vafo va javo, sadoqat va hiyonat oʻzaro jangga kirishadi. Shoir sheʼrlarida vafo va sadoqat doimo gʻolib keladi. U chin insoniy fazilatga, mustahkam iymonga aylanadi. Oshiq oʻzini quyidagi holatda ekanligini aytadi:
Sutday oqshom qoʻynida,
Vasling umidida zor,
Seni intiq kutarman
Sahargacha men bedor,
deb zorlanadi va maʼshuqaga uqtiradi:
Oqmoqda-ku umrimiz,
Bu tinimsiz soydayin.
Qoʻshiqlari turfa xil,
Nola qilar naydayin.
Sheʼrning yakunida lirik siymo sevgilisiga eʼtiroz bilan iltijo qiladi, oxirida pushaymon boʻlmaslikka chaqiradi:
Gʻaflatda qolib bir kun,
Izlab dema:-Qaydasiz?!
Umr oʻtib ketgan soʻng,
Bilsang, bari foydasiz!
Doʻstimiz, ajoyib shoir Oʻtkir Rahmat ayni paytda yetarli hayotiy tajribaga erishib, donishmandlik rutbasini boshidan kechirmoqda.
Nurlangan qalami qaynoq qalbidan otilib chiqayotgan pokiza tuygʻularini oq qogʻoz yuzasida muhrlamoqda. Misli koʻrilmagan milliy mustaqillik sharofati bois hayotimiz kundan-kunga yuz ochib, ozod va obod Vatanimiz abadiylik sari dunyo boʻylab shahdam bormoqda. Mehnatkash va zaxmatkash, xalqparvar, maʼnaviyat va maʼrifatparvar, muhtaram yurtboshimiz aytganidek, dunyo havas qiladigan adabiyotimiz ham, sanʼatimiz ham albatta boʻladi. Erkin xalq turmushi, joʻshqin hayot goʻzalliklari bugungi zamondosh shoirlarni katta ijod maydoniga chorlar ekan, doʻstim, yirik shoir Oʻtkir Rahmat haqidagi soʻzimni ulugʻ piru komilimiz, ilohiy ilhom sohibi, Mir Alisher Navoiyning quyidagi naqli bilan tamomladim:
Lutfu tarovat nechakim gulda koʻp,
Hasratdan gʻulgʻula bulbulda koʻp.
Manba: OʻzA