Oydin Xojiyeva: «Oʻzingga qaytaman, Onajon tuproq…»

0
278
marta koʻrilgan.

Oʻzbek sheʼriyatining yorqin yulduzi, Oʻzbekiston xalq shoiri, nozik taʼb inson, mehribon ustoz Oydin Xojiyeva bugun 81 yoshida boqiy olamga oʻtdi. « Oʻzingga qaytaman, Onajon tuproq…» nomli sheʼrida  taʼkidlaganidek 14 may 2023 yil  onajon tuprogʻiga qaytdi.

Oʻzingdan bunyodman, oʻzing-la tirik,

Bir dona gul boʻlib yoki bir yaproq,

Oʻchgan chirogʻingga tola nur boʻlib,

Oʻzingga qaytaman, onajon tuproq.

Baxmalday toʻshalding yurar yoʻlimda,

Sodiq hamroh boʻlding oʻngu soʻlimda,

Qatra shabnam boʻlib yo qatra yomgʻir,

Oʻzingga qaytaman, onajon tuproq.

Sen oʻzing olasan ogʻriqlarimni,

Tugal oson qilib borliqlarimni,

Baxtga evirasan zorliklarimni,

Oʻzingga qaytaman tabibim – tuproq.

Seni sokin koʻrsam, osuda koʻrsam,

Bogʻu rogʻlaringni avjida koʻrsam,

Yuragingni marom-mavjida koʻrsam,

Bagʻringda niholday yozaman yaproq.

Goʻzal qizlarimning bol xandasiday,

Qizil atirgullar alangasiday,

Hamalning bulbuli xonandasiday

Oʻzingga qaytaman, onajon tuproq!

Oydin Hojiyeva 1942 yili Navoiy viloyati, Qiziltepa tumani, Boʻston qishlogʻida tugʻilgan. 1966 yili Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetini tugatgan. Shoira va publitsist  koʻp yillar «Sharq yulduzi», «Saodat», «Gulxan» jurnallarida ishlagan. 20 dan ortiq sheʼriy toʻplamlari nashr etilgan. “Shabnam” (1970), “Manzillar” (1971), “Men sevgan qoʻshiq” (1972), “Zarkokil qiz va quyosh” (1972), “Orzu guli” (1975), “Navo” (1977), “Tarovat” (1978), “Dostonlar” (1980), “Tamal toshi” (1980), “Mushfiq onajon” (1982), “Chashmalarni izlayman” (1987), “Ishonch yulduzlari” (1989), “Koʻzimning oqu qorasi” (1996), “Panohim” (1998) “Nazokat”(2007), “Shom shuʼlalari” (2011), “Tong tuhfalari” (2012),   singari toʻplamlari nashr etilgan.

Adabiyotshunos olim, Oʻzbekiston Qahramoni  Ozod Sharafiddinov “Mehr tolasidan eshilgan baytlar” maqolasida shoiraning ijodiga shunday tavsif beradi: Uning lirikasida Buxoro zardoʻzining jilolari, Buxoro kimxobining tovlanishlari, Buxoro qorakoʻlining jozibador qoʻngʻiroqchalari, Buxoro tor koʻchalarining betakrorligi, Buxoro  maydonlarining muazzamligi ufurib turganday boʻladi».

Ustoz 1992 yilda «Oʻzbekiston xalq shoiri» faxriy unvoni, 1999 yilda Oʻzbekiston xalq taʼlimi aʼlochisi hamda «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan. Bu eʼzoz va eʼtiborlar bejiz emas.  Tinimsiz mehnat, izlanish va goʻzal ijodlarining samaralaridir.

Filologiya fanlari doktori, professor Abdugʻafur Rasulov  shoira hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Mehrnoma” kitobidagi maqolasida shunday taʼriflaydi:”Yarim asrdirki, uning qoʻlidan qalam tushmaydi: maqolalar yozadi, sheʼriy, nasriy asarlar yaratadi, bosh muharrir sifatida yuzlab qoʻlyozmalarni saralaydi, “Saodat”, “Gulchehralar”ga ilinadi. Shoira tolmas targʻibotchi: adabiy uchrashuvlarda qatnashadi, Yozuvchilar uyushmasi tadbirlarida ishtirok etadi. Yurt kezadi. Istiqlol samaralarini koʻzi bilan koʻradi, zamondoshlar bilan suhbat quradi”.

Uyqu qochar koʻzimdan
Xayollar qilar talosh,
Qocholmayman oʻzimdan,
Oyoqqa bogʻlangan tosh.

Uyqusirab inida
Qushlar qoʻyar chirqillab,
Tomoshabin boʻlar tun
Mingta koʻz bilan qarab.

Yoʻlni bolgʻalab yotar
Vagonlarning «taq-tuq»i.
Ilohiy sirga botar
Chashmalar oyat oʻqib.

Depsinar shamol-shotir
Daraxtlarga qoqilar.
Yuragimda xavotir
Chaqmoq chaqib, yoqilar.

“Katta ayiq” choʻmichi
Asta ufqqa ogʻadi.
Olis “Somon yoʻli”dan
Yerga kumush yogʻadi.

Qichqirar jarchi xoʻroz,
Yulduzlar bir-bir soʻnar.
Xayol koʻlida qiygʻos
Marvaridgullar unar…

Darhaqiqat, ustoz Oydin Hojiyeva shirin  uyqularidan kechib, yulduzlarni bir-bir soʻndirib, qiygʻos gullagan marvaridgullarni undirib, xalqiga, yurtiga armugʻon qildi. Yotgan joyi nurga toʻlsin, u dunyoda ichgani kavsar boʻlsin!  U dunyoda yurgan yoʻli sirot boʻlsin, jannatu Aʼlo boʻlsin!  U dunyoda ziyoratlari Paygʻambarlar majlisi boʻlsin!   Bu dunyoda nazari Allohning Kalomi edi,  u dunyoda esa  Jamoli boʻlsin!  

GUJUM.UZ cayti jamoasi ustoz Oydin Hojiyevaning turmush oʻrtogʻi, adabiyotshunos olim, mohir tarjimon, Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurovga va farzandlarilariga, shogirdi-yu doʻsti-yoronlariga  chuqur taʼziya bildiradi.

Ustozga ehtirom bilan Raʼno ZARIPOVA

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.