Oydinniso: AFV (Sheʼriy qissa)

0
470
marta koʻrilgan.

Davomi

Men endi hech kimga xotin emasdim,

maʼshuqa ham emasdim hech kimga,

muallima ham emasdim.

Faqat bir goʻdakning onasi edim.

Hayot meni bukib, sindirib, majaqladi

va ayamasdan otdi kar ona va

piyanista oʻgʻilning

arzongarov ijara uyiga.

Katalakday ikki xona.

Birida kampir va

qizilburun qiltiriq oʻgʻli yashar.

Ikkinchisida oʻgʻilcham va men.

Har kuni yangraydi bir xil kuy:

Qadah soʻzlari.

Shishalar jarangi.

Qizilburun qiltiriq oʻgʻilning

bejo nigohlari.

Vinoning, tuzlamaning,

chiqarilgan yelning badboʻyi.

Soʻkish soʻzlarning badboʻyi.

Sinayotgan idishlar jarangi.

Xurrak…

Yiqilmaslik uchun

mayda odamlarga qoqilib,

zaminga chirmashaman mahkamroq.

Qish edi oʻshanda ham.

Quyosh baxilroq edi doimgidan koʻra.

Tong oqarib ulgurmagan edi.

Tuni boʻyi uxlamagan edim.

Qoʻshni talabaning referatini yozib chiqqandim.

Shu yoʻl bilan bolamni boqardim

soʻnggi paytlarda.

Referatlar, insholar yozardim,

konspekt daftarlarni toʻldirardim.

Yozuvimni tugatib, deraza oynasiga boqdim.

Deraza ortida ishga shoshayotir odamlar.

Deraza oynasidan ojiz boqar menga

ustixonga yopishgan et.

Barmoqlarim bilan silayman uni:

“Nahot sensan shu?!

Nimang qoldi?

Chiroyingmi, gʻururingmi, vijdoningmi?

Nilufargul hidini hidlab,

shirasini soʻrib,

zavqidan mast boʻlib,

uchib ketishni unutib qoʻygan,

nilufarning yumilgan gulyaprogʻi orasida

shirasiga gʻarq boʻlib oʻlgan bolariga oʻxshab

oʻldingmi?

Nimang qoldi, axir,

ilma-teshik hayotingdan boʻlak?”

Billur guldon kabi sinib yotardim,

parchalanib, hayot poyida.

Shubhalanar hatto biri-biridan

har parcham, har sinigʻim.

Bilmasdim, qaylarda sochilib yotar

ichimdagi muattar gulim,

ichimdagi muattar dilim?!

Deraza oynasidan boqaman.

Nozima oʻtib borar mashinasida

ikki bolasi bilan.

Institutga ishga oʻtganmish.

Kafedra mudirasi emish.

Yurar edi oʻqish paytlari

itning keyingi oyogʻi boʻlib.

Qizlar boʻlar edi yodlab aytib berguvchi.

Bitta verguliyu nuqtasini ham qoldirmay

yodlar edi darslarni.

Mustaqil fikrli bir soʻz ham qoʻshmay yodlar edi.

Hatto shular qatorida ham emasdi Nozima.

Yugurib yurguvchi edi bahosini ololmay.

Patak qizning baxtini berar, degichlar

rost aytar ekan.

Qaynotasi dekan emish ishlayotgan institutida.

Deraza ortida ishga shoshayotir odamlar.

Deraza oynasidan ojiz boqar menga

ustixonga yopishgan et.

“Qayering kam ulardan?

Yoki nimang ortiq?

Ular sendan aqlliroqmi?

Yo ayyorroqmi?

Vijdonsizroqmi yo?

Haqqim yoʻq, degan eding bolalarni aldashga.

Dars berishdan bosh tortgan eding.

Aldagandan battarroq ish qilmayapsanmi endi?

Kallangning quvvatini,

bilimingni sotishdan boʻlak

ish topmadingku, baribir.

Qay yoʻl bilan sotayapsan endi?

Qay yoʻl bilan dushmanlik qilayapsan bolalarga?”

Qoʻlimdagi qogʻozlarni yirtib tashlamoqchi boʻlaman.

Qornim och edi mening.

Farishtaday uxlar edi oʻgʻilcham.

Uygʻonsa, non soʻrashini bilardim.

Yirtolmayman.

Deraza oynasiga boqaman yana.

Deraza ortida otalarining qoʻlidan tutib,

bogʻchaga shoshar edi bolalar.

Qorni toʻyib nonushta qilgan,

usti boshi yangi, oyoq kiyimi but.

Deraza oynasidan ojiz boqardi menga

ustixonga yopishgan et.

“Oʻgʻlimning qayeri kam ulardan?

Qalbim bilan uygʻun yashayman, deganding.

Qalb qoldimi senda?

Gʻurur qoldimi?

Nima qoldi?!

Nima?!”

Musht tushirmoqchi boʻlaman aksimga.

Tushirolmayman.

Singan oynaning haqqini toʻlashga pulim yoʻq.

Deraza ortida oʻqishga shoshayotir talabalar.

Referatni chiqarib berish kerak.

Pul olish kerak.

Non keltirish kerak.

Farishtaday uxlar hamon oʻgʻilcham.

Tashqariga otlanaman.

Chiqayotib xavotir ila boʻylab qoʻyaman narigi xonaga:

qotib yotishibdi.

Non olayotib,

yuragim hapriqar birdan.

Qaytayotib, yuragim qoʻymaydi meni oʻz holimga.

Negadir hech qachon yetmaydiganday

shoshilib yuguraman manzilga.

Teskari oqayotganga oʻxshar

oyoqlarim ostida yer.

Bolamning chinqirigʻi eshitilar

xonadan.

Vahimali chinqiriq!

Oʻzimdan oldin yetib kelgan yuragimning orqasidan

otliqib kiraman.

Kiramanu, koʻraman qizilburunning

tizzasiga dovur tushirilgan ishtonini…

Quturib ketar yuragimda mudrab yotgan sherlarim.

Koʻpirib ketar qonim.

Ayovsiz gʻajiyman qizilburunni

deraza raxida turgan pichoq ila.

Bir emas, ikki emas,

oʻttiz marta gʻajiyman biratoʻla…

Qoʻrquvdan dir-dir titrar bolajonim.

Holi qolmas yigʻlamoqqa ham.

Uni quchoqlab, boshini silamoqchi boʻlaman,

koʻramanki,

qoʻllarim qon!

Manglayimga boqaman: men — qotil!

Nimalar qilib qoʻydim?

Nimalar qilib qoʻydim men?!

“Axir bolam uchun qildim, —

ovutmoqchi boʻlaman oʻzimni. —

Bolasining xoʻrlanganini koʻrgan

har qandayin ona minishi mumkin

bunday gʻazab otiga”.

Lek gʻazab otining oʻzimidi u?

Faqat bolasiga mehri uchun

kurashimidi onaning?

Unda nega

avvalroq kurashmadim bu mehr uchun?

Nega otasiz qoldirdim bolamni?

Nega himoyasiz qoldirdim?!

Xastalangan ruhning

isyoni emasmidi u qismatga qarshi?

Oʻz qoʻllari bilan yaratgan

qismatga qarshi isyoni!

Tillarini chiqarib masxara qilayotgan

onalik vijdonimga,

muallimlik vijdonimga,

ayollik vijdonimga qarshi isyoni!

Onalik mehrimga xiyonat qilgan

muhabbatga qarshi isyoni!

Kulib pichoq sanchgan ishonchga

qarshi isyoni!

Va nihoyat,

nomuslarni toptovchi

odamsifat hayvonlarga qarshi isyoni!

Meni sud qildilar qotilligim uchun.

Yigirma yil umr soʻradilar.

Oldilar oʻn yilini,

oʻn yilini qaytarib berdilar oʻzimga.

Ayolligim uchun,

pushaymonim uchun,

yaxshiligim, tartibim, mehnatkashligim uchun.

Afv etdilar mening qotilligimni.

Bilmasdilar,

oldinroq sodir etgan jinoyatim uchun

Yaratganning jazosi ekanin

bu savdolar.

Bilmaydilar,

afv etilmayajak bu jinoyatlar mening ichimda

umrbod,

umrdan soʻng ham…

VII

Tashqarida shamol supurayotir

taqdir boʻlaklarini…

Vaqt tomar chak-chak.

Oʻn yilki boʻysunmay soatga

toʻxtab turgan qaysar vaqt tomar.

Dengiz sipqormakka shay bir tashnaning

qaqroq lablariga hayotbaxsh tomchi

va yoki… yaradan tomgan qon kabi.

Soat millariga boqaman:

06:00

Ikki soat qoldi, tugaydi bari,

yoki boshlanar.

Ishqilib, tugaydi nimadir eski,

boshlanar yangi.

Qirov qoʻngan kishki daraxtday

junjikib oʻtirar Sharifa doʻxtir.

Koʻzlari yumuq,

oʻychanligin oshirib koʻrsatar

oppoq, toʻzgʻin sochlari.

Nelarni oʻylar?

Bolalaridan koʻngli tinch uning.

Choli ham qarovsiz emas,

eʼtiborsiz ham emas unga.

Ishini oʻylar, ehtimol.

Osmon qora ridosin yechsa,

olam oqarsa,

mahbuslik libosini yechar Sharifa doʻxtir ham.

Kiyadi oq-oppoq doʻxtirlik libosin.

Va kurasha boshlar ogʻishmay

kursisini qaytib olmak yoʻlida.

Boʻlim boshligʻi.

Oʻttiz yillik tajribaga ega jarroh.

Qushning qanotiday yengil qoʻllari.

Unutib qoʻymagan boʻlsa bas uchishni

bu qoʻllar,

berib qoʻymayajak

Obidboyday mayda odamlarga

yirik vazifani!

Uning oʻzi aytgan buni menga.

Kitob oʻqiyotib aytgan.

“Xudo xohlasa,

bu yerdan eson-omon chiqib olsam”,

deb boshlagan edi gapini.

Ajablanib qaragan edim unga.

“Necha yoshga kirdingiz, opa?” — deb soʻragandim.

Sezgan edi Sharifa doʻxtir

qay tomon burilganin xayol oqimi.

Bir nozik sezgirlik ila sezgandi shaʼmani.

Bir buyuk dod ila,

alam ila sezgandi.

Yashirar oltmishni qoralagan yoshini.

“Oʻlgunimcha kurashaman!” — der qatʼiyat ila.

Lablarining ikki cheti osilib qolar,

ogʻirlik qilar alam.

Har narsani bilar bu ziyrak doʻxtir,

kechirimni bilmas faqat.

Kechirmadi bir xotinni

tarogʻini oʻgʻirlagani uchun.

Boshqasini

egniga loy sachratgani uchun kechirmadi.

Soʻkingani uchun kechirmadi yana birini.

Biroq madad berar har biriga

tobi qochgan pallada.

Xastaga aylangan har kas qoshida

tabibga aylanib qolar u.

Unutib turar adovatini —

Eslashda davom etar yana

xastasini tuzatib olgach.

Davom etaverar soʻzlashmaslikda.

Doʻxtir boʻlib faqat ishlagan emas,

doʻxtir boʻlib yashar u.

Kelib qolgan bu yerlarga ham

doʻxtirligi ila.

Mandat kuni ekan oʻshanda.

Xushxabarlar siylagan kun ekan

Sharifa doʻxtirni.

Kichik oʻgʻli oʻqishga kiribdi —

doʻxtirlikka!

Qizi yana nevara hadya qilibdi —

oʻgʻil!

Uyga mehmon chaqirib qoʻygan,

shoshayotgan ekan Sharifa doʻxtir.

Olib kelishibdi bir xasta qizni.

Yoshgina,

lek qartayib borar lahza sayin.

Chiroylikkina,

xunuklashib borar ogʻriq zoʻridan.

Rizqi butungina,

emas, qusar, rizqi yarimlab borar.

Ichak tutilishi.

Shunday yozilgan yoʻllanmada.

Oʻzi oʻtkazmagi kerak operatsiyani.

Mehmonlar qochmas…

Oqqush kabi oppoq,

oqqush kabi yengil,

oqqush kabi uchmakka shay ekan qiz.

Tashna ekan hayotga uning koʻzlari.

Tashna boʻlib qolar narkoz taʼsirida yumilgunicha.

Kesarlar —

bir xayrli maqsad ila

qizil qoniga boʻyarlar oqqushni.

Xavfli oʻsma!

Oshqozon devorining orqa tarafida

bir qarich bez.

Toshday qattiq, toshday berahm.

Unib chiqayotgan nihol ildizin qisib,

quritib qovjiratar toshday

qisib olgan tomirlarni…

Xasta qiz oʻrniga qoʻyib koʻrar oʻzini

Sharifa doʻxtir.

Ogʻriqdan burishib ketar yuzi.

Chidab boʻlmas qadar kuchli ogʻriqdan!

Chidab boʻlmas qadar behuzurlikdan!

Yoshi endigini yigirma beshda.

Qizi Adolat tengi.

Bolalari bordir.

Bor ekan alpqomat, gʻamxoʻr eri,

mushfiq onasi, zaxmatkash otasi.

Sharifa doʻxtirning

qushday yengil qoʻllariga bogʻlangan ularning

bor umidlari.

Qushning oyogʻiga bogʻlangan ipday.

Qanotini chaqqonroq qoqsa,

uning ila birga balandlar umid.

Nima qilsin Sharifa doʻxtir?

Bu dardni qoʻrishga qanotlari ojiz!

Nima qilsin Sharifa doʻxtir?

Qanotsiz ham dard qoʻriguvchi Xudoy emas u, axir!

Nima qilsin?

Toʻxtatsinmi operatsiyani?

Toʻxtatsa… ikki yo uch kun…

tugaydi bari.

Mislsiz azoblar ila tugaydi.

Bu azobda yashagan har lahza umri

oʻldirgay yaqinlarin bisyor umrini.

Bu azobda yashagan har lahza umri

oʻldirgay oʻzining

oʻtgan bir umrlik farogʻatini.

Davom ettirsa-chi?

Bu tavakkal ish

oʻldirmagi mumkin Sharifa doʻxtirning umrini!

Katta arteriyani oʻrab olgan axir

laʼnati berahm bez!

Qoʻli titrab ketsa nima boʻladi?

Nima boʻlar tomirga tegib ketsa?

Kesib, shifo ulashib yurgan odam

ketmasmi “kesilib” shifosiz yerga?

Bir parcha xat ham yozdirib olmabdi yaqinlaridan.

“Toʻxtatamizmi, Sharifa Aliyevna?”

Suv boʻlib ketar Sharifa doʻxtirning

shapka ostidagi

oqarmagan sochlari.

Suv boʻlib ketar diqqatga aylangan vujudi.

Axir, yoshi endigina yigirma beshda.

Qizi Adolat tengi.

Uning oʻrnida Adolat boʻlsa netardi?

Choʻkayotgan odam xasga yopishgan kabi

davom ettirmasmi operatsiyani?

Rozi boʻlmasmi ikki-uch kunlik dahshatli azobni

ikki-uch oyga taqsimlab, oz-ozdan chekishiga?

Diydorga-ku toʻyib boʻlmas.

Vido aytishga ulgurar ikki-uch oyda.

Tavba-tazarruga, rozi-rizolikka ulgurar.

Oʻlim haqidagi dahshatli

tasavvurga koʻnikmakka ulgurar.

Ulgurar xotirjamroq oyoq uzatishga…

Operatsiyani davom ettirar Sharifa doʻxtir.

Tegib ketar katta arteriyaga!..

Qizilburun kirar tushimga.

Qulflab qoʻyaman tushlarimning eshiklarini.

Tushlar darchasini sindirib,

kirib kelar oʻz qoniga belangan koʻyi.

Ojizman uni tushlarimdan haydab chiqargali.

Hayotdan haydab chiqargan esam-da.

Yurak yorgim kelar birovga.

Sharifa doʻxtirni yaqin olaman

bir qadar.

Odam oʻldirmak ila bogʻliqlik.

Kitob oʻqimak ila bogʻliqlik.

Bir kuni soʻrayman:

“Bezovta qilmasmi tushlaringizni

oʻshal qiz?”

“Yoʻq! — keskin bosh silkir

Sharifa doʻxtir. — Bezovta qilmakka haqqi yoʻq!

Uni oʻldirmadim, xalos etdim azobdan!”

Sergak tortaman.

Xayolimga kelgan oʻy sugʻurib otar

yuragimdan allanechuk ogʻirlikni.

Har kech uyga qaytib,

vujudimni nigohlar ogʻirligidan

xalos etgali,

echib qoʻygan kabi hamma koʻrgan qiyofamni.

Yo koʻksimni siqib tashlagan

simli koʻkrakqopni yechib otganday,

sugʻurib otaman yuragimdan

allanechuk bir ogʻirlikni:

“Axir men ham xalos etgan edim-ku!

Xalos etdim-ku oʻgʻlimni!

Xalos etdim-ku jamiyatni bir balo-qazodan!”

Xalos etaman tushlarimni ham

oʻz qoniga boʻyalgan Qizilburunning

tahdidlaridan.

Oʻzgacha tushlardan najot istayman,

Oʻzgacha tushlardan izlayman panoh.

Yurakka otilar tushda gulsoʻzlar:

“Sizni yaxshi koʻraman, aya!

Men sizni judayam sogʻinib ketdim!”

Chekinaman bir qadam ortga:

“Bolam, kelma bunga!

Yaqin kelma, oʻzingni qutqar!

Mendan qutqar oʻzingni, bolam!”

Faqat nafrat emas, faqat qahrmas,

gar noloyiq boʻlsang sevilishga sen,

yo noloyiqdayin his etib tursang,

mehr ham ezgʻilab, azoblab,

yuragingni burdalar ekan.

Oyoqosti qilib oʻldirar ekan!

VIII

Tashqarida shamol supurayotir

taqdir boʻlaklarini…

Vaqt tomar chak-chak.

Oʻn yilki boʻysunmay soatga

toʻxtab turgan qaysar vaqt tomar.

Dengiz sipqormakka shay bir tashnaning

Qaqroq lablariga hayotbaxsh tomchi

va yoki… yaradan tomgan qon kabi.

Soat millariga boqaman:

07:00.

Bir soat qoldi, tugaydi bari,

yoki boshlanar.

Yelkalab oʻtdimku ogʻir oʻn yilni,

Borgan sari ogʻir soʻnggi lahzalar.

Borgan sari ogʻir soʻnggi lahzalar,

va lekin… va yana baribir meni

bogʻlab turgandayin bunda nimadir.

Nimadir?

Men kun sanab har oqshom

tosh ila belgilar chizgan devorning

tunkoʻrpasin koʻtarayotir tong.

Oʻn yil bellarimni ogʻritib

gʻichirlagan bukri karavotning ham.

Borgan sari aniqroq boʻy koʻrsatayotir

oʻn yil mening yuzimga yopilib,

holi qolish va yigʻlash uchun

joy hozirlab bergan

eski roʻmolimning gullari.

Tong koʻtarayotir atay qilganday

hamxonalarning chehrasidan ham tunni.

Tobora yorqinroq koʻrinayotir

mahbuslikning gʻamgin ilk kuni

yovvoyi nigohlar, alamzada qahqahalar,

qargʻishu yovvoyi qarashlar ila

dardimga dard qoʻshib, toptab, tahqirlab,

soʻng doʻstlashib, dardimni olgan,

koʻnikib qolganim

hamxonalarning qadrdon chehrasi…

Bor-yoʻgʻi, bir soat!

Beton devorlaru temir panjara

orasida boʻgʻilayozgan

diqqinafas, kasalvand shahar

oʻz samoviy kuchin koʻz-koʻz qilar va

namoyish etadi eshik ortida

butun qudratini toʻsatdan.

Axir nima uni bu qadar

husnga toʻldirar, kuldirar?

Gʻamgin koʻzlarini bunchalar

jozibador chaqnatar nima?

Tussiz yuzlariga qon yugurtar kim?

Kim shavq berar latif yonogʻiga?

Bu hayotbaxsh tovush qaydan kelar?

Shirin entikish-la xayollar ichra

toʻyib boqarkanman shaharga,

sezamanki,

koʻrganim ERKning chehrasi,

tinglaganim kulgisi uning,

tuyganim nafasi, ozod nafasi!

Yugurib chiqadi tanish binolar,

samimiy koʻz qisar derazalari.

Naq taʼzim qilguday mehrli nigohlar,

ochilganday dillar darvozalari…

Kalamush kemirar bir nimalarni,

oʻn yilki halovatimni kemirib

kun koʻrgan kalamush.

Seskanaman bunga endi kelganday.

Koʻzlarimni yumib ochaman.

Chiqib ketayapman qorongʻulikdan,

yigʻishtirib qora xotiralarni,

lek sezib turibman

mashʼum tush,

oʻn yillik mashʼum tush

va, hatto,

undan meros dilda noxushlik

qandaydir…

qandaydir qadrdon!

Oʻz tanang qadrdon boʻlgani kabi

chandigʻiyu, dogʻlari ila.

Na quvonch, na diydor, na ozod nafas

toʻzgʻita olmas

ushbu noxushlikni tutunday,

toʻzgʻita olmas hech nima.

Oʻshal quyun ichra aylanaman men,

hamon aylanaman ul quyun ichra —

mana, mana, hozir turaru boʻron,

menga tegib oʻtar qudratli qanot,

men yana oʻshanday bevosh, beoʻlchov,

parokanda xayollar ichra

charx uraman, charx uraman,

charx uraman beayov!

Umri bitayotgan bir kimsa

Boshini kundaga qoʻygan dam

“Men seni umrbod sevaman!” deya

ichgan kabi qasam,

omonatday kelayotgan ozod nafas,

mening odamligim omonat goʻyo,

mahbusman, mahbusman, umrbod mahbus —

qamalib qolganman oʻz xotiramga!

Ozod odam yasagim kelar

oʻzimdan.

Koʻzlarimni yumib, quchoq ochaman,

bagʻrimga otilar mendan yiroqda

boʻylari choʻzilgan bolam.

Toʻyib-toʻyib hidlayman iforlarini.

Mabodo dunyoning egasi boʻlish

manglayimga bitilganda ham

his eta olmasdim bundayin baxtni!

“Moʻylablari sabza urib qolgandir?

Koʻngil qoʻygani bormikan?

Qotil onasidan or qilmasmikan?

Borsam, koʻrsatarmikan uni otasi?

“Ona” dedimikan boshqani?

Degandir?!..

Yoʻqsa, xabar olmasmidi oʻn yilda bir?”

Koʻzlarimni ochib, yumaman qayta:

Bagʻrini ochadi mendan yiroqda

hayoti eskirgan Onam.

Yonarqurtday lipillar umid,

soʻng aylanar haqiqiy choʻgʻga.

Ichki ishonch bilan oʻylayman:

“Onam sogʻingan.

Qishloqqa ketaman.

Qismatim sinigʻi kesib, tilkalab,

chandiq bosib ketgan tabassumila

kuch topa oladi u meni

jilmayib kutib olishga”.

Toʻkilib ketadi noxush oʻylarim.

Mohir musavvirday chizaman oʻrniga

naqshinkor xush xayollarni:

Birgina shams ila olamni

qizdiradi kun,

Birgina oy ila olamni

yoritar osmon,

Hamisha bor baxtli yashashga imkon!

Paypaslab, yostigʻim ostidan

topaman titilib ketgan maktubni.

Oʻqiyman takror:

“Ustoz, Sizni uzoq izladim.

Qishloqqa ham bordim,

shahar ham kezdim.

Oxir topdim, yurgan emishsiz

qaro tun bagʻrida

oppoq dogʻ kabi.

Men oʻsha Ibrohimman –

goʻdaklarning eng faqiri, siqilgani.

Bevaqt judo boʻlib ota-onadan,

suyanmakka bir xas topolmay,

turtingani, yiqilgani.

Men oʻsha Ibrohimman –

doʻstlar ila muzey aylanmakkada

oyoqlari yetmagan,

oyogʻidan chalgan kalta qoʻli.

Javob topib eng oson savolingizga,

chipta yutib olgan,

muzey tomon tushgan hayajonli yoʻli.

Men oʻsha Ibrohimman –

endilikda balandda joyim,

men – shaharning obroʻli boyi!

Qaytarmak istadim Sizga, ustoz,

muzey chiptasining pulini.

Kaytarmak istadim oʻshal quvonchni!

Faqir dilga ulashilgan boy quvonchni

qaytarmak istadim!

Siz siqilmang, ustoz,

men kurashaman!

Kurashaman erk hadya etmakka sizga!

Chiqsangiz, hech nedan kamingiz boʻlmas.”

Alangaga doʻnar yonarqurt umid:

Yer ostida yotgan urugʻni

koʻrmaydilar, qiziqmaydilar.

Parvarish qilarlar

unib chiqsa bir kuni.

Unib chiqajakman men ham ertan

urugʻday! 

Hosil berajakman sermahsul!

Xotirning koʻzlari qadalar ortga.

Koʻrinar

zaminni koʻtarib uchmakka shaydek

tuproqqa belanib qanotin qoqqan

erparchin polapon.

Akam yasagan qafas,

onam tutgan non ushogʻi-la

unga berganim mehr,

Ustozimdan tinglagan nazm ila

baxsh etganim ozodlik.

Baland-baland parvoz etar qush,

chir aylanib raqsga tushar.

Aylana-aylana banogoh

pastga shoʻngʻiy boshlar,

davom ettirguday xayr-xoʻshini.

Bir muddat havoda muallaq turar,

ikkilangan kabi.

Soʻngra qaytib kirar qafasga…

Uni yana kaftimga olib,

takrorlayman:

“Uch, uchaver, ozodsan, axir!”

Endigina ochilganday koʻk bagʻri,

ozod-ozod havolarni simirib,

erkin-erkin qanot qoqar ul qushcha.

Ucha turib balandlikda, kenglikda

dunyoga qushlarcha boqar ul qushcha.

Qushning ozodligi ila sevinaman men…

***

Sochlari jingalak juvon yotar

chetdagi karavotda.

Shirin tushni yoʻqotmakdan qoʻrqqanday

koʻz ochmay yotar.

Bilib boʻlmas uning

uxloqmi yo uygʻoqligini.

Uni ilk bor qanday qilib

qay ahvolda koʻrganim esimda yoʻq.

Ilk bor qanday suhbat qurganimni ham

eslay olmayman.

Oʻzi u bilan suhbatlashdimmi, yoʻqmi,

buniyam bilmam.

Bilganim,

qoʻzichoqning yungiday jingalak uning sochlari.

Delfin latta bilan artilgan kabi

tiniq moviy koʻzlarida

katta talab bor.

Yana toʻpalon qilar u har lahza

oʻzining borligi ila.

Oʻzining soʻzsizligi ila

shovqin koʻtarar.

Qogʻozga ham tushirgan ekan shovqinlarini

shunday soʻzlar ila:

“Men — yolgʻiz ayol.

Osmoni yoʻq oyday yolgʻiz.

Yolgʻiz tashmalayman bolalarimga yemakni.

Dehqon yerga sepib bahorda

unib chiqmagini kutgan urugʻni-da

tashmalagan chumolidayin

terib yuraman har yerdan rizqimizni.

Biroq,

boshqalarni och qoldirmas mening toʻqligim.

Aybim —

Yashirdim chegaradan sotmak uchun

mol olib oʻtayotganimni.

Yashirmasam, qoʻymas edilar.

Yashirmasam, och qolar edi,

yupun qolar edi bolalarim.

Qoʻlga tushdim

oʻn bir millionlik kiyim-kechak bilan.

Toʻgʻri, qonun taroshlar egrini, bukrini,

 asrab-avaylar toʻgʻrini.

Toʻgʻri, qonun ustun  har nedan.

Faqat inson hayotidan ustunmas!

Bolalarim hayotidan ustun emas u!

Kun oʻtar, qonunlar oʻzgarar,

Bolalarning boy berilgan umri qaytarmi?

Oqqa oʻngarilarmi

etimlikda kechgan qaro kunlari?

Qalblarida ildiz otgan norozilik

kelajakda alisharmi oʻzga urugʻga?

Bizga rahmingiz kelsin, yurtboshim!

Osmoni yoʻq oyday yolgʻiz ayol

va uning yetim bolalariga

rahmingiz kelsin!

Afv eting meni!”

Qirq besh kun boʻldi uning bunga kelganiga.

Bu tong uyiga qaytar.

Davlat pul ham berar

hayotini oʻnglamogʻi uchun.

Men tomon boshini burar

tongdan tuhfa bir tomchi –

Lola.

“Bilasizmi nima? – der u. –

Menga shafqatda ham

tahqir borday tuyular qandaydir.

Ojiz ekaningga ishora borday.”

“Sen adashding, Lola,

boshqacharoq bu shafqat turi.

Yuzi qarolarning yuzini yuvar,

qalbi qarolarning – qalbini.

Unda inonmoq bor,

suyanmoq bor.

Inonganga inonchli boʻladi odam,

Suyanganga suyagulik qadar oʻsar.

Bu shafqatda bordir tarbiya.

Oʻylab koʻr,

kaltakning kuchi bilan

yaxshi boʻlib qolarmi yomon bola?

U qoʻrqishi, taslim boʻlishi mumkin

faqat bir muddat.

Soʻng yana kurasha boshlaydi

oʻz yomonligi yoʻlida.

Biroq uning boshini silab,

“Sen hammadan yaxshisan!” deb koʻr.

Deginki:

“Yaxshiliging oʻzing bilmassan,

adashib ketarsan yomonman, deya”.

U intila boshlar shu ondan boshlab

isbotlashga oʻz yaxshiligin.

Va, albatta, yaxshi boʻlajak!”

Tong uygʻonmakda.

Boshqacharoq yorishardi avvalgi tonglar:

sovuq qorning shuʼlasi yangligʻ.

Koʻzlarini yorqinroq ochmakda bu tong.

Demishlarki,

koʻzlarda aks etajak botin.

Tunning zulmatidan sudrab chiqmakda

tongning koʻzlari

turli manzaralar ila birga

shafoatni,

adolatni,

qadrni,

badrni,

shukrni,

ERKni…

Yangi yil kiradir besh kundan soʻng.

Yangi hayot boshlanar bugundan.

Ozod odamga doʻnajak

2700 mahbusning yuragi yangligʻ

kulayotir quyosh.

Tabassumi ila oʻt qoʻymakda

zimistonga,

qahratonga,

gʻaflatga,

nafratga…

— “Hoy, qizlar, turinglar,

tong uygʻondi!

Uygʻondi mangu botmas quyosh!

Omon boʻlsin bu quyoshni uygʻotgan

Insonlarning aziz boshi.”

— “Omon boʻlsin! Omin!”

Tashqarida shamol supurayotir

taqdir boʻlaklarini…

2018 yil, yanvar

 

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.