Oʻtgan asrda sobiq sovet ittifoqi davrida ruscha soʻzlar shu darajada ogʻzaki tilimizga singib ketgan edi-ki, uning asl oʻzbekchaci esdan ham chiqib ketgandi.
70-80 yillarda Oʻzbekiston televideniyasida muharrir boʻlib ishlardim. Toshkent viloyatidagi “Damachi” baliqchilik xoʻjaligidan yarim soatlik koʻrsatuv tayyorlab kelishdi. Men unga muharrirlik qildim.
Matnda uvuldiroq soʻzi bir joyda baliq tuxumlari, yana bir joyda baliq urugʻlari yana bir joyda ikra deb ishlatilgan edi. Ularni uvuldiriq soʻziga almashtirib chiqdim. Bundan kasbdoshim xafa boʻldi. Bosh muharrir esa uni yonini oldi. «Nega endi xorazmcha lahcha oʻzbek adabiy tiliga kirib kelishi kerak», deya eʼtiroz bildirdi.
– Fikringiz toʻgʻri. Bu soʻz Xorazmda haliyam ishlatiladi. Buvilarimiz baliq tozalayotganimizda “baliqni oʻtini yorib yuborma, uvuldiriqi achchiq boʻlib qoladi”, deya oʻrgatib turardi. Aslida bu oʻzbek tili yaʼni qadimiy turkiy soʻz, – deya izoh berdim.
Oʻshanda katta bahslardan keyin ikra soʻzi uvuldiriq soʻziga almashtirildi.
Ushbu maqolani yozish jarayonida “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ni ochib qaradim. Unga shunday izoh berilgan ekan: “UVULDIRIQ baliqning va boshqa baʼzi suvda yashovchi jonivorlarning tuxumchalari, urugʻi, ikra”. Oʻzbek tilining izohli lugʻati (2008 yil).
Qarang, oʻzbekcha soʻzning mohiyatini tushintirish uchun yana ruscha soʻz qoʻllaniilmoqda. Albatta, bu zamonimiz sadosi boʻlib, gohida oʻzimiz ham nevaralarimizga bir soʻzni izohlash uchun ana shunday tushintirish beramiz.
Xuddi shunday ruscha soʻzlarni qoʻllash oʻtgan asrda oddiy holga aylanib qolganini badiiy tarjimachilik misolida ham koʻrish mumkin. Oles Goncharning “Hayot navosi” asarida Ukraina manzaralari, asar qahramonlari obrazi zamon bilan uygʻunlikda mehr- muhabbat bilan yaratilgan. Asarning oʻzbek tiliga tarjimasida ham makon, zamon, olam, milliy-madaniy qadriyatlar goʻzal ifodasini topgan. Ijodkorlar obrazlarni toʻlaqonli tasvirlashda jonli nutq bilan birga dramaturgiyaga xos boʻlgan paraligvistik harakatlarni ham mohirona faollashtira olgani, ayniqsa, tahsinga loyiq.
Jahon adabiyotidan oʻrin olgan ukrain ijodkorining oʻzbek xalqiga tanishtirish yoʻlidagi tarjimonlarning saʼy- harakatlari, xalqlar doʻstligiga qoʻshayotgan munosib hissasi eʼtiborga loyiq. Biroq, til masalasida kamchiliklardan holi emas. Bu davrning sadosi desak ham boʻladi.
Oles Goncharning «Tronka» — «Hayot navosi» asarining tarjimoni Lola Tojiyeva rus tilidagi koʻpgina soʻzlarni oʻzbek tiliga oʻgirmay, aynan ishlatgan. Ular kasbiy atama ham emas, baynalminal soʻz ham emas, balki oʻzbek tilida muqobili boʻlgan oddiy soʻzlar. Masalan, putyovka – yoʻllanma; Eyfel bashnyasi – Eyfel minorasi; territoriya – maydon, hudud; vistavka –koʻrgazma; fufayka – guppi, paxtali qishqi kiyim; etajerka- javon, tokcha; sivilizatsiya – taraqqiyot, yuksalish; gerbitsitlar – kimyoviy oʻgʻit; koridor – yoʻlak; richang –dastak; klyuchlar – kalitlar; instruksiya – yoʻriqnoma; bosonojka –ayollarning yozgi oyoq kiyimi, yozlik oyoq kiyim; labirint– murakkab aylanma joy; koziryok – bosh kiyimning soyaboni, shapkaning soyaboni. Koʻrib turibsiz tarjimon “Hayot navosi” asarida ishlatgan soʻzlarning oʻzbek tilida tarjimasi mavjud. Toʻgʻri, ushbu soʻzlarning bari maktabda rus tilini oʻqigan barcha kishiga tushinarli.
Agar tarjimonlar ana shu uslubdan, usuldan foydalanaverishsa, oʻzbek tili ham lotin tilidek oʻlik tilga aylanish ehtimoli kuchli boʻladi.
Ushbu fikrlarimni aytishimga sabab Oʻzbekiston televideniyesida suxondonlar, koʻrsatuv boshlovchilari hamon ruscha soʻzlarni ishlatib yuborishadi. Yana inglizcha soʻz va ishoralardan ham foydalanishadi. Xalqimizga madaniyat-maʼrifat tarqatayotgan kishilar har bir soʻz va jumlasiga eʼtiborli boʻlishi lozimligini eslatmoqchimiz.
Ayniqsa, yosh jurnalistlarning ish stolida “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” boʻlishi va uni tez-tez ochib oʻqib turishlarini tavsiya qilardim. Zero, xalqimiz «Ona tilim- jonu dilim» iborasini bejiz ishlatmaydi. Zero, oʻzbek tili mavjud ekan, millatimiz mavjud!
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist