“Faqatgina Oʻzbekistonni buyuk allomalar yurti deb atashadi! Bobolarimiz bizning boshimizni qiyomatga qadar baland koʻtarib ketishdi”, – degan edi sharqshunos olim, professor Ubaydulla Uvatov(oxirati obod boʻlsin).
Darhaqiqat, olim taʼkidlaganidek, Oʻzbekistonda asrlar mobaynida yaratilgan, rivojlantirilgan gʻoyat katta ilm, moʻjizakor ijodiy mehnat bor. Jahon ilm durdonasiga behisob hissa qoʻshgan buyuk oʻgʻlonlari, oʻz zamonasining, ilm olamining sultonlari yashab oʻtgan!
Mustaqillikdan keyin Oʻzbekiston televideniyesida “Moziydan yogʻdular” turkum koʻrsatuvlarini tayyorlay boshladik. Oʻshanda ssenariylarimning oʻq ildizlari alloma Alisher Navoiyning “Majolis-ul-nafois” va Nasoimul-muhabbat” asarlari boʻldi. Hazrat Alisher Navoiyning ushbu asarlarida ajdodlarimizning taʼrifu-tavsiflari goʻzal ifoda etilgan 500 dan ortiq shoiru fuzaloni eʼtirof etganlar.
Najmiddin Kubro, Zamaxshariy, Mirzo Ulugʻbek, Pahlavon Maxmud va boshqa allamoyu sarkardalar haqida koʻrsatuv tayyorlaganimda albatta hazratning kitobiga qayta-qayta murojaat qilardim.
Keyinchalik “Sogʻlom avlod” gazetasida bosh muharrir boʻlganimda “Moziydan yogʻdular” sahifasini tashkil etdik. Gazeta sahifalarida yoritilayotgan maqolalarni berishdan oldin hazrat Navoiyning ushbu kitoblarini varaqlab alloma haqidagi fikrlari bilan tanishardim. Ularni olimlar yozib kelgan maqola bilan muqoyasa qilardim. Hazrat Alisher Navoiyning tarixni chuqur anglagan ensiklopedik olim boʻlganiga yana bir karra imon keltirardim.
Ajdodlarimizning xotirasini yodlashdek ulugʻvor anʼananing qayta tiklangani mustaqilligimiz sharofaati boʻldi. Alloma Beruniy, Xorazmiy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, hazrat Najmiddin Kubro, Imom Buxoriy, Moturidiy, Termiziy, sohibqiron Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi oʻzbek allomayu jahongirlarining siymosi mustaqillik sharofaati bilan qayta qaddini koʻtardi.
Bugungi kunda jahon boʻyicha ishlatilayotgan 1 dan 9 gacha boʻlgan matematik raqamlaruga nolni qoʻshib, XX asr fani – kibernetikasiga asos solgan olim deyarli 1200 yil avval yashab oʻtgan bizning ajdodimiz – al-Xorazmiy! Algebra fani, mashhur allomaning ismi bilan bogʻliqligi, yaʼni al-Jabr bora-bora algebraga aylanganini, Algaritm soʻzi Al-Xorazmiy soʻzining assimiliatsiyaga uchragan shakli ekanligini va bizning avlod uni oʻqib matematikani oʻrganayotganligini bugungi kunda jahon ahli tan olyapti.
Yerning dumaloq shaklda ekanligini isbotlab, dunyo xaritasini tuzgan va uni globus shaklida birinchi aks ettirgan ensiklopedik olim Abu Rayhon Beruniy ekanligini oʻquvchilar ongi-shuuriga qayta-qayta quyish anʼanaga aylanganligi kishida iftixor tuygʻusini yuksaltiradi.
Mukammal tibbiyot qonunlarini yaratgan Abu Ali ibn Sino kitoblaridan jahon tibbiyotida hamon dasturulamal sifatida foydalanilmoqda. Agar eʼtibor bersak, “Tib qonunlari”da murakkab jarrohlikdan tortib, oddiy ovqatlanish madaniyatigacha oʻrgatilgan. Inson salomatligini avaylash avvalo oʻzidan, oddiy ovqatlanish madaniyatidan boshlanadi, degan oʻgitlari bugungi kunda har bir farzandga singdirilmoqda?!
Daryolar suvini oʻlchaydigan uskuna yaratgan va dastlab Nilning suv hajmi-yu sigʻimini oʻlchab bergan bizning vatandoshimiz al-Fargʻoniy! “Ziji Kurogoniy” asarida yulduzlar jadvalini tuzib falakiyot ilmini dunyoga tanitgan ham bizning ajdodimiz Mirzo Ulugʻbek!
Hazrat Alisher Navoiyning “Majolis-ul-nafois” va Nasoimul-muhabbat” asarlarida ajdodlarimizning taʼrifu-tavsiflari goʻzal ifoda etilgan 500 dan ortiq shoiru fuzaloni eʼtirof etganlar. Ajdodlarimizdan urf boʻlgan bu anʼanani kelgusi avlodlarimizga yetkazish bizning burchimiz. Beruniy, Xorazmiy, Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Jaloliddin Manguberdi kabi ulugʻlarimiz navqiron avlodning gʻurur togʻlaridir.
Mamlakatimiz istiqloli tufayli Islom madaniyati va taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan Zamaxshariy, Imom Buxoriy, Moturidiy, Termiziy kabi allomalarning kitoblari oʻrganila boshlandi.
Alloma Alisher Navoiyning birgina hikmati minglab oʻgitlarga teng. Aql ila olam yuzini obod qilishga chorlaydi. Goʻzal xulq ila elni shod qilishga undaydi:
Aql ila olam yuzin obod qil,
Xulq ila odam elini shod qil.
Navoiy bobomiz kuylaganlaridek, moziyshunos olim Ubaydulla Uvatov aytganlaridek yurtimiz allomalari oʻz amallari-yu asarlari ila dunyoga nur sochib, olam yuzini obod qilib ketishdi.
Ajdodlarimiz mehnatining mahsuli boʻlmish gʻoyat qimmatli va dunyodagi eng qadimiy qoʻlyozma “Avesto”dagi goʻzal bitiklar ham ana shundan dalolat beradi. Eramizdan oldingi davrda yaratilgan yozma manba “Avesto”da olamni munavvar qiluvchi quyosh Sharqdan chiqishi tilga olinadi. Zero, quyosh bilan olam munavvarlashadi, jamiki tabiatu mavjudot harakatga keladi.
Tabarruk yurtimiz – Oʻzbekiston oʻzida Sharq tarixi, maʼrifati, madaniyati, sanʼati, xoʻjalik hayoti rivojining goʻzal namunalarini jamlagan va jahon ahliga koʻz-koʻz qilgan maʼjizakor makon ekanligini mustaqillik sharofaati bilan isbotlandi.
Til va tafakkur uygʻun. Til va tafakkur uygʻunligi Sharq falsafasining uzviy bir yoʻnalishidir. Alisher Navoiy bobomiz turkiy til goʻzalligini bu tilda tafakkur qilib, bu tilda sara asarlar bitish mumkinligini oʻz davrida isbotlagan edi. Navoiy Nizomiy panjasiga panja urmoq oson emas deb, turkiy tilda goʻzal ”Xamsa”ni yaratib ona tilini ulugʻladi. Oʻziga asarlari bilan haykal qoʻydi. Mustaqil Oʻzbekiston ham oʻzbek tiliga davlat tili maqomini berib uni koʻklarga koʻtaryapti.
Mustaqil Oʻzbekiston kishilarining oldida turgan vazifalardan biri – rasmiy tilda ham goʻzal asarlar yaratish mumkinligini isbotlash edi. Sobiq sovetlar davrida oʻzbek tilida qonunlarni tayyorlanishini, zarurat boʻlganda boshqa tillarga oʻgirilishini qalbida Vatan tuygʻusi boʻlgan har bir ziyoli orzu qilardi. Zero, qonunlar oʻzbek xalqi, uning osoyishtaligi, Vatan taraqqiyoti, yurt tinchligi uchundir. Ayni kunda qonunlarimiz ham oʻzbek tilida tayyorlanib, soʻngra boshqa tillarga oʻgirilmoqda. Mustaqil mamlakatimiz konstitutsiyasida belgilanganidek, har bir kishi oʻzligini tanisa, oʻz huquqini bilsa huquqiy, ijtimoiy demokratik davlatga aylanadi. Zero, “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunning 19–moddasida belgilanganidek qonunlarimiz oʻzbek tilida yaratilib, zarurat boʻlganda boshqa tillarga oʻgirish belgilanganligi bu milliy qonunchiligining yutugʻidir. Men Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputat sifatida faoliyat olib borganimda bu tuygʻularni yanada chuqurroq his qildim.
Bu ham alloma Alisher Navoiyning orzulari amalga oshganligining ifodasidir. Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy haykali Tokio, Shanxay, Vashington, Moskva, Minsk, Boku, Mozori-Sharif, Oʻsh, Dushanbe, Seul va Ostona kabi shaharlarda qad rostlagani ushbu soʻzlarning haqiqatidir.
Zero, tabiat oʻz quyoshi bilan, inson oʻz ijodiy faoliyati bilan ajralib turadi. Biz dunyoga mashhur allomalarni bejiz tilga olmaymiz. Undan maqsadu muddaomiz yagona – millatning yuzi boʻladigan, buyuk Vatanimizga munosib komil inson tarbiyalash, yaʼni rango-rang gullariga hamohang “jajji chechaklarni” parvarishlab, Prezidentimiz aytganlaridek uchinchi renssansning poydevorini yaratishdir. Har bir viloyatda tashkil etilgan Prezident maktablari, ixtisoslashgan maktablar ana shu ulugʻvor harakatning boshlanashidir. Va u samara bera boshlagani quvonarlidir.
Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist