Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripov sheʼri: Bir kun kelar…

0
198
marta koʻrilgan.

Barcha muallim va muallimalarni kasb bayrami bilan qutlaymiz. Ustozlarning qadri togʻ boʻlsin, osmon  boʻlsin. Yurt bolalarini tarbiyalash ishlarida omadlar tilaymiz.

Bir kun kelar, domlalar qadri
Togʻ boʻladi, osmon boʻladi.
Bizga kulgan odamlar dardi
Dil tubida armon boʻladi.

Bir kun kelar, muallim shoʻrlik
Sanab yurmay tiyinlarini,
Daftar, kitob tutar harbiylar,
Tashlab chipor kiyimlarini.

Bir kun kelar, mashina olar
Domla oylik moyonasiga.
Muallima qirq savat solar
Quda tomon toʻyonasiga.

Muallimlar taʼtil puliga
Kiz chiqarib, oʻgʻil uylaydi.
Uylanmagan boʻydoq domlalar
Qiz tanlashga choʻchib turmaydi.

Bir kun kelar, gʻam chekmas hech kim
Tushligi-yu yoʻl kirasiga.
Dam olishga borar domlalar
Ovroʻpaning Fransiyasiga.

Bir kun kelar, domlani hamma
Qadri baland zot deb biladi.
Goʻdaklar ham prokurorlikmas,
Domlalikni orzu qiladi.

«Qachon kelar oʻsha kun?»-dersiz,
Sabr qiling, sal shoshmay turing.
Oʻsha kunlar yetib kelguncha
Qadringizni ehtiyot qiling!
Qalbingizni ehtiyot qiling!

Abdulla Oripov

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.