Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining XI sessiyasida 1992 yili Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan edi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yurtimizning buguni va kelajagi koʻzgusi boʻlib, unda xalqimizning irodasi, adolatli jamiyat barpo etishdagi intilishlari, ezgu-istaklari mujassamlashgan.
Konstitutsiya davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan asosiy Qobusnomadir. Bugun jamiyatimizda qanday yutuq va marralarga erishayotgan boʻlsak, bularning poydevorida Konstitutsiyamiz– buyuk hayot qomusimiz turibdi. Konstitutsiyamiz suveren davlatimizning qonunchilik-huquqiy negizini shakllantirishning asosiy poydevori va mustaqil milliy davlatchiligimizning tamal toshi boʻldi. U inson manfaatlari uchun xizmat qilayotgan oliy hujjat vazifasini bajarmoqda. Asosiy qonunimiz xalqimizning irodasini, ruhiyatini ijtimoiy ongi va madaniyatini aks ettirgani tufayli uni davlatimiz ramzi desak boʻladi.
Shuningdek Konstitutsiyamizda belgilangan davlatimiz ramzlari ham mavjud. Uning 5-moddasida shunday deyiladi: Oʻzbekiston Respublikasi qonuni bilan tasdiqlangan oʻzbek davlat ramzlari – bayrogʻi, gerbi va madhiyasiga ega”. Bayrogʻi, gerbi, madhiyasi kabi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ham davlatimiz, millatimiz, xalqimiz va yurtimizning buguni va kelajagining koʻzgusi, timsolidir.
Ulugʻvor bayramimiz – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi barchamizga qutlugʻ boʻlsin! Yurtimiz yanada gullab yashnasin! Vatan kelajagi boʻlgan farzandlarimiz ildizi baquvvat daraxtdek oʻsib ulgʻaysin!
Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist