Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusida Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyadagi nutqini oʻqib…

0
359
marta koʻrilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur konferensiya jahon hamjamiyatida juda katta qiziqish uygʻotdi. Anjumanda 25 davlat va xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etganligini OʻzTV orqali kuzatdik, internet sahifalarida oʻqidik, butun jahon ahli eʼtiborida turganligini his qildik.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, Afgʻoniston Oʻzbekiston uchun nafaqat yon qoʻshni — jon qoʻshni, balki mushtarak maʼnaviy qadriyatlari mavjud mamlakatdir.  Oʻz nutqida mamlakatimiz rahbari shunday dedi: «Azal-azaldan Amudaryoning ikki tomonida oʻzaro oʻxshash tillar, umumiy muqaddas din va mushtarak maʼnaviy qadriyatlar birlashtirib turadigan xalqlar yashab kelmoqda.

Amudaryo biz uchun hamisha tiriklik manbai boʻlib kelgan, ammo odamlarning erkin harakat qilishiga, savdo aloqalarini yaqindan rivojlantirishga, ilm-fan sohasidagi yutuqlar bilan oʻrtoqlashishga va bir-birini madaniy jihatdan boyitishga hech qachon toʻsqinlik qilmagan.

Afgʻon zaminida  Markaziy Osiyo Uygʻonish davrining Abu Rayhon Beruniy, Lutfiy,  Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi buyuk namoyandalari va boshqa koʻplab bizning ulugʻ ajdodlarimiz yashab ijod qilganlar». Bu samimiy  soʻzlar kishi qalbining mehr tuygʻularini yanada kuchaytiradi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Respublikasi va Afgʻoniston Islom Respublikasining birgalikdagi tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan mazkur anjuman xalqaro hamjamiyat tomonidan Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan amaliy saʼy-harakatlarning mantiqiy davomi ekanini taʼkidladi.
«Bugungi kunda Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida  yaqin siyosiy,  savdo-iqtisodiy  va madaniy-gumanitar aloqalar yoʻlga  qoʻyilgan. Afgʻonistonda  millionlab oʻzbeklar yashaydi. Afgʻoniston Konstitutsiyasiga  muvofiq oʻzbek tili mamlakatning rasmiy tillaridan biri hisoblanadi…Barchamiz qatʼiy ishonamizki, xavfsizlik yagona va boʻlinmasdir va uni faqat birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan taʼminlash mumkin. Biz xavf-xatarlarning baʼzi birlarini “oʻzimizniki”, boshqasini esa “birovniki”, deb qabul qilmasligimiz kerak, aniqroq aytganda, bunday qilishga haqqimiz yoʻq». Bu soʻzlarni oʻqir ekanman, jurnalistik faoliyatimda oʻzim suhbatlashgan, oq yuvib, oq tarab oʻstirgan jigarbandini afgʻon urushiga kuzatib, tobutini qabul qilib olgan onalarning faryodlari koʻz oldimga keldi. Afgʻon urushidan nogiron boʻlib qaytib, armon bilan yashayotgan yigitlar xayolimdan oʻtdi. «Afgʻon urishiga ketibdi» degan xabar oʻzbek xalqining ham yuraklariga qoʻrquvni joyladi, bolasining taqdiridan xavotir olib yashashdek ogʻriqni yurak-yurakdan tuydi. Onalar jigarbandiga sogʻlik-omonlik soʻrab, Yaratganga yolvorib tunlari tonglarga ulanar edi. Otalarning  dardi esa  ichida edi.

Nafaqat Oʻzbekistonimizda, balki Ona sayyoramizning koʻpgina mamlakatlarida afgʻon urushi zulmlari, jabru jafolariga duch kelgan avlodlar ulgʻaydi, koʻplab oilalarning farzandlari  adolatsiz urush qurboniga aylandi. Urush olovi  minglab oilalarni qon yigʻlatdi, goʻdaklarni yetim qildi. Yoshlarning baxtiga zomin boʻldi.

Oradan  yillar oʻtgan boʻlsa-da, afgʻon muammosi odamlar xotirasida qoldirgan vahima va qoʻrquv hali unutilgani yoʻq. Uning sovuq izlari hamon odamlar taqdirida aks etib turibdi.

Afsuski, afgʻon urushi yillar oʻtgan sari jang maydonlaridan narkobiznes, terrorizm, ekstremizm kabi koʻzga koʻrinmas urush oʻchoqlariga koʻchdi. Endi bu zamindagi notinchlik va zoʻravonliklar, nohaq qon toʻkishlar na faqat qoʻshni mamlakatlar, balki dunyoning barcha mintaqalariga tahdid solishi shubhasiz.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, jafokash Afgʻoniston zaminidagi toʻqnashuvlar, “urush olovi” afgʻon xalqining oʻz tanlovi emas, aksincha, chetdan tiqishtirilgan fitna natijasidir. Ana shu notinchlikdan afgʻon xalqi koʻp yillar  jabr chekib kelmoqda, millionlab odamlar oʻz uyini tashlab oʻzga yurtlarda osoyishtalik izlab sarson-sargardon boʻlib yuribdi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida taʼkidlaganidek, bu zamindagi keskinlik  Markaziy Osiyo mamlakatlari jahon iqtisodiyotining faol integratsiya jarayonlaridagi ishtirokiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Misol uchun, tinch Afgʻoniston savdo-iqtisodiy, transport-logistik imkoniyatlari bilan Oʻzbekistonga boshqa mintaqalarga dengiz orqali qisqa yoʻl bilan chiqish imkonini berar edi.

Xalqimizda «Qoʻshnining tinch, sen tinch», degan naql bor. Afgʻonistonda qariyb 40 yildan buyon davom etib kelayotgan mojaro afgʻon xalqining hayotini, tinchini buzish bilan birga sivilizatsiyasini orqaga surib tashladi. Bu hududda paydo boʻlgan inqiroz, aholining qashshoqlashuvi dunyo hamjamiyatidan allaqachon globallik kasb etgan ushbu muammoga birgalikda amaliy yechim topishni taqozo qilmoqda. Shu maqsadda keyingi yillarda qator loyihalar amalga oshirildi, muloqot guruhlari tashkil etildi.

 Oʻzbekiston 2017 yilda Afgʻoniston muammosini hal etish boʻyicha oʻtkazilgan turli  xalqaro va mintaqaviy anjumanlarda, jumladan, kengaytirilgan tarkibdagi Moskva uchrashuvi (aprel), “Kobul jarayoni” (iyun), Afgʻoniston Islom Respublikasiga oid mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasi (Ashxobod, noyabr), “Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni” (Boku, noyabr-dekabr) va Xalqaro muloqot guruhi yigʻilishida (Oslo, dekabr) yuqori darajada qatnashdi.

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha Oʻzbekiston pozitsiyasini bayon qildi, bu borada aniq takliflar bildirdi. Noyabr oyida Samarqand shahrida BMT shafeligida oʻtgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Afgʻonistonning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga qoʻshilishi yoʻlidagi tashabbuslar ilgari surildi.

Oʻzbekiston va Afgʻoniston Prezidentlarining oliy darajadagi uchrashuvlarida mamlakatimizning bu boradagi ijobiy pozitsiyasi oʻzaro manfaatli kelishuvlar orqali yanada mustahkamlandi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur forum oʻz formati va Afgʻoniston muammosi boʻyicha aniq yechimlar topishga qaratilgani bilan ilgarigi xalqaro anjumanlardan farq qiladi. Shu bois uni oʻtkazish tashabbusi dunyo hamjamiyati tomonidan keng qoʻllab-quvvatlandi. Nufuzli xalqaro tashkilotlar, siyosatshunoslar va ekspertlar tomonidan Afgʻonistonda tinchlik va xavfsizlikka erishish, shu orqali nafaqat Markaziy Osiyo, balki unga tutash mintaqalarda tinch taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qiluvchi mazkur konferensiya afgʻon xalqining muammolarini hal qilish boʻyicha aniq takliflar ilgari surilishi bilan amaliy ahamiyatga ega, degan fikrlar bildirildi.

Jumladan, Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf Gʻani Afgʻonistonda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash yoʻlidagi Oʻzbekiston tashabbusi gʻoyat qadrli ekanini taʼkidladi.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili Federika Mogerini oʻz nutqida Afgʻonistondagi vaziyatni baraqarorlashtirishga oid tashabbusni qoʻllab-quvvatlashini, bu masala Yevropa Ittifoqining doimo eʼtiborida turishini qayd etdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish mazkur anjuman  ishtirokchilariga videomurojaat yoʻllab, unda ushbu forum Afgʻonistonda tinchlikka erishish yoʻlida alohida ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Afgʻonistondan Oʻzbekistonga kelib oʻqiyotgan, afgʻonistonlik oʻzbek qizi Asila Nabizoda ham oʻz yurtida tinchlik oʻrnatilishini doim orzu qilib kelganligini taʼkidlab shnday dedi: – Oʻzbekistondagi tinchlik va barqarorlik, taraqqiyot, xalqning farovon turmushiga doim havas bilan qaraganmiz.  Ayniqsa, bu zaminda katta shukuh bilan oʻtadigan bayramlar, sayillarni telekanallar orqali oilaviy tomosha qilardik. Oʻzbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovga ota-onamning hurmati juda baland edi. Bu inson afgʻon muammolariga doim eʼtibor qaratgan, afgʻon xalqiga doim yordam berishga harakat qilgan. Bu xayrli ishlarni Prezident Shavkat Mirziyoyevning davom ettirayotganidan juda mamnunmiz. Afgʻonistonga oid konferensiyani tashkil etishdagi tashabbuslaridan butun afgʻonistonliklar minnatdor. Konferensiyani bevosita kuzatish uchun bizga imkoniyat yaratib berildi. Ayni paytda internet orqali konferensiya doirasida boʻlayotgan voqealar haqida Afgʻonistondagi yaqinlarimiz bilan muloqot qilib turibmiz. Xalqning xursandchiligining cheki yoʻq. Ular konferensiyada katta natijalarga erishilishidan juda umidvor. 

 Bu saʼy-harakatlar, samimiy eʼtiroflar kasb taqozosi bilan xalq ichida yurganimda koʻrganlarimni, kuzatganlarimni, suhbatlashganlarimni xayolimga soldi. Uzoq Pitnakda ish safarida yurganimda oldimga bir ona keldi. “ Qizim, kelinim haqida yozing, iltimos”,- deb qoldi. Avval qaynona-kelin mojarosidir-da deb oʻyladim. Hikoyasini tinglasam, u terrorga, afgʻon urushiga qarshi nola edi.

Soʻna enaning hikoyasi

Ochigʻi, dunyoning men uchun tugʻilganiga uch yil boʻldi. Dunyoning asl lazzatini tota boshlaganimga, hayotning tub maʼnosiga yeta boshlaganimga uch yil boʻldi. Men uni enaginam deb suyaman. Chunki, u bepoyon sevgi, behad samimiyat, beoʻlchov sadoqat, yengib boʻlmaydigan kuch va qudrat timsoli! Enaginam mitti va kurtakcha boʻlsa-da, shu darajada ulugʻvorki, hayotning mohiyatini aks ettiradi. Hayot undan boshlanadi. Enaginam shu darajada iffatli, shu darajada ajoyibki, Ollohni nuri deya suyaman uni. Yaratgan egam qayta bergan enaginam deb suyaman uni. Tilab-tilab, urushni qargʻab-qargʻab Ollohdan soʻrab olganim Tilavusjon  deya suyaman uni. Nazarimda undan shirin, undan lazzatli, undan iffatli narsa yoʻq.

— Otajon, hammaning ikki qoʻli bor. Nega sizda bitta? – deya soʻradi Tilavusjon nevaram oʻgʻlimdan.

Vujudim titrab ketdi. Chunki, oʻgʻlim afgʻon urushini eslashni yomon koʻradi. Juda serjahl, serzarda boʻlib qoladi. Hozir enaginamni jerkib tashlaydi, deya titrab ketdim. Kelinim hamishagidek vaziyatni yumshatdi: “Oppoqqinam, seni goʻzal, sogʻlom tugʻilishing uchun yovuz devlar bilan urishib qoʻlini oldirgan”.

Jajji vujud nazdida bir zumda dunyo razolat va qabohatga aylandi, koʻzlari katta-katta ochilib, hayratdan soʻz topa olmay qoldi. Vijillab yogʻdiradigan savollari birpas tindi, soʻngra qurqibgina soʻradi.

— Otajon, devlar qoʻlingizni uzib olishganida ogʻridimi?

— Albatta, ogʻriydi-da, asosiysi, otang seni yaxshi koʻrganlar,– javob qiladi onasi.

Yana savolni chuqurlashtiravermasin deyman-da, olib ketaman.

Bu sobiq Sovet Ittifoqining xatosi deb aytsam, enaginam tushunarmidi? Oʻgʻilginamning afgʻon urushidan kelganidan keyingi iztiroblarini aytsam hamon-hamon yuragim hapriqib ketadi.

Maktabdayoq koʻz ostiga olib yurgan sinfdosh qizining uyiga dasturxon koʻtarib bordim.

— Hozir ikki qoʻli but erkaklar roʻzgʻor boqa olmayapti, oqsoq oʻgʻling bir qoʻli bilan uy qura olarmidi?– deyishdi qizning ota-onasi.

Dasturxonimni ochmasdan umidsiz qaytarishdi. Uyga qaytyapman-u, miyamda bitta fikr aylanadi. Aybsiz aybdor oʻgʻlimga endi nima deyman. Qanday qilib umidlarini chilparchin qilaman. Urushni qargʻayman. Oʻshanda oʻgʻlimning  chekkan iztiroblarini soʻz bilan taʼriflab boʻlmaydi. Biroq, kelinim- quralayginam qatʼiyat koʻrsatdi. Ota- onasini oʻzi  koʻndirdi. Toʻy-tomosha qildik, biroq, toʻrt yil farzandli boʻlishmadi. Yana oʻgʻlimning koʻzlariga mung  endi. Mening  ichimni it tirnaydi. Bir oʻgʻlimga qarayman, bir kelinimga. Kelinim hamishagidek mehribon, baxtli, koʻzlari chaqnaydi. Sabr-toqat, mehr-muhabbat timsoli edi u. Urush olovini yoqqanlarni qargʻayman. Yurtga tinchlik, oʻgʻlimga farzand tilayman. Ollohning nomidan aylanay, sinovlaridan keyin siylovlari bor ekan. Nevaram qutlugʻ qadam boʻldi. Enaginam tugʻilgan kuni Vatan mustaqilligi eʼlon qilindi. Xususiy korxonalarga yoʻl ochildi. Bor- budimni toʻplab,  oʻgʻlimga magazin va makaron sexi ochib berdim. Maktabdayoq hisob- kitobga yaxshi edi… Roʻzgʻorini tortib ketdi, Hozir uy quryapti. Institutda sirtdan oʻqiyapti.

Onaning soʻzlarida oʻtli gʻazab va nafrat, ham hayot bagʻishlovchi  shavqat va muhabbat bor, ham dard bor, ham gʻalaba bor. Gʻalaba – bu mustaqillik bergan shuur va nur!

Soʻna enaning hikoyasidan goʻzal insoniy hissiyot, ezgu yaratuvchilikka chaqiriladigan nido, inson gʻururi va xolis niyati mujassamlashgan holat yaqqol namoyon boʻladi. Tinchlikka daʼvat aks etadi. U terrorizmni, u yoqqan alangani qoralaydi. Ogohlikka chaqiradi. Bu hikoya ekkan nihollarning mevasini, qurgan uylarning rohatini, farzandlarning kamolini koʻray desang yovuzlikkka qarshi kurashmogʻing lozim, degan haqiqatni barchamizga yana bir bor eslatadi. Haqiqatda “terroristning millati, elati, Vatani yoʻq!” Oʻz Vatanini osmon yangligʻ kengliklarga  tenglab ulugʻlovchi  xalqimiz buni yaxshi biladi.

Shuning uchun ham jahon ahli Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Afgʻonistonda tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklikka erishish yoʻlidagi tashabbusini qoʻllab quvvatlamoqda. Davlatimiz rahbarining terrorizmga qarshi kurashda birdamlikka, sobitqadam boʻlishga, ogohlikni qoʻldan bermaslikka chorlashini butun jahon ahli qoʻllab quvvatlayotganligi barchamizni farahli tuygʻularga toʻldiradi.

Raʼno Zaripova,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.