Oʻzbekiston xalq shoirasi Oydin Hojiyeva: Bu dunyodan azizlar ketdi, Fikratida yulduzlar ketdi

0
100
marta koʻrilgan.

Bugun 22-aprel   Oʻzbekiston xalq shoirasi Oydin Hojiyevaning tavallud topgan kuni. Shoira 81 yoshida 2023 yil 14 may kuni vafot qilgan. Shu munosabat bilan shoiraning ruhi pokini xotirlab  poytaxtdagi Osiyo grand restoranida ehson dasturxoni yozildi. Qurʼon tilovatlari yangradi. Xotirasi yod etildi.

Oydin Hojiyeva Buxoro (hozirgi Navoiy) viloyatining Qiziltepa tumanidagi Xojayi Boʻston qishlogʻida tugʻilgan. Shoira asarlarida joʻshqin yoshlik his-tuygʻulari, ona yurt, goʻzal tabiat manzaralari, ayol qalbi tugʻyonlari oʻzining yorqin ifodasini topgan. 

 Opa ijodkor boʻlish bilan birga salohiyatli rahbar ham edilar. “Gulxan” va “Saodat” jurnallarini uzoq yillar bosh muharriri boʻlganlar. Oʻzbekiston televideniyesida ishlaganimda koʻp hamkorlik qilib turardik. Bir kuni “Saodat” jurnaliga ishga taklif kildilar. Talabaligimdan qatnashib kelayotgan jurnalimga, ijodimga oq yoʻl tilagan mehribonimga  yoʻq degim kelmadi.

 Oydin opa bilan yonma-yon ishlab juda koʻp ezguliklar koʻrdim. Muharrirlik, boshqaruv sir-sinoatlarini oʻrgandim. Opa yosh ijodkorlar bilan suhbatlashishni yaxshi koʻrardi. Oʻzining ortidan juda koʻplab shogirdlar qoldirdi. Shoira Oydin Hojiyeva oʻzidan yaxshi izlar qoldirib ketdi. Darhaqiqat, opaning oʻzi kuylaganidek, Bu dunyodan azizlar ketdi, Fikratida yulduzlar ketdi!…..

Ustoz Oydin opaning oxirati obod boʻlsin. Yotgan joyi nurga toʻlsin. Behishtlarda kavsar suvlaridan ichib yursin.

 Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Oydin HOJIYEVAning «Oʻylar» sheʼridan:

Bu dunyodan azizlar ketdi,
Fikratida yulduzlar ketdi.

Oʻtdi necha avliyo zotlar,
Duosida qaqnuslar ketdi.

Oʻtdi Alloh ishqida Majnun,
Paygʻambarga egizlar ketdi.

Oh urganda, nolasi quyun,
Kulgusida kunduzlar ketdi.

Torlarida bulbul sayragan,
Elga darmon hofizlar ketdi.

Chimildiqqa kirmagan necha
Sor yigitlar, hur qizlar ketdi.

Chumolidek togʻlarda kezgan
Xazinasi qomuslar ketdi.

Maysalari salovat aytgan
Bahor-bogʻli andizlar ketdi.

Qaʼrlarida sadaflar tuqqan
Necha baxrul dengizlar ketdi.

Yer yuzini shamolday kezgan
Qadamlarda shaʼn izlar ketdi.

Vatan qadrin nomus bilganlar
Ibratida non-tuzlar ketdi.

Ajdodlarning shukuh-shonidan
Chaqnab fido vorislar ketdi.

Munkillagan donishmand yillar
Kiprigida qor kezlar ketdi.

Dor ostida Erk-iymonida
Bukilmagan qad, tizlar ketdi.

Tiriklikning tegirmonida
Yanchilib ne toʻkislar ketdi.

Molu davlat girdoblarida
Necha ahli tamizlar ketdi.

Shonu shuhrat saroblarida
Qancha doʻstu nodoʻstlar ketdi.

Toshbaqaday imillab kimdir,
Porlab vaqti tigʻizlar ketdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.