Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor xotirasini ezozlab

0
529
marta koʻrilgan.

 Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor tavalludining 100 yilligi munosabati bilan u yashab ijod qilgan uyga yodgorlik lavhi oʻrnatildi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi, yozuvchilar, shoirlar, adabiyotshunoslar, jurnalistlar ishtirokida atoqli shoir, nosir va dramaturg barelyefining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Unda  Yozuvchilar uyushmasi  raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Xurshid Doʻstmuhammad, yozuvchining oʻgʻli Eldor Muxtor soʻzga chiqib, adibning ijodi bilan bogʻliq iliq xotiralarini yodga olishdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi, mazkur barelyef muallifi Ulugʻbek Otanazarov lavhni yaratish jarayonida yozuvchining fazilatlarini oʻrganishga, asarlarini oʻqib chiqishga, farzandlaridan olgan maʼlumotlar asosida yaratishga harakat qilganini taʼkidladi.

Oʻzbek xalqining sevimli yozuvchisi Asqad Muxtor Oʻzbekiston Davlat universitetiga oʻqigan. Soʻng Andijon pedagogika institutida oʻzbek adabiyoti kafedrasining mudiri boʻlib ishlaydi. Asqad Muxtorning Toshkentga kelishi uning faoliyatida yangi sahifa ochdi.  U «Yosh leninchi» (1945), soʻngra «Qizil Oʻzbekiston» gazetalarining muharririyatlarida boʻlim mudiri, masʼul kotib, «Sharq yulduzi» jurnalida bosh muharrir (1960—1965), Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasida kotib (1957) boʻlib ishlaydi. «Guliston» jurnaliga, «Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati» haftaligiga muharrirlik qildi. Ushbu faoliyati davomida koʻplab yoshlarni adabiyot maydoniga, jurnalistika sohasiga yetaklab, ularga ustozlik qildi.

Shoir Muhammadali Qoʻshmoqov ustozini shunday eslaydi: Asqad aka yengini shimarib «Guliston» jurnaliga kelgan yosh qalamkashlarning asarlarini shunday tahrir qilardi-ki, taʼbir joiz boʻlsa ularni  sayratib yuborardi. Juda zahmatkash bosh muharrir edi».

Asqad Muxtor «Mardlik choʻqqisi», «Yaxshilikka yaxshilik», «Samandar» kabi pyesalarida  va «Daryolar tutashgan joyda», «Qoraqalpoq qissasi», «Buxoroning jin koʻchalari» kabi qissalarida hamda «Opa-singillar», «Tugʻilish», «Davr mening taqdirimda», «Chinor», «Amu» kabi romanlarida yurtimiz kishilarining fidoyiligi va davrning muhim muammolari oʻz ifodasini topgan.

Bugungi kunda yodgorlik lavhining oʻrnatilishi oʻz yurtining gullab yashnashiga munosib hissa qoʻshgan ezgu fikrli kishilarni qadrlash yoshlarni, ayniqsa,  mahalla  yoshlarini milliy qadriyatlar ruhida  tarbiyalashda oʻz oʻrni bor, albatta.

gujum.uz

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.