Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining birinchi oʻrinbosari Nodir JONUZOQ ijodidan:KORONAVIRUS

0
481
marta koʻrilgan.

Iqtidorli shoir Nodir JONUZOQning  KORONAVIRUS  sheʼrida dolzarb mavzu qalamga olingan. Dunyoni qamrab olgan zotiljam orqali hasadga  ezgulikni qarama-qarshi qoʻyadi va hasad balosidan qalblarni «profilaktika» qilishga chaqiradi. Odamlarning nafaslari chaqalok  qalbidek musaffo, goʻdak kulgisidek begʻubor boʻlishini istaydi. 

Qadim madaniyat oʻchogʻi Chindan
Urchidi chidamli va sirli virus.
Sanoqli haftalar, kunlar ichida
Dunyoni zabt etdi –
Oldi mudhish tus.

Na millat tanladi,
Na tanladi din,
Tarqaldi qitʼalar, ummonlar osha.
Yurtlar darvozasin yopdi –
Karantin:
Cheklandi ommaviy oʻyin-tomosha.

Hamma tozalikka berdi birdan zoʻr,
Goʻyo boshlanganday tibbiy inqilob:
Kimdir ostonaga sepmoqda xlor,
Kimdir taqayapti uch qavat niqob.

Dorixonalarning savdosi qizgʻin,
Tanqis matoh boʻldi hatto isiriq.
Uylariga qamab oʻgʻliyu qizin,
Yurganday kattalar biroz qisinib.

Xullas, shahar hushyor
Qishloqlar sergak,
Toʻsmoqqa shay turar oʻlat yoʻlini.
“Qoʻlingni yuvdingmi?” – olgaydir tergab,
Salomga choʻzarkan doʻst ham qoʻlini.

Toʻgʻri tadbir –
Men ham yoqlayman buni,
Har kimsa oʻzini qilsin ehtiyot:
Mayliga, yonida yursin sovuni,
Yuvinsin – teginib ketsa yetti yot.

Shaksiz, bu illatni qilgaymiz biz daf,
Shaksiz, chekinadi bu yuzsiz vabo:
Mehribon Xudoyim turmagay qarab,
Odamzod zakosi topgaydir davo.

Faqat…
Yuragimda qoʻzgʻolar ogʻriq,
Zarbini sezdirsa bezavol virus.
U bois tanamga tatimas sogʻliq,
Unga kor qilgaydir na olov, na muz.

Kimdir “Hasad” deydi uning otini,
Oppoq tuygʻularga keltirar qiron.
Qirqib oqqushlarning pok qanotini,
Quzgʻunlar pinjida saqlab yotar jon.

“Kibr” deb atar bu baloni kimdir,
Gʻoʻddaygan kaslarning dimogʻida u –
Dillarga pullardan ilashgan kirdir
Yo baland kursidan yuqquvchi ogʻu.

“Yolgʻonman” –
Jilpanglab aytar ismini,
Ming yillik ishonchni ketgay oʻldirib.
Toʻgʻri yoʻldan topib boʻlmas izini,
Oʻchgay, dillarga puch yongʻoq toʻldirib.

Qora yorliqdagi unvoni bor –
“Nafs”,
Sezdirmay yuqar-u, tortar domiga.
Kimki bu quyqaga kelolmasa bas,
Koʻmilgay toabad zillat komiga.

Yuz boshli ajdarga oʻxshaydi qattol,
Turfa qiyofada qilgay u xuruj.
Ne-ne koʻngillarda tizilib qator,
Ne-ne yuraklarda urchiydi gʻuj-gʻuj.

Xaloyiq,
Ne uchun turibsiz loqayd?
Nega yopmaysiz dil chegarasini?
Kelajak avlodni oʻylang loaqal –
Nevara, evara, chevarangizni.

Ularga yuqmasin sizdan zarra gard,
Pokiza hislari salomat boʻlsin.
Sogʻlom imon bilan yashasin joʻmard,
Toza nom qoldirsin –
Chin omad kulsin!

Demakkim,
Koʻzi kir kaslarni quving,
Shayton kimsalarga oʻralashmang koʻp.
Koʻngil ostonasin xlorlab yuving,
Dilga niqob taqing –
Kirmasin mikrob.

Qoʻlingizni bering –
Oʻyim yoʻq qiya,
Savolim nooʻrin boʻlsa gar, ayting:
Qilganmisiz dilni dezinfeksiya?!
Qalbingizda qachon boʻlgay karantin?!

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.