Oʻqing Anvar qori, oʻqing, birodar,
Muqaddas Qurʼonning oyatlaridan.
Ruhimga tinimsiz yogʻdular yogʻar,
Cheksiz samovotning qavatlaridan.
Oʻqing “Fotiha”ni, oʻqing “Yosin”ni,
Tavba eshiklari ochilsinlar lang.
Tazarru deb biling koʻzda yoshimni,
Oʻqing, barchamizga shafoat tilang.
Oʻqing, bor gunohlar butkul toʻkilsin,
Arshgacha yuksalsin savobning haddi.
Oʻqing yovuzlikning beli bukilsin,
Toki ezgulikning rost boʻlsin qaddi.
Insonni ming yillar jaholatidan
Asliga qaytargan iymon-ku axir.
Oʻqing, ilohiy soʻz haroratidan
Erisin hattoki tosh qotgan bagʻir.
Oʻqing, zarra gʻubor qolmasin dilda,
Kunduz quyosh guvoh, tunda guvoh oy.
Moʻminlar qatori oʻsha manzilda
Bormikan menga ham tangachalik joy..?
2009 yil 16 iyun