Oʻzlikni topish yoʻlida…(ruhiyat sarhadlaridan qatra)

0
68
marta koʻrilgan.

Aslida men juda oddiy, arzon, qiyqim matolardan oʻzim oʻylab topgan rusumdagi kiyimlarni kiyaman. Yoqasiga gul taqsam, yo bir parcha matodan boʻyinbogʻ yasasam, yo etagiga koʻylak guliga mos mato ulasam, qarabsizki, hech kimda yoʻq “modniy” koʻylak tayyor. Oyoq kiyimim har doim toza, yaltillagan. Poshnasi sal yemirilsa, darrov etikdoʻzga tuzattirib olaman. Soch turmagimni bazida oʻzgartirib turaman. Sochingiz qalin ekan deyishadi. El qatori. Qalin shaklini yaratish uchun kechqurun besh daqiqa vaqt sarflayman. Sochimni salgina hoʻllab, toshdek qattiq oʻraman. Ertalab yechganimda jinggalak xolatga keladi. Tarab oʻrsam, kultaday qalin tuyuladi.

Universitetim tomon yoʻlga chiqqanimda oʻzimni xuddi katta amaldorning qiziday boy-badavlat sanab qadam tashlayman. Poyafzalim tovushi kuyday sado beradi. Bittagina sumkacham bor. Unida turli bezakchalar bilan yangilataman. Atrofimdagilarning eʼtiboridan, qizlarning kiyimlarimga zimdan nazar tashlab hayron kuzatishlaridan faxrlanaman. Nima, otam vafot etgan, onam nogiron, nafaqaga kun koʻrishlarimizni atrofdagilar sezishi shartmi?

Oʻzimni quvnoq, baxti bekam koʻrsatishga, hech kimdan kam emasligimni namoish etishga intilaman. Tuni bilan oʻqib, uxlamaslikka-da roziman. Fanlarimdan aʼlo olishim shart! Menga yuqori stipendiya kerak! Qolaversa, oʻrganganim oʻzimga foyda.

Kursdosh yigit-qizlar hamon meni qaysi amaldorning qizi ekanimni aniqlay olmaydilar. Farosatlari yetsa, dekanatdan bir zumda bilib olishlari mumkin-ku!

Sir boy bermayman. Chunki vaqti kelib katta idoralarni boshqarishga oʻzimni tayyorlab borayapman. Onam bechoraning koʻksiga shamol tegishini, singillarimni eski kiyimlarni kiyishdan qutulishlarini istayman.

Onam bezovtalanadi. Qariqiz boʻlib qolishimdan havotirda. Nima qilibdi! Vaqtincha qariqizlar qatorida turishga roziman. Oilamiz oyoqqa tursa, niyatimdagi ish faoliyatimga erishsam, or-nomusimni asrasam,
30 yoshda ham munosib kuyov topiladi. Toʻgʻrimi?

Maqsuda sevishib, birinchi kursdayoq erga tegdi. Nima boʻldi? Qaynonasi qolib, ikki kurs yuqorida oʻqiydigan qaynopasi bilan chiqishmay, ota uyiga qaytdi. Erchasi bemalol boshqa qizlarni boshini aylantirish bilan, Maqsuda ularni izlab topib, xotini ekanini isbotlash bilan ovvora.

Kimga kerak, shunday muhabbat?!

Men sevib emas, qadrimga yetadigan insonga turmushga chiqishni rejalashtirganman. Barcha rejalarimni kundalik daftarimga yozib boraman. Noqulay holat. Kursdoshim Alibek kundaligimni oʻqibdi. (“Esimdan chiqarib” uning koʻzi tushadigan joyda qoldirganimdan keyin oʻqiydi-da!)

Zoʻrgʻa koʻzga koʻrinadgan mayda harflar yordamida satrlar orasiga “Men ham oʻz qadrini bilgan qizga koʻngil qoʻyganman” deb yozibdi. Endi xotirjamman.

Universitetimga yuraklarim hapriqib, sogʻinib, ichki bir quvonch bilan kelaman.

Dars qilishga, eski esada, kiyimlarimga yangilik kiritishga, onamga koʻmaklashishga, barcha-barchasiga ulguraman. Negaki, men maqsad va rejasi bor, ishonchga toʻlib yashaydigan, kelajagi porloq, baxtga tomon intilayotgan qizman!

Bekposhsha Xoʻjayeva

1971 yil, sentyabr

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.