P U B L I S I S T I K A: YAXShI GAP HAM, YOMON GAP HAM BIR OGʻIZDAN ChIQADI

0
67
marta koʻrilgan.

Buyuk Ezopdan soʻrashibdi: Insonga xos   eng goʻzal narsa nima? U javob beribdi: Bu uning soʻzi. U barcha yaralarni tuzatib, insonni koʻklarga olib chiqishi mumkin…

 Eng dahshatlisi nima?, – deb yana srashibdi donishmanddan. Yana sz. Negaki, sz bilan insonni ldirish ham mumkin...

Davlatimiz Konstitutsiyasida har bir insonning asosiy huquq va erkinliklari kafolatlangan. Bir ogʻiz soʻz bilan aytganda, mazkur muhim tarixiy hujjatga asosan inson, uning huquq va erkinliklari hamda manfaatlari eng oliy qadriyat sifatida muhrlangan. Fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi hamda uni ifodalash insonning eng muhim huquqlari hisoblanadi.

Soʻz erkinligi. Uni toʻgʻri ifodalash, avvalo, katta masʼuliyat. Bizning jamiyatimizda har kim oʻzi istagan axborotni izlashi, olishi va uni tarqatish huquqiga ega. Mamlakatimizda sohaga doir ushbu yoʻnalishda bir nechta meʼyoriy hujjatlar, yaʼni «Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida»gi, «Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida»gi, «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida»gi, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida»gi, «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida»gi, «Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida»gi, «Pochta aloqasi toʻgʻrisida»gi, «Radiochastota spektri toʻgʻrisida» gi, «Axborotlashtirish toʻgʻrisida»gi, «Reklama toʻgʻrisida»gi kabi 20 ga yaqin qonunlar qabul qilingan.

Oʻzbekistonda istiqlolning ilk kunlaridayoq  jamiyatda yangi demokratik qadriyatlar ildiz otishiga, inson haq-huquqlari va uning  asosiy boyligi boʻlgan  huquq va erkinliklariga keng yoʻl ochilgan. Davlat suvereniteti, xalq hokimiyatchiligi, hokimiyatlar taqsimlanishi, demokratizm, siyosiy va gʻoyaviy plyuralizm, qonuniylik va ijtimoiy adolat, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish kabi barcha tamoyillar inson huquqlarini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Mustaqillikning taraqqiyot yoʻliga nazar tashlaydigan boʻlsak, har bir Oʻzbekiston fuqarosi oʻz kuchiga, aql-zakovatiga, milliy urf-odatlari, anʼanalari va qadriyatlariga tayangan holda ish olib boryapti. Ijtimoiy hayotda oʻz shaxsiy imkoniyatlari, isteʼdod va salohiyatini namoyon etishda ham muayyan   yutuqlarga erishmoqda. Mamlakatimizda taʼbir joiz boʻlsa, inson tushunchasi talqiniga, uning qadr-qimmatiga tom maʼnoda oʻzbekona, sharqona yondashilmoqda. Shubhasiz, Konstitutsiya  va qonunlarimiz fuqarolarimiz ongida inson, uning shaʼni, qadr-qimmatini himoya qilish, mustaqillik, erkinlik, masʼuliyat, oʻz manfaatlarini yurt manfaatlari bilan uygʻun holda koʻrish kabi ezgu gʻoyalarni qaror toptirishga xizmat qiladi.

Demokratik jamiyatimizda inson haq-huquqlari qattiq himoya qilinar ekan, shu oʻrinda shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini qadrlash masalasi bir-biriga uzviy ravishda bogʻliq ekanligini alohida taʼkidlash zarur. Milliy qonunchiligimizda bitta nojoʻya aytilgan soʻz, haqorat va tuhmat uchun javobgarlik mavjudligini barchamiz  yaxshi bilamiz. Biroq, afsuski, amalda soʻz masʼuliyati naqadar chuqur maʼno kasb etishini anglash borasida bunday deyish mushkul.

Maʼlumki, bugun axborot globallashuvi davrida internet tarmogʻidan foydalanuvchilar soni kundan-kunga koʻpaymoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda oʻz sahifa va kanallarini ochib, turli fikr va izohlarni  joylashtirayotgan insonlar uchun ham shu davlatning fuqarosi sifatida oʻz soʻzlari uchun javobgarlik mavjud, albatta. Ogʻziga kelganini yozib, tarqatish, kimlarningdir shaʼni va qadr-qimmatini yerga urish, haqorat qilish, tahqirlash  orqali soxta obroʻ topishga boʻlgan harakatlarga qonunchilikda javobgarlik belgilangan.

«Soʻz koʻpaygan yerda mantiqsizliklar ham oshadi» , degan purhikmat naql bor. Baʼzan bekorchilik oqibatida bir-birovga huda-behuda keraksiz soʻzlar aytib, kishilarning dilini xira qilish, oʻylamasdan nojoʻya  soʻzlar bilan shaxs shaʼnini, qadr-qimmatini kamsitish holatlari uchraydi. Soʻz aytish ehtiyoji hamisha mavjud, buningsiz ijtimoiy muhitda yashab boʻlmaydi, ammo har soʻzni demakdan inson oʻzini tiyishi zarur. Aks holda murakkab vaziyatga tushib qolish hech gap emas.

Shu oʻrinda oʻz davrining mashhur davlat arbobi, shoir va tarjimon Ogahiy hazratlarining ushbu misralarini keltirishni joiz topdik: «Bilmagan oʻz qadrini, ne bilgusi soʻz qadrini» .

Darhaqiqat, soʻzning qadrini baland bilgan inson oʻzgalarning  qadr-qimmatini ham joyiga qoʻyadi. Sharqda xalq diplomatiyasi degan benazir tushuncha bor. Oʻzaro hurmat va tavoze bilan muloqot,  munosabatlarda suhbatdoshning diliga yoʻl topish – bizning  xalqona yondoshuvlarimizning tub negizini tashkil qiladi.

Bizga maʼlumki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz mazmun va mohiyatiga inson huquqlari gʻoyasi chuqur singdirilgan. Unda inson va fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda burchlariga  alohida  urgʻu berilgan. Qomusimizning  27-moddasida:  «Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega», deyiladi. Shuni unutmaslik lozimki, inson qayerda yashamasin, oʻsha yerda amal qiluvchi davlatning qonunlariga itoat etishga majbur. Insonning shaʼni va or-nomusi ham daxlsiz. Hech kim insonning shaxsiy yoki oilaviy hayotiga oʻzboshimchalik bilan aralashishi, oilaviy sir-asrorlarini oshkor qilishi, insonning uy-joy daxlsizligiga tajovuz qilishi mumkin emas. Insonni kamsitish, obroʻsizlantirish, haqorat qilish, tahqirlash qonunga xilof xatti-harakat hisoblanadi va bunday harakatlar uchun qonun boʻyicha tegishli javobgarliklar belgilangan.

Konstitutsiyamizda inson shaʼni va qadr-qimmati huquqiy institut sifatida aks etgan. Uning 13-moddasi birinchi qismida «Oʻzbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga koʻra inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi», deya eʼtirof qilingan. Fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmati kafolatlanadi. Bugungi axborot globallashuvi sharoitida, axboriy jamiyat shakllanayotgan bir vaziyatda, ayniqsa, fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatiga daxl qilishdan, shaxsiy hayotiga aralashishdan ehtiyot boʻlish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Oʻz oʻrnida har bir fuqaro oʻz shaʼni va obroʻsiga qilingan tajovuz va tahdidlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanishi va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega. Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etish orqali boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar. 

 Yangi tahrirdagi konstitutsiyamizning 26-moddasida «Hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas», deya belgilab berilgan. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, oʻz ifodasini topgan yuqoridagi qoidalar  Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt, Inson huquqlari va asosiy erkinliklari toʻgʻrisidagi MDH konvensiyasi va boshqa xalqaro meʼyoriy hujjatlarda ham oʻz aksini topganligini koʻrish mumkin.

Darhaqiqat, shaxsning shaʼni va qadr-qimmatiga gʻayriqonuniy tarzda tajovuz qilish qonun tomonidan tuhmat va haqorat qilish, deb belgilangan. Maʼlumki, qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obroʻsizlantirilishiga olib keladigan yolgʻon axborotni tarqatish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet tarmogʻida tarqatish BHMning (bazaviy hisoblash miqdori) 50 baravari (11 mln. 150 ming soʻm) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Endilikda  tuhmat jinoyatini sodir etganlik uchun (139-modda, 3-qism) BHMning 500 baravarigacha
(111 mln. 500 ming soʻm) miqdorida jarimadan 3 yilgacha ozodlikni cheklash (ilgari 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan), haqorat qilish jinoyatini sodir etganlik uchun (140-modda, 3-qism) BHM ning 600 baravarigacha  (133 mln. 800 ming soʻm) miqdorda jarimadan 1 yilgacha ozodlikni cheklash jazosi qoʻllanilishi belgilandi. (ilgari 1 yilgacha  ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanilgan).

Huquqiy davlat barpo qilish sharoitida har bir insonning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish, ushbu manfaatlarga tajovuz qilinishiga yoʻl qoʻymaslik  davlat va uning organlari faoliyatidagi asosiy vazifalar sanaladi.

 Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 100-moddasiga muvofiq, fuqaro oʻzining shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlar yuzasidan, basharti bunday maʼlumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga toʻgʻri kelishini isbotlay olmasa, sud yoʻli bilan raddiya talab qilishga haqli. Manfaatdor shaxslarning talabiga koʻra fuqaroning shaʼni va qadr-qimmatini uning vafotidan keyin ham himoya qilishga yoʻl qoʻyiladi. Vaholanki, fuqaroning shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan boʻlsa, aynan shu ommaviy axborot vositalarida raddiya berilishi lozim. Basharti, bunday maʼlumotlar tashkilotdan olingan hujjatda uchrasa, bunday hujjat almashtirilishi yoki chaqirib  olinishi kerak. Boshqa hollarda raddiya berish tartibi sud tomonidan belgilanadi. Zero, fuqaro va tashkilotlarning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini kamsitadigan maʼlumotlar tarqatilgan taqdirda, ularni himoya qilish sudning birinchi darajali vazifasidir.

 Shunday qilib, mamlakatimizda shaxsning qonuniy manfaatlari hamisha himoya qilinishi taʼminlanadi. Shaxsning  qadr-qimmati, shaʼnini qonuniy tarzda himoyalash  gʻoyasi  qonunchiligimizning eng muhim  normalaridan  biridir.

Hech kimga sir emas, Prezidentni ijtimoiy tarmoqlarda haqoratlaganlik uchun mamlakatimizda jinoiy javobgarlik belgilangan. Bu jarayon aholining keng muhokamasiga sabab ham boʻldi.  Davlatimizda qonunga ushbu oʻzgartishning kiritilishi ayrim odamlar tomonidan soʻz erkinligiga tahdid sifatida talqin qilindi. Vaholanki,  Konstitutsiyamizda nafaqat Prezident yoki biror davlat xizmatchisi, balki har bir insonning  hayoti, shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadi. Shuning uchun ham, mansabidan, egallab turgan lavozimidan  qatʼi nazar, har qanday  insonni haqorat  va unga tuhmat qilgan shaxslar  maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin. Ogʻirlashtiruvchi holatlarda esa ushbu harakatlarni sodir etganlik uchun  jinoiy javobgarlik ham nazarda tutilgan. Prezidentni haqorat va unga tuhmat qilganlik uchun qonunchiligimizda jinoiy javobgarlik ilgari ham  mavjud edi. Yangi qonun bilan, zamon talabiga koʻra, faqat «telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet, butunjahon axborot tarmogʻidan foydalangan holda»  degan ibora qoʻshimcha qilindi, xolos.

Prezidentlik Respublikasi hisoblangan Oʻzbekistonimizda Prezident nufuzi davlat va xalqning obroʻsi bilan chambarchas bogʻliq. Konstitutsiyamiz talablariga asosan Prezident – Oʻzbekiston xalqi nomidan ish olib boradigan shaxs hisoblanadi. Prezidentning shaxsi esa daxlsiz. Prezident konstitutsiyaviy maqomga ega.

Jahon mamlakatlari tajribasida, deylik, rivojlangan demokratik davlatlarda ham bu borada qatʼiy javobgarlik  mavjud. Jumladan, Germaniyada Prezidentni omma oldida haqorat qilganlik uchun 3 oydan 5 yilgacha qamoq jazosi va jarima toʻlovi, Polshada Prezidentni omma oldida haqorat qilganlik uchun 4 yilgacha qamoq jazosi, Kanadada davlat rahbariga tuhmat qilganligi yoxud internet tarmogʻiga shunday mazmundagi postlar tashlagani  uchun 14 yilgacha, Turkiyada Prezidentni haqorat qilganligi uchun 1 yildan 4 yilgacha qamoq jazosi, Niderlandiyada monarx, uning rafiqasi va vorisini haqorat qilganligi uchun 5 yilgacha qamoq jazosi belgilangan. Demak, bunday qonunchilik normalari  boshqa davlatlarda ham hech bir eʼtirozlarsiz amaliyotda qoʻllanilmoqda.

Xulosa shuki, jamiyatimiz fuqarolari orasida kundalik turmushimizda oʻzaro  hurmatning saqlanishi, inson qadrining huquqiy himoyalanishi yurtimizning ijtimoiy taraqqiyoti, barqarorligi, xalqimiz kelajagi, baxt-saodati uchun xizmat qiladi. 

Zero, xalqimizda «Tilga eʼtibor – elga eʼtibor», degan ajoyib naql bor. Soʻz masʼuliyatini dildan his qilgan inson  tilga  nojoiz soʻzlar bilan  erk-ixtiyor bermaydi.

Fikr-mulohazalarimizni taniqli shoir Sadriddin Salim  Buxoriyning quyidagi  misralari bilan yakunlashni lozim topdik:

Illat izlaganga – illatdir dunyo,

Gʻurbat izlaganga – gʻurbatdir dunyo.

Kim neni izlasa, topgay begumon,

Hikmat izlaganga – hikmatdir dunyo.

Dilbar Bekchanova, jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.