«PESHEXOD»DAGI VOQEA

0
148
marta koʻrilgan.

 Dushanba ogʻir kun deyishadi. Bu kun men uchun ham baʼzi tafsilotlar bilan boshlandi.

Ishga shoshib ketayotib, metro yoʻlidagi tartibga solinmagan «peshexod»da biroz kutib qoldim. Mashinalar juda koʻp. Aksiga olib, bir oʻzingiz tursangiz hech qaysisi yoʻl bermaydi. Shu yerda biron daqiqa qolib ketdim, xayriyat bitta mashina yoʻl berdi.

Qarasam ayol kishi ekan. Haydovchining madaniyati ham uning oilada olgan tarbiyasiga bogʻliq. Qadam qoʻyishimni bilaman signallar chalinib esimni chiqazib yuborishdi. Tez yuraman deb oyogʻimni qaltis bosib yuboribman. Oʻzi busiz ham oyogʻim ogʻrib yurgandi.

Oqsab ketayotsam, toʻxtab turgan mashinalardagi haydovchilardan biri «tezroq yursangiz boʻlmaydimi» degandek kuchli signal chaldi. Shundoq qarasam yoshgina yigit mashina oynasidan boshini chiqarib qoʻlini «paxsa» qilyapti…

Oyogʻimning ogʻrigʻiga chidab, zoʻrgʻa yoʻldan oʻtib oldim. Kichik peshexoddan oʻtishim bir soatga choʻzilgandek boʻldi. Ogʻriqning zoʻridan koʻzlarimni yumib olgandim. Keyin koʻzimni ochib orqamga qarasam, bir rus haydovchi bosh barmogʻini tepaga koʻtarib, «hammasi zoʻr» deganday ishora qilyapti. Uni koʻrib kayfiyatim koʻtarildi.

«Otlilar» orasida piyodalarni hurmat qiladiganlar, ularning ogʻrigʻi va vaziyatini tushunadiganlar ham bor. Oramizda bunday odamlar juda kam lekin borligi qalbingizga taskin beradi. Ana shunday insonlar omon boʻlishsin.

Manbaa: t.me/manzuruz

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.