Qanday kun baxtsiz, nursiz va omadsiz?

0
281
marta koʻrilgan.

Er-xotin orasida janjal chiqdi. Jahldan aqlini yoʻqotib, tilini tiyolmagan er xotiniga baqirdi:

— Sendan ajralaman! Va seni faqat baxtsiz, nursiz va omadsiz bir kunda nikohimga olaman!- deb baqirdi.

Ayol koʻz yoshi qilib ota uyiga ketdi. Er esa jahldan tushib, tinchlangach qilgan ishi, aytgan gapidan pushaymon boʻldi. Qishloq imomining oldiga borib unga hamma gapni gapirib bergan edi, imom:

 — Men bunga fatvo berolmayman, bunday kunni qayerdan topamiz? Sen shahar muftiysiga bor, u biror yechim topar,- dedi.

 Ertasi kuni yigit shaharga tushib, muftiyga uchrashdi. Muftiy ham qishloq imomidan orttirib bir narsa demadi.

 — Unaqa kunni qayerdan topamiz?- dedi yelkasini qisib.

Yigit muftiyatdan umidsiz alpozda chiqib, bir doʻkon yonida uzoq oʻtirdi. Doʻkon egasi yigitni gapga solib, dardini soʻradi. Qaygʻusi qalbiga sigʻmagan yigit doʻkondorga hamma gapni aytib berdi. Doʻkon egasi yigitni eshitib boʻlgach, shunday dedi:

 — Hu, anavi yupun kiyingan, sochlari paxmoq, aft-angori bir ahvoldagi odamdan dardingning davosini soʻragin, undan bir gap chiqadi…

 Yigit chiqmagan jondan umid, deya borib faqirga qaygʻusini soʻzlab berdi. Faqir kishi oʻychan tinglab turdi-da, soʻradi:

 — Bomdod namozini oʻqidingmi?

 — Yoʻq,- dedi yigit. – Uxlab qolibman, ulgurmadim…

 — Bugun ota-onangdan hol –ahvol soʻradingmi? Yoki ularni duo qildingmi?

 — Shaharga kelishim kerak edi, shuning uchun ular bilan uchrashgani vaqtim boʻlmadi.

 — Yigit hayron tikildi soʻrovchiga. Faqir kishi yana soʻradi:

 — Bugun Qurʼon oʻqidingmi?

 — Vaqtim boʻlmadi, oʻqiyolmadim — dedi yigit.

 Faqir kishi taassuf bilan bosh chayqadi:

 — Bor, rafiqangni nikohlab ol. Bomdod namozi oʻqilmagan, ota-onadan hol-ahvol soʻralmagan, ularning haqiga duo qilinmagan va Qurʼon oʻqilmagan kundan baxtsiz, nursiz va omadsiz kun boʻlmaydi!..

 Dildora Mavlyanova tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.