Qisasi ar-Rabgʻuziy: Qisasi Odam safiy alayhissalom — Odam Ato va Momo Havo qissasi

0
17377
marta koʻrilgan.

Milodiy 1309–1310 yillarda yozilgan “Qisasi Rabgʻuziy” asarini kitobat olamining goʻzal, betakror bir obidasiga qiyos etgulik! Yozma yodgorlikda Odam Ato va Momo Havodan tortib, Muhammad Mustafogacha yashab oʻtgan paygʻambarlarning hayoti, ezgu oʻy, ezgu amallari hikmatlar, rivoyatlar orqali mohirona aks ettirilgan. Unda Sharq falsafasi bilan qadimiy milliy qadriyatlarimiz uygʻunlashib ketgan.

Qadimiy turkiy tilni oʻzida ifoda etgan ikki jilddan iborat boʻlgan ushbu bebaho durdona asarning zamonaviy oʻzbek tilidagi talqinini Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva amalga oshirgan.

Durdona asarning navbatdagi qismida  Odam Ato va Momo Havo qissasi  bilan tanishasiz.

Odam Ato va Momo Havo qissasi. Yer yuzining birinchi odami, sultoni, paygʻambari tuproqdan yaratildi, qudrat ila tiriltirdi, ulugʻ koʻkka koʻtarildi, jannat ichra kiritildi, Havodek juft berildi. Iblis vasvasasiga ilindi, yorugʻ jannatdan ayrildi, qorongʻu dunyoga quvildi, Uch yuz yil Allohga hamdu sanolar aytib, tavbalar qildi. Iltijolari qabul etildi.

Haq yaratdi tangsuq Odamni tafiz yer koʻrkidan

Oʻzga surat tuzdi andogʻ ajun ichra ilkidan.

Taxtini koʻtarib farishta ujmoq ichra kivurib,

Tezginurda chiqmadilar hargiz aning erkidin.

Chiqdi Havvo birla boʻlib xush tanaʼum qildilar.

Ichdilar ujmoq sharobin, yedilar et erkidin.

Bildi asmo ilmini ul etu berdi belguluk,

Barcha tillar birla soʻzlar tozi forsiy turkidin

Oʻrkadi besh yuz yilanda jufti birla ovunib,

Ichdi sharbat sigʻraqinda yedi neʼmat tarkidin.

Mundi ujmohning buroqin kezdi aning tegrasin,

Xulla qizdi egniga ham boshgʻa urdi boʻrkidin.

Ozdi iblis makri birla biruk erdi yolgʻuzin

Ikki bugʻdoy yedi chiqdi sekkiz ujmoh mulkidin.

Quroni karimda yozilicha: paygʻambar dedilar Kimda kim dunyo ajoyibotlarini koʻrmoqchi boʻlsa Odam alayhissalom qissasiga qarasin.

Olloi Taola Odam Atoni yaratmoq istaganida Jabroil farishtaga xitob keldi: “Borgʻil Yer yuzidan bir hovuch tuproq keltirgil”. Jabroil farishta tuproq olmoqchi boʻlsa, yer koʻksimni buzmagil deya yalindi. U rahm qildi.

Soʻngra Isrofil farishta yuborildi. U ham tuproq ololmadi. Mekoil farishta ham quruq qaytdi. Oxirida Azroil farishta joʻnatildi. Tuproq unga ham yalindi. “Sening iltijolaringdan koʻra Mavlo Taoloning buyrugʻi azizroq” deya javob berganida, Yaratgandan xitob keldi: “Ey, Azroil, nihoyatda qattiq koʻngilli ekansan taqdir boʻldikim, barcha tanlilarning jonini senga oldurgʻayman”.

U tuproqning suvi turfa rangli, turli taʼmli boʻlib, achchiq-chuchuk, sariq-yashil, qizil-koʻk, qattiq-yumshoq, hidli–hidsiz barcha xususiyatlar mavjud edi. Shuning uchun ham Odam Ato farzandlari bir biriga mengzamaslar: muloyimu qoʻpol, oqu qora, sarigʻu bugʻdoy rang, xushsuvratu badxunuk…

Azroil tuproqni Toif bilan Makka orasidagi Daxno otli yerga joyladi. Qirq yil tuproq izra yomgʻir yogʻdi. Oʻttiz toʻqqiz yil qaygʻu, bir yil sevinch yomgʻiri yogʻdi. Shuning uchun odam bolalariga quvonchli kunlardan koʻra qaygʻuli damlar koʻproq boʻldi. Qirq yildan keyin tuproqni oʻz qudrati ila suvrat qildi.

Odamni tuproqdan yaratmoqning hikmati ne edi? Qachonki, Mavlo Azza va jalla Odamni yarataman deb xitob qilganida, barcha narsalar mendan yaratgil, deb taʼma qildilar.

HIKMAT:

Togʻ aytdi: “Men haybatliman”. Dengiz aytdi: “Men hayotbaxshman”. Oltin aytdi: “Men azizman”, Koʻk aytdi: “Men ulugʻvorman”. Barcha narsalar oʻzlaridan faxrlanib maqtandilar. Faqat Yer tavoze ila dediki: “Men barcha narsadan zaifman. Menda quvonchli hech vaqo yoʻq.” Shunda xitob keldi: “Men odamni tuproqdan yarataman” va Odamni tuproqdan yaratdi.

Kamtarligu xokisorlikka daʼvat yetuvchi yana bir rivoyat mavjud.(Z.R.;S.N)

Iblis yetmish ming farishta bilan Odamni tomosha qilgani keldi. Uning qornini qoqdi. Ichini gʻovak koʻrdi. Farishtalarga aytdi: “Uni yoʻldan chiqarmoq oʻngʻay boʻlgʻay”. Yana soʻradi: “Agar Mavlo Azza va Jalla sizlarga erklik bersa, boʻysunarmisiz?” Barchasi “boʻysunarmiz”, deya javob berishdi. Iblis: “Men boʻysunmayman”-dedi. Quroni karimda shunday deyiladi: Xudo ismiga qasamyod etamanki, agar Olloh uni meni ustimdan hukmron qilib qoʻysa men unga boʻysunmagayman va agar meni uning ustidan hukmron qilib qoʻysa uni oʻldirgayman. Shu payt u kofir boʻldi.

Qirq yildan keyin Odam Atoning joniga tanga kirgil deb buyruq keldi. Jon Odam Atoning boshi uzra turdi, kirishiga unamadi “Men yuqoriman, pastakka qanday kiray”, dedi. Shunda Jabroil alayxis-salom kelib dedi: “Ey jon, Izi Azza va Jalla oti birla kirgil”. U Ollohning nomini aytib tanga kirdi. U odam Atoning boshida ikki yuz yil turdi. Undan koʻziga oʻtdi. Koʻzlari tirildi. Burniga keldi. Aksi urdi. Jabroilga xitob keldi: “Odamning burnidan chiqqan faxorini omonat saqlagil” deb. Undan ogʻziga keldi. Jon qorniga kelganida taom tiladi. Jon ichiga yoyiladi. Suyak, et, teri, tomir singarilar yaratildi. U tebrana boshladi. Odamning terisi nihoyatda goʻzal boʻlib, u kundan-kunga yanada goʻzallashardi. Qachonki, adashib xatoga yoʻl qoʻydi, terisi aynidi.

HIKMAT:

Jon vujudga bir soatda kirdi, chiqarda mashaqqatli boʻlishiga sabab nedur?

Kirarda Ollohdan xitob eshitib kirdi, chiqarda rahmat sevinchi eshitmaguncha chiqmas, kimki baxtli boʻlsa yaʼni gunohi kam boʻlsa joni tez chiqar, kim badbaxt boʻlsa, odamlar dilini koʻp ogʻritgan boʻlsa, jon chiqishi qiyin kechar.

Odam safiy u yerda yetti kun oʻtirdi. Soʻngra Yaratgan egam gavharlar ila bezatilgan oltin taxt yubordi. Boshiga oltin toj kiydirib, taxtda oʻtqizdirdi. Yetti yuz ming farishtalar atrofida turdi. Ul taxt “Masjid ul-Haram” deyilardi. U Kaʼbacha kelardi. Odamni barcha koʻrkliklar bilan bezadi. Koʻzlaridek tishlaridan nur balqirdi. Muhammad al-Mustafoning ziyosi uning oldida koʻmilib ketardi. Odam u nurning yorugʻini koʻrib, men bir koʻrsam deya tiladi. Nur odamning yonogʻiga koʻchdi, undan qoʻliga oʻtdi. U shahodat barmogʻining uchiga kelganida odam hayrat-la barmogʻini koʻtarib, shahodat kalimasini aytdi. Barmogʻini koʻtarib shahodat kalimasini aytmoq shundan odam bolalariga urf boʻlib qoldi. Farishtalar Odamni koʻkka koʻtardilar. Jabroil ipakdan yaratilgan Maymun otli ot keltirdi. Odam unga mindi. Jabroil tizgin tutib, Mekoil oʻngida, Isrofil soʻlida yurib, koʻkni sayr qildirdilar. Farishtalar yoʻliqqanda Odam Ato “Assalomu alayka yo maloikatallohi” deb soʻrashar edi. Unga farishtalar “Alaykumus-salomu va rahmatullohi va barakotuhu” deb alik olardilar.

Odam bolalariga salomlashish ana shu davrdan meros qolgan.

Odam Atoni ujmohga (jannat) kiritganida koʻngli toʻlmadi. Chunki, oʻziga oʻxshagan yaralmish yoʻq edi. Olloh Odam Atoni uyquga ketgazdi va uyqudaligida chap qovurgʻasidan Momo Havoni yaratdi.

HIKMAT:

Odam Atoning uzoq uyquda chap biqinidan Momo Havoni yaratmoqning sababi ne edi?

Agar Odam Ato uygʻoq boʻlsa, joni ogʻrib, Havoni dushman bilishi mumkin edi. Agar oʻzidan yaratilganini bilmasa, unga koʻngil qoʻymasdi. Olloh uni egri suyakdan yaratdi. “Xotinni –egri qovurgʻani toʻgʻirlamoqchi boʻlsang, sindirib qoʻyasan. Bas, u bilan murosa qil shunda birga yashay olasan”- deyiladi hadisda ham.

Momo Havo juda goʻzal edi. Odam Atoning koʻngliga mehr-muhabbat tushdi. Xabarda andak kelur: Izi Azza va Jalla goʻzallikni yuz ulush qildi. Toʻqson toʻqqizini Momo Havoga berdi. Bir ulushni barcha odamlarga ulashdi. U bir ulushni yana oʻn ulush qildi. Toʻqqizini Yusuf paygʻambarga, bir ulushini barcha odamlarga berdi. Odam Ato Momo Havoni koʻrib, ragʻbati kelib “Yaqinroq kel” dedi. Momo Havo esa: “Meni istasang oʻzing kel” deya javob berdi. Odam Havo yoniga keldi. Agar biror soat sabr qilsa edi. Havo oʻzi kelardi. Undan er xotinlarga bormoq sunnat boʻlib qoldi. Ammo, qachon jannatga kirsalar xotinlar erlar yoniga keladilar. Odam Havoga yaqinlashganida Jabroil farishta nikoh qilmaguncha yontashish ravo emasligini aytadilar. Mavlo Jalla Jaloluhu ikkalasining nikohini xutba qildi.

Yana shunday rivoyat mavjud. Odam Atodan soʻradilar: “Nega Odam atalding” Javob aytdi. Yer yuzidan yaratildim. Zero arab tilida yer sirtini –adim deyarlar. Nega Havo atadilar? Arab tilida tirikka-“hay” deydilar. Odam va Havo nikohlangach xitob keldi: “Odam jufting birla jannatga kir, neʼmatlarni yeng. Faqat bir daraxtga yaqinlashmang, zolim boʻlgʻaysiz” U bugʻdoy edi. Faqat ulamolar orasida ikki xil fikr bor: Havo jannatda yaratildimi yoki yerda? U paytda Azozil ujmogʻda edi. Barcha farishtalarga ustoz boʻlib ilm oʻrgatardi. Bir kun “Lavxul mahfuz” da koʻrdilar farishtalardan biri maʼlun boʻlgʻay. Farishtalar undan qoʻrqdilar Azozilga kelib: “Sen ustodimizsan, bizni duo qil Azza va Jalla bizni laʼnatdan asrasin”. U duo qildi, farishtalar omin dedilar Izi Azza va Jalla uning duosi bilan barcha farishtalarni laʼnatdan saqladi. Oʻziga maʼlunlik yopishdi. Chunki, ular Odam yaratilmasdan burun Odam bolalari fasad ishlar bilan shugʻullanadi, bir-birining qonini toʻkishadi, deya igʻvo qildilar. Olloi Taolo ulardan buni kutmagan edi. Hukm qildi: “Odam avlodlarini gʻiybat qildingiz. Savobingiz olinib, ularga berildi. Taxtni koʻtarib, jannatni kezdiring”.

Yaratgan egam Odam Atoga “Asmo ilm” ni oʻrgata berdi U barcha narsalarni farishtalarga koʻrsatdi, ularning otini soʻradi. Farishtalar ojiz qoldilar. Soʻngra Odam Atoga ularning nomlarini aytishni buyurdi. Barcha narsalarning nomini aytdi. Yaratgandan xitob keldi: “Ey, farishtalar, men bilgan narsani siz bilmaysiz deb aytmadimmi?! Endi sizga, maʼlum boʻldiki, Odam olim, siz-obidsiz. Mening nazdimda ming obiddan bir olim fozilroqdir. Qayerda olim boʻlsa, unga obid yordamga kelsin. Ul maxdum boʻlsin, sizlar xodim boʻling, ul masjid boʻlsin, siz sojid boʻling Odamga sajda qiling”.

Barcha farishtalar sajda qildilar, yolgʻiz Azozil boʻysunmadi. Farishtalar sajda qilgach, qarasalar Iblis sajda qilmay turardi. Ular shukr deb sevinishdida va yana bir marta sajda qilishdi. Bugungi kunda nomozda ikki marta sajda qilish ana shundan qolgandir.

Xabarda andoq kelur: Ujmoq ichida yarim kun qoldi. Ul jahonning bir kuni bu jahonning besh yuz yiliga teng boʻlur. Tuproqdan yaralmishdan beri bir ming ikki yuz qirq yil oʻtgan edi. Azozil qachon sajda qilmadi xitob keldi: “Nega sajda qilmading?”. Iblis aytdi: “Men undan ortiqroqman, meni oʻtdan yaratding, uni qora tuproqdan”. Shu javobni aytgach, unga Iblis deb nom berildi. Maʼnosi “navmid” noumid demakdir. Iblis oʻtni tuproqdan ortiq hisobladi. Bilmadiki, Olloh nazdida tuproq olovdan ortiqdir. Chunki, u oʻgʻri misol nimaki, oʻt-olovga berilsa, uni qamrab olib yoʻq qiladi. Biroq , tuproq bir hovuch olsa, oʻnni yuz qilib qaytaradi.

HIKMAT:

Iblis oʻtga quvondi. Kibr qildi. Kofirlardan boʻldi. Olloh aytadiki, kimki biror narsa bilan maqtansa, oʻsha narsa bilan azoblanur. Iblis tiladi: Ilohim yuz ming yil toat qildim uning savobi yoʻqmi? Xitob keldi: nima tilaysan? Qiyomat kunigacha umr bermoqlikni tiladi. “Ey parvardigorim, ular tiriladigan kuniga qadar menga muhlat ber”.

Tafsirchilar, mufassirlar aytishicha badbaxt shayton bejiz qiyomatgacha umr soʻramadi. U qiyomatgacha tilasam, u yogʻi abadiy tirik boʻlaman deb oʻylagan. Mavlo Taolo uning koʻnglidan kechganini bildi va dedi: “Albatta sen muxlat berilganlardandirsan, to maʼlum vaqtgacha”.

Savol: Odam va Havoni bugʻdoydan yedirmishida qanday hikmat hosil? Javob: Jannatdan chiqmoqqa sabab darkor edi. Zero, Parvardigor egam Yer yuziga xalifa yarataman degan edi.

Nafsut tuqa al-mushtara

Val mushtari rabbul vara

Vajinanuxu asmanuxu

Val mustafa dilaluxu

Lakin sakkahu Tavrotu,

Injulu, Zaburu, Furqanuxu

Savol: Odamni jannatga kiritmoqdan maqsad nima edi? Javob: Odam Ato avlodlari uning qobirgʻasi ostida edi. Ularga avlodlarini koʻrsatmoq boʻldi. Izi Azza va Jalla Odamning oʻgʻlonlarini qobirgʻasidan chiqardi. Mavlo xitob qildi: “Men sizning tangringizmanmi?” Barcha javob qaytardi: “Tangrimizsan”. Odam Ato ularni koʻrib soʻradi. “Iloxiy bular kimlardir?” Xitob keldi: bular seni avlodlaring, farzandlaring, qiyomatga qadar”. Odam ularni koʻpligini koʻrib yana soʻradi: yer yuziga qanday sigʻgaylar. Xitob keldi: “Ey, Odam, ularni toʻrt ulush qilgʻayman bir qismi otalarining umurtqasida, bir ulushi onalar qornida, bir ulushi yer yuzida, bir ulushi yer qoʻynida”.

Odam ularni kuzatdi. Birini semiz, birini ozgʻin, birini oqsoq, birini koʻr, birini aybsiz koʻrdi. Soʻradi: “Ilohim ne uchun ularni birdek yaratmading?” Farmon keldi: “Ey, Odam, doʻzaxni va unga kiruvchilarni hammasini birdek goʻzal yaratsam menga shukrona bildirmasdilar”.

Yana bir rivoyatda aytilishicha, Parvardigor odam bolalarini dunyoni kezishga yubordi. Ularning koʻpchiligi qolib, baʼzilari qaytib keldi. Mavlo taolo yana bir guruhini jannatga yoʻllaydi. Ularning yana koʻpchiligi qoladi. Baʼzilari qaytib keldi. Aytmishlar dunyoda qolganlari kofirlar, ujmoxda qolganlari moʻminlar edi. Qaytib kelganlari Ollohning xos qullari paygʻambarlari edi. Mavlo Taolo ulardan soʻradi: “Dunyoda qolmadingiz, ujmoxni istamadingiz, tilagingiz nima?”. Aytdilar: “Ilohim, bizga dunyo kerakmas, uqbo kerakmas. Bizga sen keraksan”. Mavlo Taolo aytdi: “Xazinamning eng ogʻir balosini yuboraman”. Paygʻambarlar soʻradilar: “Ilohim, balo kelmishda sen biz bilan boʻlarmisan?”. Aytdi: “Boʻlurman”.

Darhaqiqat, baloning eng qattigʻi paygʻambarlarga keladi, undan soʻng avliyolarga, undan soʻng tartib bilan. Iblis jannatdan quvilgach vasvasa bilan Odam Ato bilan Momo Havoni ujmoqdan chiqarmoqni istadi. U paytlarda ilon tevadek katta, qanotlari turfa rangda tovlanadigan nihoyatda goʻzal edi. Iblis undan “Meni jannatga olib kir”, deb soʻradi. U unamadi. Iblis “ogʻzingni och” dedi. Ogʻzini ochganida tilining tagiga kirib oldi. Ilon boʻlib, Odam Atoga soʻzladi. U tinglamadi. Ayol kishining koʻngli yumshoq boʻladi deb, Momo Havoga soʻzladi. “Mavlo Taolo bugʻdoyni nima uchun yema deganini bilarmisan?” deb soʻradi. “Yoʻq”. –dedi. “Uni yegan kishi ujmoxda mangu qolur” dedi. Havo butoqdan yedi. Odam Atoni ham yeyishga daʼvat etdi. Odam Ato u soatda ahdini unutdi. Bugʻdoyni chaynadi, yutadigan paytda Yaratgan egamning buyrugʻi yodiga tushdi. Yutgisi kelmadi. Chiqarib tashlayolmadi. Shu-shu eranlarda (erkak kishilar)ning tomogʻida yumgʻoq(hiqildoq) bor, tishilarda (ayollarda) esa yoʻq. Shundan keyin toj boshlaridan tushdi.

HIKMAT:

Yahyo ibn Maoz – al-Roziy deydilar: Hajga bordim. Tun qorongʻusida ovoz eshitdim. Uni izladim. Sas tikon oʻtlar orasida kelardi. “Nega yigʻlayapsan”, deb soʻradim.” “Nega yigʻlamayin? Farishtalarga ustoz edim. Oxiri laʼnatga uchradim”. Bildimki, Iblis soʻzlayapti. Dedim: “Nega sajda qilmading?” Aytdi: “Menga sajda qil dedi, qilmadim. Odamga bugʻdoyni olma dedi. Uni oldi, yedi. Biroq, uni kechirdi. Meni kechirmadi. Savol berdim: Odamni kechirdi, seni kechirmadi. Hikmat ne edi. Javob: “Azalda odam taqdiri haqida inoyat bor edi, meni xaqimda yoʻq. Azalda boʻlgan inoyat boʻlur”.

Momo Havo bugʻdoyni yegach yigʻladi, unda hayz zoxir boʻldi. Qiyomatgacha u ayollarga meros qoldi.

Savol: Hayzning muddati oʻn kun boʻladi. Undan hikmat na ermish. Javob: Momo Havo bugʻdoy olgani borib kelgunicha oʻn qadam tashladi. Aning uchun oʻn kun boʻldi. Savol: Uzoqi oʻn ozi uch kun. Sababi nedur? Javob: Bugʻdoyga uch narsa bilan yetishdi. Oyoq birla bordi. Qoʻli bilan tutdi. Ogʻiz bilan yedi. Shuning uchun ozi uch kundir. Savol: Istixoza nima? Javob: Momo Xavoning tavbalari qabul qilindi. Va hayz boʻldi. Tavbadan keyin u yigʻladi, yigʻilari istixoza boʻldi, soflik berdi. Savol: Nifos na ermish? Javob: Havo bugʻdoy yogʻochin olib kelguncha qirq dam urdi. Shuning uchun har bir dami bir kunni bildiradi.

Yana maqsadga kelsak. Qachon Odam va Havo tojdan ayrilib, yalangʻoch qolgach, barcha daraxtlardan yaproq soʻrab yugirdilar. Jiydaning yogʻochi yaproq bermadi. Shuning uchun qurib qolsin, deb Odam bolalari uni suvsizroq joyga ekadilar.

Barcha daraxtlarda olov mavjud. Suv ichmasa qurishadi. Izi Azza va Jalla jiydaning oʻtini ketkazdi. Shuning uchun kosiblar toʻn tikkanda ishlatiladigan toʻqmoqni undan tayyorlaydilar. Hukm keldi: Ey, Odam mendan qocharmisan? Aytdi: “Ey, Ilohim, uyalgandan sendan senga qocharman”. Ilohim, hukm qilding, qazo yuritding, mani kechirgil, yorliqqolgil”. Yorliq keldi: “Seni yorliqoldim. Sendan keyingi oʻgʻlonlaring ham tavba qilsalar, ularni ham yorliqolgayman. Endi, ujmohdan chiqqin”,-dedi.

RIVOYAT:

Anjir yogʻochi Odam Ato va Momo Havoga beshta yaproq berdi. Ular andomlarini bekitdilar. Tong otgandan keyin u beshta yaproqning birini kiyik yedi, mushk boʻldi, birini sigir yedi, anbar boʻldi, birini ari yedi, asal boʻldi. Birini qurt yedi, ipak boʻldi. Birini odam yerga tikdi yung boʻldi. Qiyomatga qadar oʻgʻlonlarga kafan boʻldi.

HIKMAT:

Anjir yaprogʻi Odam Atoga yaproq bergani uchun Tangri uni jazoladi. Barcha yemishlar uch turlidir:Birlari olma, nokdek usti yeyilar urugʻi yeyilmas, baʼzilari yongʻoq, bodom kabi magʻzi tanovul etilar, baʼzilari qovun, tarvuzdek ichi ham, poʻsti ham yeyilmas, ammo anjirning hammasi yeyilar.

Xitob keldi: “Odam va Havo bilan birga Iblis, tovus ham jannatdan chiqarildi.” Odam Hindistondagi Anjalus nomli yerdagi Sarandip togʻiga tushdi. Havo Jadda togʻiga tushdi. Iblis Basraga tushdi. Tovus Nishonga tushdi. Barchasining suvratu siyrati oʻzgardi. Iblis maʼlun, tovus ilondek yerda sudralib yuradigan boʻldi.

Odam tushgan yerda achchiq-achchiq yigʻladi. Koʻz yoshidan tomgan yerda yogʻochlar undi. Yoʻllar, buloqlar paydo boʻldi. Koʻkatlar, dorivor giyohlar undi. Havoning koʻz yoshi tomgan yerda ud, qalampirmunchoq, sunbul, xino, oʻsma oʻsdi. Ular qiyomatga qadar odam avlodiga meros qoldi.

Iblis yer yuzidagi qurt qumirsqalarni yigʻib dedi: Yer yuziga kimki keldi sizlarga oʻxshamaydi. Ularni yoʻq qilmasangiz, sizlarga qiron keltiradi. Barchasi yigʻilib keldilar. Avvalo secha kelib, Odam boshiga qoʻnib, sochini yula boshladi. Shuning uchun sechani odam bolasi patini yulib, qovurib istemol qiladi. Odam qush-qurtlarni koʻrib qoʻrqdi. Nido keldi “Ey, Odam, ularning biriga mehr koʻrsatgil.” Odam itning boshini siladi, u ilidi. Qush- qurtlarning barini quvdi. U kundan beri Odam bolalari bilan birga qoldi.

Yana farmon keldi: “Ey, Odam, Makkaga borgil. Men uchun bir uy bunyod et.” Odam dedi: Ilohim u yerni men bilmasman. Mavlo Taolo bir qushni yoʻl koʻrsatuvchi qildi. Oti arab tilida Axyol, turkiyda koʻk qargʻa edi. U uchar edi. Odam ergashdi. Odam Ato Makka yeriga kelib bir uy qurdi, “Bayt al-maʼmur” otli. U uyning atrofida tavof qildi. Mavlo Taolo Odam Atoning uy qurishini savob deb qabul qildi, gunohini kechirdi. Qachonki, katta Nux tufoni boʻlganida Mavlo yorligʻi bilan Jabroil u uyni toʻrtinchi qat koʻkka oshirdi.

Mavlo Taolo sakkizta qoʻy yubordi, yettisi sogʻin biri qoʻchqor. Momo Havo u qoʻylarning yungini yigirdi. Odam Ato toʻqidi. Ikkalasi toʻn tikib kiydilar. Shuning uchun yer yuzida qoʻydan aziz narsa yoʻq derlar.

Mavloning yorligʻi bilan ikki sigir keltirdi. Biri qizil, biri qora. Yana ujmoxdan bugʻdoy keltirdi, va uni uch hissa qildi. Ikki boʻlagini Odamga, bir bir boʻlagini Havoga ajratdi. Har biri yuz ming edi. Sigirlar jannatdan chiqayotganda yigʻladilar, koʻz yoshidan noʻxot undi. Jabroil uyum bugʻdoyni uchga boʻlganda, Odam Ato va Momo Havo uni ekdilar. Odamning ekkanidan bugʻdoy undi. Momo Havo ekkan yerda arpa oʻsdi. Odam soʻradi: “Yeyinmi Jabroil aytdi: “Yoʻq , oʻssin” oʻsgach yana soʻradi. “Oʻrgil” dedi. Oʻrdi. Yana soʻradi. “yanchgʻil” dedi, yanchdi. “Shamolga sovur”, dedi. Sovurdi. Soʻngra farishta oʻrgatganidek bugʻdoyni yanchib, non pishirdi. Soʻngra yana isteʼmolga izn soʻradi: “Yeyinmi”. Farishta dedi: “Ey, Odam, kunning ikki ulushi ketdi. Bir ulushi qoldi, Kechga qadar sabr qil, roʻza tut” dedi. U kun Ashur kuni edi. Odam koʻmochni yemoqchi boʻlganida yana Jabroil keldi. Nonni uch ulush qildi. Ikki ulushini Odamga, bir ulushini Havoga berdi. Shuning uchun erga ikki, xotinga bir ulush tegadi. Odam oʻz ulushini tugal yedi, Havo yarmini yeb, yarmini asrab qoʻydi.

Jabroil keldi: “Ey, Odam, Havo ham sendek oʻz ulushini tugal yeganida edi, avloding qiyomatgacha qahatchilik nima bilmasdi”. Odam kumochni yegach, qorni ogʻridi Jabroil odamning qoʻlidan tutib yozilishga eltdi. Odam yozildi. Badboʻy tarqaldi. Soʻradi: “Ey Jabroil bu nima” “Jabroil javob berdi: Bu seni gunoxingni eslatib turguvchidir. Undan keyin Jabroil Odam qoʻlini boshiga urdi. Odamning boʻyi yetmish qari (qoʻl uchidan tirsakkacha boʻlgan oʻlchov birligi ) kamaydi.

Momo Havo Jadda togʻida yurib, qorni ochsa, dengiz boʻyiga oʻtib, baliq tutib, uni qattiq narsaning ustida pishirib yerdi. Odam ikki yuz yil yigʻladi. Ikki yuz yildan keyin Arofat togʻida uchrashdilar, qovushdilar. Odamdan yuklik boʻldi. Oʻsha yuk ogʻirlashganda har ikallasi Ollohga yolvordilar. Iblis Havo yoniga keldi. Soʻradi. Qorningda nima bor? “Bilmayman” javob qildi. “Qorningdagi sigir, yilqi boʻlsa-chi?” dedi Iblis. Havo bu soʻzdan gʻamga botdi. Iblis yana dedi: “Men Olloh oldida pokiza moʻmin kishiman. Duo qilaman. Ollohdan soʻrayman. Sendek pokiza, goʻzal vujud tugʻilishini. Sen meni ismimni qoʻyarmisan?” deb soʻradi.

-Seni oting nadir?

-Otim –Xoris.

Havo oʻgʻil tugʻdi. Otini Xoris deb atadi.

Xabarda aytilishicha, Havo yetmish marta egizak-bir oʻgʻil, bir qiz tuqqan.

Odam Ato yil sayin qurbonlik qilar, u qabul boʻlsa koʻkdan olov kelib, kuydirardi. Odam Ato non yeyar edi, goʻshtni orzu qildi. Farmon keldi: “Borgil, qush ovlagil”. Ovladi bir qirgʻovul va bir burgut tutdi. Ularni soʻyib, oʻtga tutdi, qirgʻovul pishdi, burgut pishmadi. Odamning alami kelib, oʻtga koʻmdi. Tamoman kuydi. Odam qirgʻovul ikkalamizga oshlikka yetmas deb kuyindi. Qirgʻovul Havoga, burgut Odam Atoga atalgandi. Jabroil dedi: “Ey, Odam kuyinma, Olloh senga burgut oʻrniga boshqa yemish bergay”. Shundan keyin burgut goʻshti Odam avlodlariga qiyomatga qadar harom boʻldi. U davrda qurbonlikni kuydirmak harom boʻldi, yemak halol boʻldi.

Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Nodira Saʼdullayeva, Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.