Qisasi ar-Rabgʻuziy: Shis Alayhissalom qissasi

0
4637
marta koʻrilgan.

Milodiy 1309–1310 yillarda yozilgan “Qisasi Rabgʻuziy” asarini kitobat olamining goʻzal, betakror  obidasi deyilsa arziydi! Yozma yodgorlikda Odam Ato va Momo Havodan tortib, Muhammad Mustafogacha yashab oʻtgan paygʻambarlarning hayoti, ezgu oʻy, ezgu amallari hikmatlar, rivoyatlar orqali mohirona aks ettirilgan. 

Qadimiy turkiy tilni oʻzida ifoda etgan ikki jildlik ushbu bebaho durdona asarning zamonaviy oʻzbek tilidagi talqinini Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva amalga oshirgan.

Durdona asarning navbatdagi qismida Shis Alayhissalomning hayoti va faoliyati bilan tanishasiz.

Shis Alayhissalom qissasi. Hobildan 130 yil keyin Shis tugʻildi. Shis sarboniy tilida “hibatulloh” yaʼni Tagri atosi demakdir. Ism “Hobilni oldim oʻrniga Shisni ato qildim” degan maʼnoni anglatadi. Odam Ato Shisni gʻoyat katta otalik mehri bilan suyar edi. Yaratgan egam Odam Atoga ming bir hunar oʻrgatgan edi. U oʻgʻli Shisga esa boʻzchilik siridan saboq berdi. “Uyda oʻtirib ishlagil. Barcha hunarlarning savobi undan ungay” deb tiladi. Barcha qarindoshlari aytdilar. “Shis uyda oʻtirib ishlaydi, biz dasht-u dalada, issiq-u sovuqda mehnat qilamiz. Biz ham boʻzchilikni oʻrganib, soya-yu salqinda, rohatda ishlashni xohlaymiz”.

Odam Ato bu gʻarazni eshitib, duo qildi. “Ilohim, boʻzchilikdan bularning koʻnglini qoldirgil”. Mavlo Azza va Jalla bu hunardan barakotni oldi. Boʻzchi boʻzga yalchimasligi ham ana shundan!

Hikoyatda aytilishicha: Bir kishi Rasul alayhis-salomga keldi: Dedi: “Yo Rasululloh, mening molim koʻp ziyoda boʻldi. Uni mashaqqat tortib toʻpladim, biroq moʻl-koʻllikning ham ozori bisyor ekan. Birovga bergim kelmas nima qilayin?”. Rasul alayhis-salom dedi: “Yulgʻin yogʻochidan tayoq tut”. U shunday qildi. Moli tugadi. Yana aytmishlar: Bibi Mariyam qochayotgan paytda boʻzchilardan yoʻl soʻradi. Ular yovuz yoʻlga yoʻlladilar. Tikanlik yerlarga bordi, qargʻadi. Yana aytmishlar, Bibi Mariyamni chuqur suvlik sari boshlaganlar. Chunki, ular goʻzal Bibi Maryamning vujudini koʻrish niyatida boʻlishgan. Oʻshanda Bibi Mariyam “Ilohim ularning amallaridan barakatni ketgazgil” deb tilagan.

Yana boshqa bir rivoyatda aytilishicha: “Solix yalovoch (paygʻambar)ni boʻzchilar oʻldirganlar. Yana aytmishlar, boʻzchilik ezgu amal hisoblanadi. Zero, u oʻliku tirikka kerak. Xabarda taʼkidlanishicha: Rasul alayhisallom yorlaqadi: “Qanday yaxshi hunar toʻquvchilik xotin-qiz ummatlarimga va qanday yaxshi hunar tikuvchilik er ummatlarimga. Agar ular yolgʻonchi boʻlishmasa edi”.

 Yana boshqa rivoyatda aytishlaricha: boʻzchida olti xislat mavjud: birinchisi savobli boʻlarlar, ikkinchisi jurʼatli, uchunchisi-pastkoʻngil va gʻarib doʻst boʻlarlar, toʻrtinchisi kamtarin, beshinchisi oʻlik-tirik ularga muhtoj boʻlar, oltinchisi barchalari omadli boʻladilar”.

Yana boshqa bir rivoyatda aytilishicha: Balhda nihoyatda pokdomon va ilmli boʻzchi olim yashardi. Shayx Shaqiq rahmatullohi allayh u haqida eshitib, koʻrgali bordi. Olim Shayxga peshvo chiqib aytdi: “Ey, Shayx, qadamlaringga hasanot, bizni quvontirding”. Shayx soʻradi: Nima uchun! Boʻzchi olim aytdi: “Sening kelishing Ollohning hukmi edi. Ollohning hukmi sevimli boʻlar!”

Shayx Shaqiq boʻzchining uyiga kirganida, hunariga daxldor qoziq koʻrdi. Soʻradi: bu nima? Boʻzchi aytdi: “Bu qoziq- joyimiz, Vatanimiz ramzi”.

Soʻng yigirayotgan ipini koʻrib yana soʻradi: Bu na ip turur? Javob berdilar: “Ollox bizning Parvardigorimiz, Bu Olloxning ipidir. Hammalaringiz birgalikda Ollox Taolaning hidoyat ipini mahkam tutinglar degan maʼnoni anglatadi”. Yana soʻradi: “Yerga yoyib turgan boʻzing nimani bildiradi?”   Javob qildi: Bu tirikligimni bildiradi. Yana soʻradi: -Qamish nima uchun?

-U bu dunyoning oʻtkinchiligini eslatib turadi. U bilan oʻzimni bu dunyodan kuzatarlar.

 Yana soʻradi: -Bu qanday qush?

-Bu mening toat ibodatim, hayratim belgisi”.

Yana soʻradi: -Bu na tirgak?

Aytdi: Bu xavfu rajo (umid, orzudir), goxida xavfu xatarga toʻgʻri kelarman. Orzu umidlarga ham ishonarman.

Yana soʻradi: Necha yil bu hunar ortidan hayot kechirasan?

— Oʻttiz yil.

Shayx Shaqiq rahmatulloxu  alayh aytdi: Bardam boʻlgil, ushbu amalni qoʻymagil. Seni jannatga yoʻllovchi shu amalingdir.

Boʻzchilar haqida  rivoyatlar koʻp. Yana bir HIKOYATDA:

 Umar Xattob raziyalloxu anhu bir masjidga kirdi. Qarasa, bir sersoqol kishi chordona qurib oʻtiribdi. Umar raziyallohu anhu soʻradi: “Qaydin kelding?”  U Iroq elidan kelganini aytdi. “Qanday amaling, kasbi-koring bor?” deya yana soʻradi. U “hobikmen” deya javob berdi. Arab tilida u boʻzchi degani. Yana soʻradi: Na maqsadda kelding? U ilm oʻrgangani kelganini aytdi. Umar roziyallohu anhu atrofidigilarga dedi: Rasul alayhis salomdan eshitmadingmu, qachon boʻzchi oʻtirsa, u yerdan qochgin deb. Barcha soqolli kishidan qochdilar.

HIKOYAT:

Imom Shayx Juybori rahmatullohi alayh bir kuni shogirdlari bilan oʻtirar edilar. Kimdir eshikni qattiq-qattiq qoqdi. “Qoqishiga qaraganda, u toʻrt kishidan biri” dedilar: yo badjahl, yo boʻzchi, yo muallim, yo bir yomon xabarchi. Haqiqatda shunday boʻlib chiqdi.

Xabarda andoq kelur: Odam safiyning umri ming yil belgilangan edi Misoq kunida (ahdu paymon kuni yaʼni yaratgan egam Odam Atoni taxtga oʻtkazib yaralmishlar bilan tanishtirgan kun) barcha avlodlarini koʻrsatdi. Baʼzilarining boshlarida nur porlar edi. Soʻradi: “Yorab bular kim?”. Javob qildi: Bular seni oʻgʻlonlaring, nurlilari yolavochlar (paygʻambarlar)dir. Ularning orasida birining nuri barchasidan ortiq edi. Soʻradi: “Ilohim, bu kim?” Javob keldi: Dovud alayhis salomdir, Yana soʻradi: Ilohim, uning yoshi necha yil? Javob boʻldi: Uning yozmishi –oltmish yil. Odam Ato iltijo qildi: Ollohim, uning umrini uzaytirgil. Javob keldi: “Yozmishi bitilgan”. Odam Ato yana iltijo qildi: “Ilohim mening umrim ming yildir. Uning qirq yilini Dovudga bagʻishladim”.

Qabul boʻldi. Bu bagʻshidaga xat-hujjat — belgi bitdilar. Vaqi soati yetib, Odam Atodan Azroyil farishta jon olgʻali kelganida, u dedi: “Oshiqma, Olloh Taolo baxsh etgan ming yillik umrimga yana qirq yil bor”. Azroil javob berdi: “Sen u qirq yilni Dovud paygʻambarga bagʻishlagan eding”. Odam Ato uni unitgan edi. Mavlo Taolo ul bitikni farishtalar nishonasi birla koʻrsatdi. Ana shundan keyin bitiklpr yozish qiyomatgacha meros boʻlib qoldi. Dovudning yuz yil umri tamom boʻldi. Odam Ato bu dunyodan rixlat qildi. Undan yetti yil keyin Momo Havo rixlati yuz berdi. Jabroil farishta jannatdan Odamga  kafan keltirdi. Shisga aytdi: “ Otangni yuvgil”. Shis yuvdi, kafanga oʻradi. Jabroil aytdi. “ Sen namoz oʻqigin, sen xalifasan”. Uch takbir birla oʻqish buyurildi. U savobi ortiq boʻlsin deb, toʻrt takbir birla namoz oʻqidi. Shundan keyin qiyomatgacha  murdani kafanlamoq, namoz — janoza oʻqimoq, goʻrga koʻyish Odam bolalariga sunnat boʻlib qoldi.

Odam Ato olamdan oʻtgach, qirq besh yildan keyin Shisga yalovochlik tegdi. Ikki yuz yetmish yil xalqni ezgulikka daʼvat qildi. U vafot  etgach, barcha xaloyiq butga sigʻinuvchi boʻldi.

Xabarda andoq kelur: Shis paygʻambar oʻlgach, shariatga daʼvat etuvchi boʻlmadi. Jumlai jahon ahli shariatni unutdi. Barcha johil boʻldi. Alloi Taologa qanday ibodat qilishni bilmadilar. Bir kun bir masjidga Odam Ato suratini qoʻydilar va unga topina boshladilar. Bu odat tezda tarqaldi, bolalarning har biri oʻziga alohida siymoni yasab oldilar. Kim yogʻochdan, kim toshdan, kim oltindan, kim kumushdan yasadi. Uch yuz yil ana shunday kun kechirdilar. Shundan keyin Mavlo azza va jalla ularga Idris alayhis-salomni yubordi.

Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Nodira Saʼdullayeva, Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.