Qisasi ar-Rabgʻuziy

1
2427
marta koʻrilgan.

Bismillahir Rohmanir Rohiym!  “Xalq orasinda rusm bor, doʻst doʻstga safar qilib yonar boʻlsa, bir hadya, yaʼni boʻlak ola borurlar” –deb yozadi Nosiruddin Rabgʻuziy oʻzining “Qisasi ar-Rabgʻuziy” asarining soʻz boshisida. Nosiruddin Rabgʻuziy (joyilari jannatda boʻlsin) asarni deyarli bir yillik tinimsiz mehnatdan soʻng hijriy 710 yilning hut( melodiy 1310 yil, 21 fevral-21 mart) oyida nihoyasiga yetkazadi.

Ushbu kitobning zamonaviy oʻzbek tilidagi talqinini amalga oshirgan biz ­ mualliflar Raʼno Zaripova va Nodira Saʼdullayeva sizlarni muborak ramazon oyi bilan qutlab,  ikki tomlik mazkur kitobdan Siz doʻstlarga ham ilindik. Eʼtiboringiz uchun raxmat! 

Muallifning muqaddimasi shunday boshlanadi: Sonsiz hamdu sanolar, sanoqsiz koʻp maqtovlar, ul Izi Azza va Jalla Karim qudrati birla bizlarni odamiy yaratdi. Muqaddas kitob tili bilan aytganda, Batahqiq biz Odam bolalarini mukarram qildik. (Kursiv bilan yozilganlarining bari muallif Nosiruddin Rabgʻuziyning “Quroni karim”dan keltirgan oyatlaridir.(R.Z.va N.S.)

Qisasi ar-Rabgʻuziy(1-jild)

Val qavlu fis-samovati val arzi-Olamning yaratilishi

Xabarda andek kelur: Olloi Taolo avvalo bir gavhar yaratdi. Unga haybat nazar qildi. Ul eridi – suv boʻldi. Undan keyin yelni yaratdi. Suv yuziga tushdi. Koʻpiklandi. Koʻpikdan tutun koʻtarildi. Ul tutundan koʻkni yaratdi. Suv Mavlo Taolo hayratidan qaynab, quyuqlandi. Undan Kaʼba oʻrnicha uy yaratdi. Yerni mashriqdan-margʻibga qadar kengaytirdi. Yerlar va koʻklar bir qat edi. Olloh oʻz qudrati ila ularni bir-biridan ayirdi.

Soʻngra samoga yuzlandi. Uni yetti qat qilib bino etdi. Yetti qat yer ham suv uzra chayqalardi, unga togʻlarni qoziq qilib, inʼom qildi. Yana Olloi Taolo jamiki olamni olti kunda yaratdi.

Xabarda andak kelur: yakshanba kuni koʻklarni yaratdi. Dushanba kuni oy, kun, yulduzlarni bunyod etdi. Ularni falak ichida turitdi. Seshanba kuni qurt-qushlarni, farishtalarni yaratdi. Chorshanba kuni suvlarni, yellarni, bulutlarni bunyod etdi, daraxtlar, oʻt-oʻlanlarni undirdi, risqlarni ulashtirdi. Payshanba kuni jannat, doʻzax, raxmat va azob farishtalarini, hurlarni yaratdi. Odina kuni Odam Atoni yaratdi. Shanba kuni narsa yaratmadi.

Barcha narsalarni koʻz yumib ochguncha yaratish qudrati bor edi. Osmonlarni, yerni va ular oʻrtasidagi bor narsani olti kunda yaratilganida katta hikmat mavjud. Uning sababi Qurʼoni karimda ham tilga olinadi: Batahhiq biz osmonlarni, yerni va ularning oʻrtalaridagi bor narsalarni olti kunda yaratdik. Olloh elchisi dedi: shoshilish shaytonning va shoshilmaslik rahmonning ishidir. Ha, shoshilish shaytoniy, sabr raxmoniydir.

Sifati as-samovati-Samoning siyrati

Asardagi maʼlumotlarga qaraganda, parvardigori olam yetti qat samoni yakshanba kuni yaratgan. Har birining oʻz nomi va farishtalari mavjud. Ilk qat koʻk, yashil, zumraddan boʻlib, oti Rafiq. Farishtalari uz(ishbilarmonlik. H. Dadaboyev lugʻati va izohidan) suratli, ulugʻlari Ismoil otli. Ikkinchi qat koʻk kumushdin turur, oti Ruqʼa. Farishtalari burgut suratli, ulugʻlarining oti Raqboil! Uchinchi qat koʻk yoquddin, oti Qaydam turur. Farishtalari oy suratli, ulugʻlarining oti Koʻkboil! Toʻrtinchi qat samo injudan yaralgan, oti Moʼun, farishtalari ot suratli, ulugʻlarining otlari Nuboil. Beshinchi qat koʻk, oltindan boʻlib, oti Ratqo, farishtalari Hur suratli, ulugʻlarining ismi-Siftboil. Oltinchi qatlam, sariq yoqutdan, oti Zaxo boʻlib, farishtalari vildon, (xizmatkor) suratli, ulugʻlarining oti Ragʻboil. Yettinchi qat koʻk nurdan boʻlib, nomi Aribo turur, farishtalari odamiy suratli, ulugʻlarining oti Nurboildir.

Sifati al-arazna-Yer siyrati

Yer suvrati va siyrati haqida fikr yuritganida yerning qatlamlarga boʻlinib taʼriflanishi bugungi tabiiy geografiyadagi mantiqqa monanddir. Har bir qatlamning turkona nom bilan atalishi ilm ahlini tabiiy qiziqtiradi.(Z.R;N.S.).

Ilk qat yerning oti Ramko deyiladi, yetakchisining ismi Aqim boʻlib, yetmish ming burunduk bilan yashaydi. Har bir burunduk atrofida yetmish ming pari.

Ikkinchi qat yer osti Julza deyiladi. Uning ichida dumi nayzadek qora tuyaga oʻxshash jahannam chayonlari bor. Har birida olti yuz oltmish nayza bor va har bir nayzasida yana olti yuz oltmish bosh boʻlib, har boshda olti yuz oltmish zaharli olma mavjud. Ulardan birini bu dunyoga chiqarsa olam xalqi halok boʻlgay edi.

Uchinchi qat yer Arqa deyilur, uning ichida jahannam maxluqlari boʻlib, Qof togʻidan haybatli edi.

Toʻrtinchi qat yerning oti Xarna boʻlib, unda jahannam ilonlari bor. Har bir ilonning ming tishi mavjud, uning har biri xurmo daraxtidek boʻlib, har bir tishining tagida ogʻu bilan toʻlgan oʻn sakkiz olma mavjud.

Beshinchi qat yerning oti Malso, u yer jahannam toshlari bilan toʻlgan.

Oltinchi qat yerning oti Sijjin boʻlib, uning ichida doʻzaxiylarning joni saqlanadi.

Yettinchi qat yerning oti Ajibo deyiladi, u yer iblis makon boʻlib, har yilda bir marta chiqadi va yana kirib ketadi. Har bir kunning uzunligi Yerning besh yuz yillik vaqt oʻlchamiga teng.

Asarda farishtalar, parilar, jinlar, jumladan, Azozil (farishtalarning ustozi, keyinchalik shaytonga aylangan), odamlarning yaratilishi xaqida shunday deyiladi(Z.R;N.S):

 Olloi taolo farishtalarni olovning yorugʻidan nurdan yaratdi. Parilarni oʻtning yolinidan yaratdi. Ularning asli bitta, biroq uch narsa bilan bir-biridan farqlanadilar. Birinchi farqi-farishtalar nurdan, parilar yolqindan yaraldi. Ikkinchi farqi-farishtalar malak deyiladi, parilar –jin. Uchinchi farqi-farishtalar ulugʻvor samoda, parilar yerda boʻladi.

Xabarda andoq kelur. Yana Olloi taolo doʻzzax ichida ikki jonni yaratdi. Biri -erkak arslon suvratli oti Jablit. Ikkinchisi — boʻri suvratligʻ, tishi (ayol) oti Tablit. Jablitning dumi ilon yangligʻ, Tablitning dumi esa chayon suvratligʻ. Olloi taolo inoyati bilan ikkalasining quyrugʻi jaxannamga tushdi. Shuning uchun ham doʻzaxda neki ilon va chayon boʻlsa, Jablit bilan Tablitning dumi yangligʻdir.

Jabroilga Olloi taolodan inoyat boʻldi. Tablitni nikoh qilib Jablitga bergin deb. Barcha jonzod ichinda ilk nikox shu boʻlur. Jablit bilan Tablitni qoʻshdilar. Ular qoʻsha-qoʻsha oʻgʻil – qiz koʻrdilar. Jablit qizini birga tuqqan oʻgʻillariga berardi. Yettinchi marta oʻgʻil koʻrganda, unga Xoris deb ot berdilar. U nihoyatda makkor edi. Xorisga ham oʻzi bilan birga tugʻilgan qizni beray desa Olloi taolodan yorliq boʻldi. Endilikda birga tuqqanga bermagil, oldingini keyingiga bergil. Jablit Xoris bilan birga tuqqan qizini boshqa oʻgʻliga berdi. Xoris arazlab boshqa qizga unamadi. Doʻzaxning bir chetida oʻtirib, ibodat boshladi. Uzoq vaqt ibodat qilgandan soʻng Olloi taolo uni beshinchi qat yerga chiqardi. Yana toat — ibodat bilan mashgʻul boʻlgan edi. oltinchi qat yerga oʻtkazdi. Yana toat — ibodat bilan mashgʻul boʻlgan edi, ogʻdirib yer yuziga chiqardi. Bu dunyoda ham toat ibodat qildiki, mashriqdan-magʻribgacha Xoris sajda qilmagan yer qolmadi. Undan keyin yaratgan egam uni koʻkka koʻtardi. Yana ibodatini kuchaytirgan edi, ikkinchi qat koʻkga koʻtardi. Undan yettinchi qat samoga yetdi. Yana taqvosini kuchaytirgan edi, jannatga kirdi. Farishtalarga ustoz boʻldi. Xoris otini oʻzgartirdilar, Azozil deya ism qoʻydilar. Tilasa koʻkka chiqar, istasa jannatga kirar edi. Onadan tugʻilgan kundan beri uch ming yil oʻtdi.

Yana boshqa olimlarning aytishicha, Azozil farishtalardan edi. Quroni karimda shunday deyiladi: Eslagin ey, Muhammad, ul vaqtiki, parvardigoring farishtalarga dedi: sajda qilinglar Odamga, bas sajda qildilar hammalari, ammo iblis sajda qilmadi.

Yana boshqa olimlarning aytishicha iblis jinlardan edi. Quroni karimda ham shunday satrlar bor: Undan ilgari jinlarni yaratdik, biz esib turgan oʻtdan.

Kalbiy rivoyaticha, dunyoni yetmish yil ular hukmida tutdilar. Abdulloh ibn Abbos rivoyati boʻyicha oʻn sakkiz ming yil hukmron boʻldilar. Qachonki, Mavloga osiy boʻldilar, dunyoni boshqarmoqni farishtalarga berdilar.Yetmish ming farishtaning biri Azozil edi. Ular yetti ming yil mulkni tutdilar. Dunyoga koʻngil qoʻygach, Mavlo ularni xohlamadi. Mendan boshqaga koʻngil bogʻladingiz men oʻzga xalq yaratarman va mulkni ularga berarman dedi. Quroni karimda shunday deyiladi: Albatta men yer yuzida xalifa (oʻrinbosar) yaratmoqchiman.

Boshqa rivoyatda shunday deyiladi: Mavlo taolo dunyoni yaratgach, Yer mulkini qushlarga berdi. Yetti ming yil qushlar hukmron boʻldilar. Undan keyin Jin ibn al Jongʻa berdi, yaʼni jinlarga berdi, yetti ming yil ular tutdilar. Jinlar shariatga xilof koʻp ishlar qildilar. Ulardan olib farishtalarga berdilar. Yetti ming yil Yer yuzini ular boshqardilar. Soʻngra Odam Ato bilan Momo Havoni yaratdilar.

Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Nodira Saʼdullayeva, Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi

 

Yoyish

1 mulohaza

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.