Mumtoz adabiyotning beqiyos namunasi “Qisasi Rabgʻuziy” asarini qadimiy turkiy tildan zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.
Asarning navbatdagi qismini eʼtiboringizga havola qilamiz.
Jodularning yolgʻonligi haqida
Aytishlaricha, toʻrt ming yoʻlli, toʻrt ming amalli, toʻrt ming erkak yigʻildi. Bani Isroil ahlining bari kelishdi. Oltmish eshakka yuk jodu anjomlarini keltirdilar. Aytishlaricha, u jodulardan toʻrt yuz edi. Har birida bir yuk tayoq, bir yuk ip boʻlib, iplarni tayoqlarga bogʻladilar. Tayoqni uchini simob bilan toʻldirdilar. Yana yelimladilar.
Firʼavning oʻng tomonida qirq ming yaroq aslohali otliq qoʻshin chap tomonida yana qirq ming yaroq aslohali qoʻshin turdilar. Aytishlaricha, bu voqea Iskandariyada boʻlib oʻtgan. Sehrgarlar firʼavn nomi bilan Musodan gʻolib kelishga qasam ichdilar.
— Ey Muso, avval sen karomatingni, gʻayratingni koʻrsatasanmi yoki biz, — soʻradi sehrgarlar ulugʻi.
Musoni izzatladilar. Shuni eshitganda Jabroil un qildi: “Siz mening yalavochimini izzatladingiz, meni izzatim haqqi sizlarga imon nurini nasib ettirguncha bellashtirib, bu kun sizlarni nurlantirgayman.
Sehrgarlar aslohalarini yerga tashladilar. Havo isidi. Simob qizidi. Iplar tebrana boshladilar. Xaloyiq junbushga keldi.
— Firʼavnning qudratiga qasamki, albatta bizlar gʻolib boʻlguvchilarmiz, — dedi ular.
Muso qoʻrqdi. Soʻngra Muso ham asosini tashlagan edi, banagoh u aso ajdahoga aylanib, barcha uydirmalarini yuta boshladi.
Savol: Muso yalavoch edi. Nega qoʻrqdi?
Javob: Muso sehrgarlardan qoʻrqmadi, xaloyiqni junbushga kelganidan qoʻqdi. Xitob keldikim, Ey Muso qoʻrqmagil, seni qoʻling ustundir, va tashla qoʻlingdagi narsani, sehrgar yasagan narsani yutib yuboradi. Tayoqni tashlaganida jami sehrgarlarning narsalarini yutdi. Muso uni yana qoʻliga oldi. Tayoqqa aylandi. Aytishlaricha, sakkiz tuyaga yuk jodu edi, barini yutdi. Jodugarlarning kattasi Shamʼun edi. Shamʼun koʻr edi. U barchalarining ustozi edi. Unga borib aytdilar. Shamʼun soʻradi: Ajdarho narsalarni yutganidan keyin yanada uzunroq boʻlib, yoʻgʻonlashdimi? Yoʻq, javob qilishdi shogirdlari. Shamʼun aytdi: —Agar u jodu ishi boʻlganida edi barcha narsani yutganidan keyin uzun boʻladi va yoʻgʻonlashadi. Maʼlum boʻldiki, Muso yalavoch turur. Men imon keltirdim, siz ham imon keltiring.
Foyda. Ishni Olloh oʻnglasa butunlay oʻnglanadi. Shamʼun haqiqatni bilib, imon keltirdi, barchasi sajda qildilar. Barcha olamlarning parvardigoriga —Muso va Xoruning parvardigoriga imon keltirdik dedilar.
— Men sizlarga izn bermasdan turib unga imon keltirdingizlarmi? Muso bilan tilingiz bir ekan. Men sizlarni qoʻl-oyoqlaringizni kesarman va sizlarni xurmo daraxti shohiga osarman.
— Bizni ossang. Seni tangriliging yolgʻon boʻladi. Chunki biz yuqorida, sen pastda boʻlasan.
— Sizlarni xanjar bilan oʻldirtiraman. Mening qilichim oʻtkirmi, yoki uni amallari, oʻshanda bilasiz.
— Bizlarga kelgan ravshan oyatlar nuridan hargiz seni ortiq koʻrmasmiz. Nimaiki hukm qilmoqchi boʻlsang, bajar. Haqiqatda sen faqat bu dunyoda hukmronsan. Albatta biz imon keltirdik. Parvardigorimiz toki bizlarning xatolarimizni va sen majbur qilib bajartirgan sehrli jodularimizni kechirsin, sening hukming foniydir, Olloh hukmi boqiydir.
Darhaqiqat ular tong vaqtida sehrgarlik qildilar, kun oʻrtasida imon keltirdilar, oqshomda shahid boʻldilar va jannatga tushdilar.
Qissadan hissa shuki, koʻzboʻyamachilik, jodu bilan shugʻullanish gunohi azimdir.
Davomi bor.