“Qisasi Rabgʻuziy” asari: Muso alayhissalom

0
514
marta koʻrilgan.

Mumtoz adabiyotning beqiyos namunasi  “Qisasi Rabgʻuziy” asarini qadimiy turkiy tildan zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.

 Asarning  navbatdagi qismini eʼtiboringizga havola qilamiz.

Oysa qissasi

Firʼavn Musoga oʻldiraman deb tahdid qildi. Oysa aytdi: Uyalmaysanmi? Shuncha moʻjiza koʻrding, musulmon boʻlmading, imon keltirganlarni oʻldirding.

Firʼavn aytdi: Sen ham musulmon boʻlganlarga oʻxshab imon keltirmoqchimisan? Sen ham Muso tagrisiga sigʻinyapsanmi?

—Ha, mening tagrim yagona Olloh, —dedi Oysa.

Firʼavn Oysani tuttirdi. Qirq  kun yemak-ichmak bermadi. Turli mashaqqatlarga soldi, u soʻzidan qaytmadi. Toʻrt temir qoziq yerga qoqib Oysani torttirdi. Aytmishlar: Firʼavndan boshqa hech kim bunday qilmishni qilmagay. Ushbu qirq kunda Oysaning duosi shu edi: Ey parvardigorim, jannatda oʻzingni nazdingda menga bir uy qurib qoʻy va meni Firʼavndan va uning azoblaridan va zolim qavmidan qutqar.

Mavlo taolo nurdan Kubba yubordi. Oysaning tanasiga hammaning koʻzi tushmasin dedi. Temir qoziqlarda chalqancha yotganda u suvsadi. Mavlo Taolo ujmoqdan sharbat yubordi, yorliqadi. Oltin zanjir bilan bogʻlanib issiq havoda turardi. Uni ichdi jannatga yuzlandi. Soʻngra xalq Musoga yuzlandi. Musulmonlikka kira boshladilar. Firʼavn gʻazablanar, ilojini topa olmay, ojiz boʻldi. Aytdi: Meni Muso bilan ishim yoʻq. Endi koʻkka Muso tangrisiga yovlashaman. Homonga aytdi: Musoning Ollohi boʻlsa koʻraman. Ey Homon, mening uchun olov yoqib loyni pishir va undan baland bir minora bino qil, shoyad men Musoning Xudosini koʻrsam va men albatta uni yolgʻonchilardan deb gumon qilaman. Homon xumdon yasatdi pishgan gʻishtdan qoʻydirdi. Firʼavndan burun loydan pishgan gʻisht yasagan kishi yoʻq edi. Ohak va pishgan gʻisht bilan bino bunyod etdi. Aytmishlar, u minorani shunday baland qildiki, kun tikka kelganda koʻlankasi yuz yigʻochlik yerga borardi. Yana aytdilarki, yerdan minoraning tepasigacha tutash turgan erkaklar gʻishtni qoʻldan qoʻlga berardilar. U minoraning tepasiga chiqquncha ikki kun ikki kunduz oʻtardi. Firʼavn u minoraga chiqib, koʻkka boqdi. Yerdan koʻrgandek koʻk koʻrdi. Boshqa narsa koʻrinmadi. Yana yuqoriladi, aytdi: Muso yolgʻon gapiradi, koʻkda xudo yoʻq. Yerning tegrisi menman. Ogʻzingga tuproq toʻlsin.

Firʼavn bani Isroildan toʻygan xalq Musoga yalbora boshladi. Ular dedi: Ey Muso, mashaqqatimiz ortib ketdi. Ollohdan tilagin, farahli kunlarga yetkazsin.

Muso aytdi: Sabr qiling, Mavlo Taolo dushmanni halok qiladi.

Muso Firʼavnga keldi: “Imon keltir, bani Isroilni menga bergil, yoʻq desang duo qilaman, azob yuborgay . Firʼavn Musoga qattiq soʻzladi. Bilgangni qil dedi. Muso qirq kun Mavlo taologa murojaat qilib yolbordi. Jabroil kelib dedi: “Ey Muso, koʻngling xush boʻlsin, azob yetildi.

Izni azza va jalla Musoga yalavochlikda toʻqqiz narsa bergandi. Avval, tayoq, bayzo, yaʼni nurli qoʻl, infijor, infiloq, toʻfon, chugurtka, kuya, baqa, qon. Qurʼoni karimda ham aytiladi: keyin yubordik biz ularga sel balosini, qurbaqa balosini va qon balosini. Bularning bari oshkora moʻjizlar edi. Toʻfon keldi, yetti kun-u tun yomgʻir yogʻdi. Mamlakat suvga toʻldi. Xalq dashtga qochdi. Firʼavnga aytdilar: Bu ishni Muso qildi. Borib yolvorgin, bu azob ketsa imon keltirgaymiz. Bani Isroilni unga bergaymiz. Musoga kelib yolvordilar. Muso duo qildi, toʻfon toʻxtadi, yer quridi. Koʻkatlar undi, chechaklar ochildi. Aytdilar, yogʻingarchilik azob derdik, oxiri rohat ekan, — deb imon keltirmadilar.

Muso yana qirq kechayu qirq kunduz duo qildi. Bu davrda ekinlar hosilga toʻldi. Mavlo taolo chigirtka yubordi. Ular uchsa quyosh koʻrinmas edi. Barcha ekinlarni yeb qurita boshladi. Xalq yigʻlab firʼavnga kelishdi. U el kattalariga aytdi. Sizlar bular bilan birga boring. Musoga  ayting. Avval omma kelgandi. Ular eʼtiqodsiz boʻladi. Endi biz beklar keldik. Bu azobni bizdan ketkazsang, imon keltiramiz. Bani Isroilni senga beramiz deb yolvordilar. Muso duo qildi, ijobat boʻldi. Mavlo taolo issiq yubordi. Barcha chigirtkalarni kuydirdi. Yetarli don-dun qoldi. Ular soʻzida turmadilar, imon keltirmadilar.

Muso yana qirq kunu tun duo qildi. Yana son-sanoqsiz chugurtka keldi. Qolgan oshliqlarini yedi. Baʼzilar kuya keldi derlar. Donlari tegirmonga kelguncha oʻn sogʻudan uch sogʻu qolardi. Yana Firʼavnga yolborib keldilar. U oʻzining yonidgi beklarni yubordi. Bu azob ketsa musulmon boʻlishga vaʼda berdilar. Paygʻambarlar koʻngli yumshoq boʻladi. U duo bilan kuyani quritdi.

Davomi bor.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.