“Qisasi Rabgʻuziy” asari: Nuh paygʻambar hikoyati

0
12721
marta koʻrilgan.

Milodiy 1309–1310 yillarda yozilgan “Qisasi Rabgʻuziy” asarini kitobat olamining goʻzal, betakror bir obidasiga qiyos etgulik! Yozma yodgorlikda Odam Ato va Momo Havodan tortib, Muhammad Mustafogacha yashab oʻtgan paygʻambarlarning hayoti, ezgu oʻy, ezgu amallari hikmatlar, rivoyatlar orqali mohirona aks ettirilgan. 

Qadimiy turkiy tilda yozilgan ikki jildli ushbu durdona asarning zamonaviy oʻzbek tilidagi talqinini Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva amalga oshirgan.

Bebaho asarning navbatdagi qismida Nuh alayhissalomning hayoti va faoliyati bilan tanishtiriladi.

 Rabgʻuziy oʻz asarida tilga olgan Nux paygʻambar haqida qadimiy kitoblarimizda juda koʻplab rivoyatlar bitilgan. Quroni karimda ham alohida sura(71-sura) mavjud (Z.R;S.N.).

Kun tugʻardin kun botargʻa Nuh yalovoch daʼvati,

Ellik oʻksuk ming yil erdi ul risolat muddati.

Kecha kunduy oʻzi yolgʻuz qazgʻu, emgak yuklanib,

Soʻz eshitmaz kofir aro kunda ortdi zahmati.

 Haqqa “rabbi lotazar” teb yalvorib qildi duo,

Bu ijobatda duodin qirq yil edi muxlati.

Din uchun koʻp qin tortib yuritu haq yorliqni,

Bizga soʻkun emgak ichra qolmadi hech toqati.

“Vasna al-fulka” amri birla yoʻndi uch qat bir kemi,

Ani mindi yetdi ersa xalqqa toʻfon haybati,

Yagʻdi yamgʻur, esdi yellar, ostin-ustun olti oy,

Koʻrsa mundogʻ mundin ortiqmavlomizning qudrati,

Oʻzi qoldi uch oʻgʻil ham uch kelinlar yetagu,

Barcha oʻldi yuvib tugandi kufru zulmat bidʼati.

Nabiyimizning toʻliq ismi — Nuh ibn Malik Manusalh ibn Idris. Asli oti Yashkir edi. Uning hayoti tazyiqu nolaga toʻla boʻlgani uchun Nuh ataldi. Odam Atodan Nuhgacha oʻn ota – oʻn avlod oʻtgan. Onasining oti Shamxo binti Anursh edi. Nuhdan Odam Atogacha oʻn ota, oʻn avlod yashaydi, bari musurmon boʻlgan. Nuh Magʻribdan Mashriqqa qadar barcha xalqqa paygʻambar edi. Uning paygʻambarlik davrida bir qarich yer ham odamsiz emasdi. Uylar tutash boʻlib, tomdan tomga oʻtib yursa boʻlardi. Yer yuzida ekin-tikinga kaftdek yer ham qolmagan edi. Yilqi va mollarga tuproq yuklab, baland togʻlar boshiga olib chiqib, u yerda ham don sochib, tirikchilik qilardilar. U paytda yurtlar gʻoyat obod, odamlar toʻkin-sochinlikda yashardilar. Biroq, qut-barakaning qadriga yetmadilar, Ollohning yakkayu yagonaligiga imon keltirmadilar.

       Yashkir-Nuhga Jabroil paygʻambarlik keltirganida soʻradi: “Olam keng, kofirlar koʻp, qayga borib, Olloh yoʻliga  daʼvat qilay?”. Xitob keldi: Ey, Nux, sendan aytmoq, mendan eshittirmoq”. Nuh imonga daʼvat etdi. Yel Nuhning soʻzini mashriqdan magʻribgacha yetkazardi: “Ollohga iymon keltiring, Mavlono birligini biling, mening Paygʻambarligimga ishoning”.

Kofirlar Nuhni ura boshladilar. Suyaklarini sindirdilar. Aʼzoi-badani qaqshab ogʻrirdi. Mavlo esa tunda uning dardiga shifo berardi. Jabroil har kuni Ollohning vohiysini yetkazardi: “Ey, Nux, bor kofirlarga aytgil, la iloxa illaloxu Nuhin rasulluloxi desinlar”. Borib aytar edi. Yana kaltak yerdi, «Ollohim, men qavmimni kechayu kunduz daʼvat qilyapman. Lekin, chaqiriqlarim ularning nafratlarinigina ziyoda qildi”.

Darxaqiqat, Nuh toʻqqiz yuz ellik yil Odam Ato bolalarini imonga chorladi. Bor yoʻgʻi 80 kishi 40 ayolu, 40 erkak imon keltirdi. Kun sayin mashaqqati ortardi. Hatto, oʻz xotini ham kofir edi. Bir kuni bir qariya oʻgʻlini boshlab, Nuh paygʻambarning oldiga keldi. Uning yuziga tupirdi, xaqorat qildi va oʻz oʻgʻliga dedi: “Bu Nux telbadur. Otalarimiz uning soʻzini eshitmadilar. Men hozir nima qilgan boʻlsam, sen ham, avlodlaring ham shunday qilsin”. Deya nasihat qildi. Nux bu soʻzlarni eshitgach, oʻzidan umidini uzdi. Tangriga iltijo qildi: Ey, parvardigori egam, yer yuzinda biror kofirni qoldirmagil. Tangrimiz iltijoni qabul qildi. Qirq yil yomgʻir bermadi. Nabotot olami unmadi, xotin-qiz tugʻmadi. Yilqi, qora mollar quridi. Nuhga xitob keldi: duoingni ijobat qildim, borgil, chinor yogʻochini ekkil. Nux daraxt ekdi. Qirq yilda u ulgʻaydi. Jabroil Nuxga taʼlim berdi. Uch qavatli kema yasay boshladi. Kofirlar ular yonidan oʻtsa “Sen paygʻambar eding, endi duradgor boʻlib qoldingmi?” deya masxaralar edilar.

Nux Olloxdan soʻradi: Qachon toʻfon vaʼdasi boʻlur?” Tangri dedi: seni tandiring ichidan suv toshib chiqqan kuni.

Kema tayyor boʻlganida Nuxning xotini tandirda non pishirardi. Tandir ichidan suv chiqdi. Nuxga xabar keldi. Nuh oʻz ahlidan  boʻlgan sakson kishi bilan kemaga kirdi. Kemaning uzunligi uch yuz qari (qoʻl uchidan tirsakkacha boʻlgan oʻlchov birligi) eni 200 qari boʻlib, uning pasti yilqiyu podalarga, oʻrtasi Nuh qavmiga va usti qush-qumirsqalarga moslashtirildi.

Paygʻambarning toʻrt oʻgʻli bor edi: Som, Xom va Yofas musurmon edilar. Kanon kofir edi. Farmon keldi: barcha jonlikdan bir er va tishi (urgʻochi) olib kemaga kir, ularning urugʻlari  qurimasin. Yer yuzidagi barcha jonivorlar yigʻildilar. Bir urgʻochi, bir erkak tutib kemaga soldilar. Oʻgʻli Kanonni kemaga chorlasa, yorlik(farmon) boʻldi: Oʻgʻling seni ahlingdan emas. Nux aytdi: Ey Kanon, imon keltir, kemaga kir, toʻfon seni halok qilmasin. Kanon aytdi: Men balandga chiqib, togʻlarga sigʻingayman. U meni asraydi. Nuh yana dedi: Bugun xudoning azobidan qutqaradigan hech bir zot yoʻqdir. Faqat Xudoning raxmatiga sazovor boʻlgan odamgina omon qoladi.

Shu javobdan keyin tandirdan chiqqan suvning kelishi kuchaydi. Kanon toqqa qarab qochdi. Suv tizzasiga keldi.  Yonida oʻgʻli borardi, uni oyogʻi ostiga olib, tepasiga chiqdi. Oʻgʻli ham, oʻzi ham halok boʻldi.

Kemaga birinchi boʻlib qumursqa,  eng oxirida eshak kirdi. Eshakni sudradilar u yurmadi, chunki shayton uning quyrugʻini tortib turardi. Nuhning jahli chiqdi. Kirgin, ey maʼlun deya soʻkdi. Iblis eshakning dumidan ushlab kemaga kirdi. Nuh iblisni kema ichida koʻrdi. Ey, maʼlun kimning farmoni bilan kirding? deya soʻradi. “Kirgin maʼlun deb aytding. Eshak maʼlun emas. Bu menman. Seni farmoning bilan kirdim”. Javob qildi u.

Yana Olloh farmon berdi. Odam Atoning suyagini keltirib, kemaga kirgil, azob suvi tegmasin. Kemaga keltirdi. Kemaning bir chekkasida erkaklar, bir chekkasida xotinlar edi. Odam Ato suyaklari ular orasida hijob boʻldi. Aytishlaricha, Odam Ato suyaklari Jadida, eti va terisi Sarandabda emish. Ular  Rajab oyining oʻninchi kuni kemaga kirdilar. Olti oy kemada boʻlishdi. Qirq kunu  tun yomgʻir yogʻdi. Har tomchisi tegirmon toshi edi. Yer yuzidagi  qancha baland togʻlar boʻlsa ular qirq qari suvga botgan edi.

Rabgʻoʻziy Nuh paygʻambar qissasida hayvonot olami orqali (qaldirgʻoch, chivin, sichqon, mushuk, ilon kabi)mehr-muhabbat, sadoqat, xoinlik, igʻvogarlik feʼl-atvorlarni qiyoslaydi(Z.R;S.N.). 

Rivoyatda aytishlaricha, kemada uchta jonivor boʻlmagan. Mushuk, sichqon, toʻngʻiz. Sichqon paydo boʻlganida kemani kemira boshlaydi. Xudoga iltijo qildi. Farmon boʻldi. Nuh qoʻlini yoʻlbarsning boshiga qoʻydi. Uning burnidan ikki mushuk otilib chiqdi. Va sichqonni tutib yedi.

Sichqon kemani teshganida, suv yoʻlini bekitib boʻlmadi. Nuh aytdi: kim bu teshikni berkitsa ne tilasa beraman. Ilon aytdi: “Agar dunyodagi qaysi et(goʻsht) totli boʻlsa shuni bersang, suvni berkitaman”. Ilon suvga kirib berkitdi. Ichidagi suvni tashqariga otdilar. Xavf qolmadi. Nuh chivinni chaqirib dedi: bilib kel Yer yuzidagi qaysi mavjudotning goʻshti  totli ekan. Chivin uchib ketdi-yu, tez qaytavermadi. Keyin qaldirgʻochni yubordi. Qaldirgʻoch chivinni topdi. Qaysi et mazali ekanligini soʻradi. U odam eti deya javob berdi. “Qani ogʻzingni och, hidlab koʻray gaping rostligini xushboʻyidan bilaman” dedi qaldirgʻoch. Chivin ogʻzini ochganida qaldirgʻoch uning tilini  uzib oldi. Shu-shu  chivin gapirmay vizillar emish. Ikkalasi Nuh paygʻambarning yoniga qaytdilar. Chivin vizillab gapiraolmasdi. Uning oʻrniga qaldirgʻoch dedi: Men bilan soʻzlashdi, dunyodagi eng mazali goʻsht suv baqasi, deyapti. Kech qolgani uchun qoʻrqib gapira olmayapti.

Nuh alayxissalom baqa goʻshtini ilonga berdi. Agar u kun qaldirgʻoch insonlarga  ezgulik qilmasa, odam bolalari ilonga yem boʻlardi.

Keyingi rivoyatni mushuklar nega ingraydilar? Deb aytsa boʻladi. Unda muallif gʻarazgoʻylikni, igʻvogarlikni qoralaydi(Z.R;S.N.).

Yana maqsadga kelamiz? Nux alayxissalom kemadagilarga  aytdi: Juftlaringizga yaqinlashmang, koʻpayishsa kemaga sigʻmaydi. Bir kuni mushuk itni koʻrdi, juftiga qovushgan edi. Borib Nux paygʻambarga yomonladi. Itdan soʻrasa tondi. Mushukni alami keldi. Ollohga yolvordi: Sening paygʻambaringga  yolgʻon gapirdi. Uni oʻzing Nuxga isbotlab ber, deya  iltijo qildi. Ularni poylab yurdi. Ikkinchi koʻrganida Nuxni chaqirdi. U kelib koʻrdi. It ham Olloxdan mushukni sharmanda qilishni soʻradi. Mavlo uning duosini ijobat qildi. Biroq, uni boshqacha yoʻl bilan sharmanda qildi. Mushuklar qachon juftlashishga hojat sezsalar, jumlai jahon biladigan darajada ingraydilar. Maʼlum boʻldiki, kim-kimni aybini ochsa, oʻzi shunga mubtalo boʻlar ekan.

Navbatdagi rivoyatda nega suvlar turfa taʼmli ekanligi haqida fikr yuritiladi.Uning sabablarini fan olami bugun ham izlaydi(Z.R;S.N.).

 Kema olti oy yurgach, quruqlikka yetdi. Avj kemani toʻxtatdi. Kemani tortishga Avjdan boshqaning kuchi yetmasdi. Mavlo Taolo shuning uchun uni ham halok qilmadi. Undan keyin yorliq boʻldi: Ey, Yer suvni yut, osmon yomgʻirni toʻxtat. Suvlar singgach, togʻu adirlar koʻrindi. Olamda shoʻr, sassiq, chuchuk, koʻl-u, dengizlar paydo boʻldi. Badboʻylik va shoʻrlik toʻfonda oʻlganlar sabablidir.

Xoʻroz nega uchmaydi? Ushbu rivoyat ham juda eʼtiborga molik (Z.R;S.N.).

Xitob keldi togʻlarga. Men Nuhni kemasini togʻlarga joylashtiraman. Barcha togʻlar bizga qoʻnsa edi, deb orzuladilar. Jadiy togʻi barcha togʻlardan past edi. Uni shu yerda joylashga izm berildi. Nux: yer yuzinda suv qancha miqdor qoldi. Kim bilib keladi deya soʻradi. Qora qargʻa borib kelish istagini bildirdi. Uni tez qaytib kelishiga xoʻroz kafil boʻldi. Qargʻa uchib ketdi. Murdalar koʻpligi tufayli ularni yeb kech qoldi. Xoʻroz kema tomonga chiqib, uni chorlay boshlabdi. Qargʻa sado bermabdi. Xoʻroz ungacha uchar edi. U daraklagani uchmoq boʻldi. Nux uni olib qoldi. Shu-shu xoʻrozlar uchmas boʻldi. Va insonlar bilan uyda yashar ekan. Shuning uchun kafolatning yaʼni biror narsaga kafl boʻlishning avvali malomat, keyingisi nadomat, oxiri esa jarima toʻlashdir.  Kimki, ishonmasa sinab koʻrsin. Nux alayxissalom qargʻaga duo qildi. Shuning uchun uning umri mashaqqatda oʻlimtik yeb oʻtadi.

Kaptarning nega goʻshti yeyilmaydi? Undan keyin paygʻambar kabutarni joʻnatdi. U balchiqroq yerga koʻndi. Azob suvi sassiq boʻlgani uchun oyogʻi qizgʻich boʻldi. U Zaytun daraxti yaprogʻini tumshugʻida olib keladi va koʻrsatadi. Nux kabutarni ezgu duo qiladi Odamiylar senga  mehribon boʻlib, uylaridan oʻrin bersinlar. Kaptar aytdi: Yana taʼmam bor. Nuh yana duo qildi. Mavlo Taolo karomat qildi. Shuning uchun uning goʻshti yeyilmaydi.

“Ey, Nuh, biz tomondan boʻlgan, salomatlik ila tush” degan yorliq boʻldi. Shom viloyatida dengiz boʻyida shahar bunyod etdilar. Uni ”Qaryat us samonina” deb atadilar. Olti oy suv ichida yurib barchasi holdan toygan edi. Bari birin-ketin oʻlib jami yetti kishi qoldilar. Nuh hamda uning uch oʻgʻil va uch kelini omon qolishdi. Bugungi yaxshi yomon odam borki, bari Nuh oʻgʻillaridan tarqalgan. Katta oʻgʻli Som, oʻrtanchisi Hom, uchunchisi Yofas edi.

 Bir kuni Nuh uzrli boʻlib, yel chiqardi va etagini koʻtardi. Andomi ochildi. Hom uni koʻrib kuldi. Som Homni tartibga chaqirdi. Yofas uni koʻrib toʻni bilan berkitdi. Mavlo taolo Homning shumligidan uning nutfasini qora qildi. Bolalari qora boʻlib tugʻilishdi. Uyalganidan xotinini qoʻlidan ushlab chekkaga olib chiqdi. Dengiz boʻyida qamishdan uy yasadi. Bugungi zangilar, habashlar, hindular bari uning avlodlaridir. Arab va ajamning otasi Som, Homni Hindistonga, Somni ajam va arab viloyatiga Yofasni Turkiston viloyatiga joʻnatdi. Barcha turkiylar Yofas urugʻidandir. Otasini aybini bekitgani uchun parvardigori egam ularni yorliqoldi. Ularni aziz va mukarram qildi. Ushbu rivoyatni Abu Isʼhoq Nishopuriy “Qissasi al-anbiyo” asarida keltirgan. Boshqa olimlarning yozishicha, Yaʼjuj va Maʼjuj Yofas urugʻidan derlar. Yana yozishlaricha, Odam uyqusida tush koʻrdi. Nutfasi yerga tomdi, tuproqqa qorishdi. Mavlo taolo ushbu tomchidan Yaʼjuj va Maʼjujni yaratdi. Demak, ular bizga ota tomondan qorindosh boʻlarlar, ammo ona tomondan yaʼni Momo Havo tomondan oʻgay hisoblanarlar.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytishicha Odam oʻgʻlonlari oʻn xildir. Toʻqqizi Yaʼjuj va Maʼjuj  kabi biri esa barcha odamiylar kabi ekan.

Yana bir rivoyatda aytilishicha, Nuhning bir qizi bor edi. Unga sovchi keldi. Berishga vaʼda berdi. Yana uch sovchi keldi. Ularga ham vaʼda berdi. Qiz uzatiladigan kuni kelganida qaygʻuga botdi. Uyida bir qanjiq iti va eshaki bor edi. Ular Ollohning amri bilan qiz boʻlishdi. Ujmohdan (jannat)dan bir hurni joʻnatdi. Ularni vaʼdalashganidek nikohlab uzatdi.  Ota ular orasida oʻz qizini taniy olmas edi. Bari bir xil suvratli edi. Bir kuni qizlarini koʻrgali bordi. Kuyovdan soʻradi: Juftingdan koʻngling toʻldimi? “Juda yaxshi. Faqat bir odati bor, yemaydi, ichmaydi,” deya javob berdi. Nuh uni hur qizligini bildi.  Ikkinchi kudasinikiga borib, u kuyovga ham shu savolni berdi. “Yaxshi-yu, hech jagʻi tinmaydi, javragani javragan”. Nuh uning qanjiq ekanligini bildi. Uchinchisidan soʻradi.”Yeydi, ichadi, eshakdek yotaveradi” Uni ham oʻzining qizi emasligini bildi. Toʻrtinchi kuyovidan soʻradi. U javob qildi:”Paygʻambarlar urugʻidan ekanligi sezilib turadi. Men undan juda xursandman.” Nuh paygʻambar bildiki, u oʻzining qizi. Unga olib kelgan hadyasini berdi.

Qissadagi keyingi rivoyatda dunyo ikki eshikli saroy ekanligi haqida gapiriladi. Bugungi kunda ishlatiladigan dunyo ikki eshik orasi degan matal nihoyatda qadimiy ekanligini bildiradi(Z.R;S.N.).

Aytishlaricha, bir kuni Jabroil kelib soʻradi: Ey Nuh, seni umring barcha paygʻambarlardan uzun boʻldi. Dunyoni qanday anglading? Nuh javob qildi. Dunyoni ikki eshikli saroy deb bildim. Bir eshikdan kirdim, biridan chiqdim. Aytishlaricha, Nuhga yuz yoshida paygʻambarlik keldi. Xaqqa xaloyiqning imon keltirishni soʻrab 950 yil daʼvat qildi. Toʻfondan keyin yana 350 yil yashadi. Yana aytmishlar Odam Atodan toʻfongacha 2200 yil edi. Andan keyin Nuxning vafoti boʻldi. Nuh paygʻambar rixlatidan keyin xaloyiq 300 yil uning shariatida turdi. Keyin koʻpchiligi kofir boʻldi. Shariatni bayon qiluvchi qolmadi. 300 yildan keyin Hud yalovoch insoniyatga ezgulik tarqatish uchun yuborildi.  

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.