“Qisasi Rabgʻuziy” asari: Solih Yalavoch alayhissalom

0
838
marta koʻrilgan.

Milodiy 1309–1310 yillarda yozilgan “Qisasi Rabgʻuziy” asarini kitobat olamining goʻzal, betakror bir obidasiga qiyos etgulik! Yozma yodgorlikda Odam Ato va Momo Havodan tortib, Muhammad Mustafogacha yashab oʻtgan paygʻambarlarning hayoti, ezgu oʻy, ezgu amallari hikmatlar, rivoyatlar orqali mohirona aks ettirilgan. 

Qadimiy turkiy tilda yozilgan ikki jildli ushbu durdona asarning zamonaviy oʻzbek tilidagi talqinini Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva amalga oshirgan.

Bebaho asarning navbatdagi qismida  Solih alayhissalomning hayoti va faoliyati bilan tanishtiriladi.

Solih paygʻambar va uning beoqibat Somud qavmi haqida Qurʼoni Karimning “Al-haaqqa”, “Vash-shams”, “Val-fajr” “Hijr”, “Buruj” suralarida tilga olingan.(R.Z;N.S.)

Somud qavmi Hijozning Vodiyilquro nomli joyda yashab oʻtgan edi. Alloh taolo ularga Solih alayhissalomni paygʻambar qilib yuborgan. Ular boʻlsa Solih Yalavochni tan olmaganlar, ezgulik ila qilgan daʼvatlariga ergashmaganlar, uni yolgʻonchiga chiqarganlar. Oqibatda Alloh ularni dahshatli hayqiriq  momoqaldiroq va haddan oshuvchi chaqmoq bilan halok qilgan.

Aql anub kelgil, eshit, Solih yalovoch qissasin,

Bulgulik boshdin oyoqgʻa aytayin men jumlasin.

Haq risolat berdi ersa tuz tegurdi qavmiga,

Yuridi tun, kunduzin oldi Somudning zumrasin.

Qildi imon daʼvatini, qoʻldilar bir moʻjiza,

Qoʻldi Haqdin, chiqdi ingan yordi togʻning sahrosin.

Boʻta tugʻdi, barcha tuzin ani tingla koʻrdilar,

Kun keziklab suv ulashdi ichdi kendu hissasin.

Tongdilar Haqdin qamugʻi, qildilar koʻp maʼsiyat,

Uqmadin Solih soʻzin ham ushbu ingan qissasin.

Keldi yugirib ikki boʻzchi, bir azoqni kesdilar,

Boʻtasi ingrab qaytdi ostilar uch sahbasin.

Uch kun ichra boʻldilar sarigʻ, qizil ham qap-qaro,

Qudrati birla ugʻon qodir yemurdi barchasin.

Solih ibn Ubay ibn Asaf ibn Fosih ibn Hom ibn Somud ibn Od ibn Eram ibn Som ibn Nuh alahissalom. Yuqoridagi Solih yalavoch ajdodlariga etibor berilsa, Od va Somud, yaʼni ikki malik tilga olinadi. Aslida ular Som ibn Nuh avlodlari edilar. Hut qavmi Odning avvali, Samud qavmi Odning oxiridir. Aytadilarki, toʻfondan Nuh paygʻambarning uch oʻgʻli – Som, Xom va Yafas omon qoladi. Nuh paygʻambar jahonning oʻrtasini Somga, Magʻribni Xomga Mashriqni Yasafga beradi.

Aytishlaricha turkiylar Yafas urugʻidan, boshqalari Som urugʻidandir. Ulardan koʻplab oʻgʻlonlar paydo boʻldi. Od va Somud avlodlarini ularning qabilasi atadilar. Somud qavmi ham Od qavmidek goʻzal va savlatli odamlar boʻlishgan. Ular togʻu toshlarni yoʻnib, baland-baland qasrlar qurib, unda istiqomat qilishgan. Yetti qat yer qaʼridan sizib chiqqan billurdek buloq suvidan ichib, oʻzlari yasagan butsanamlarga sigʻinib yashardilar. Ularning qavmidan boʻlgan Solih yalavoch bolaligidan sanamlarga sigʻinmasdi. Hali yosh, ulgʻaysa aqli kirib qoladi, deb oʻylashardi kattalar. Somud Makkaaga ixlos qoʻygan edi. Makkada Muoliya ibn Bakr malik boʻlib, uch yuz ming qoʻshini bor edi. Somud qavmi ham ularga havas qilib, Handa ibn Umarni oʻzlariga malik tutdilar. U malik boʻlgach, qavmiga balandligi ikki yuz qari, eni yuz qari ulugʻvor sof qizil oltindan, koʻzlari yoqutdan but yasattirdi. U biri odamiy, biri arslon, biri qush, biri ot — toʻrt yuzli edi. Unga uygʻun mustahkam ud daraxtidan oltinu gavharlar bilan bezattirib, taxt yasattirdi. Taxtning toʻrt oyogʻi boʻlib, u toʻrt xil qimmatbaho javohirlardan iborat edi. Handa ibn Umar taxtga oʻtirib, oʻzi yasatgan butga sajda qildi va barcha xaloyiqni sajda qilishga daʼvat etdi. Somud qavmi sajda qilayotganda, u bir butning ichiga kirib “men sizdan xushnudman” dedi, barcha xursand boʻldi. Marosim tugagandan keyin biri “bizni butimiz oʻzimizga oʻxshash odamiy suvratli edi. U esa boshqacha” dedi.

Somud qavmi gap talashib qolishdi. Bahs janjalga aylandi, janggacha borib etdi. Yetmish ming odam oʻldi. Buni eshitgan Handa ibn Umar jang maydoniga keldi. Olamon dedi: “Bu but bizga maʼqul emas. Qavmimizga qiron keltirdi. Boshqasini yasaymiz”

Togʻning oppoq toshlaridan keltirib, uzunligi qirq, eni sakkiz qari but yasadilar va taxtga oʻtkazdilar. Unga Qosur ibn Ubaydo degan ismli kishini xodim etib tayinladilar. U qirq yil butxonada xizmat qildi. Bir kuni iblis farishtalarning suhbatini yashirincha tinglab, Qosurdan Solih ismli paygʻambar dunyoga kelishi haqidagi bashoratni eshitdi. Barcha xaloyiq butxonaga yigʻilganida Iblis butning ichiga kirib, shumligini qilib dedi: “Ey xaloyiq, Qosur meni xizmatimga yaramaydi, uni zindonga soling”.

Qosur shunday qilib qirq yil zindonda yotdi. Bir kun Jabroil farishtaga farmon boʻldi. U Qosurni zindondan ozod qildi. Butxonadan koʻngli qolgan Qosur toqqa chiqib ketdi. Charchab bir gʻorda uxlab qoldi. Qirq yil uxladi. Unga bir farishta qoʻriqchi boʻldi. Qosurning Zaum ismli goʻzal xotini bor edi. Uni Soxur otli ham deydilar. U dunyo tashvishlaridan siqilib, telbanamo boʻlib qoladi va erini chorlagani chorlagan edi. Juda koʻrkli bu ayolga xaloyiq teginmadi, rahm qildi. Bir kuni qarqaqush kelib: “Ey, Zaum, Qosurni koʻrging kelsa, izimdan yur”,- dedi. Zaum uning ketidan bordi. Ungurga keldilar. Qush aytdi:”Eringni chaqirgil”. Zaum nola qilib, erini yoʻqladi. Ungur yorildi. U Qosurni koʻrdi: “Ey, Qosur, shu yerda ekansan, nega kelmading? Bir yuz yigirma yildan buyon senga intizorman, xoru zorman,”- dedi Zaum. U zindondan qutilib, bir kechagina shu yerda yotganini aytdi. Ular qayta qovushdilar. Zaum Solih paygʻambarga yukli boʻldi. U paytda Qosur oʻldi. Zaum ungirdan chiqdi. Gʻor yana yopildi. Qush aytdi: “Agar bolang kimdan deyishsa bu yerga keltirasan”.  Zaum soʻradi:“Sen qanday qushsan?”

Quzgʻunman,javob qildi u.

Boshing nega oq?

Qobil Xobilni oʻldirishiga men sabab boʻldim. Mavlo taolo jazosidan qoʻrqib boshim oqardi. 

– Nega tumshugʻing sariq? 

– Jannatdagi zaʼfarondan yedim. 

– Oyoqlaring nega yashil? 

– Ming yil tubo daraxtida qoʻnim turdim. 

– Qorning nega qora? 

– Bir kun jahannam ustidan uchib oʻtdim, oʻt issigʻi kuydirdi.

Qush yana koʻrinmay qoldi. Zaur uyiga keldi. Vaqti soati yetib muharram oyining dushanba kuni kechasi Solih paygʻambar dunyoga keldi. Ona uni oʻrab, malikka olib bordi va voqeani aytib berdi. Malik uni tinglab oʻtirdi, ishonmadi va ular ungurga borishdi. Zaum qattiq nola ila Qosurni chaqirdi. Ollohning qudrati ila ungur ochildi. Olloh taolo Qosurni turgʻizdi. U aytdi: “Ey, Xanda ushbu mening oʻgʻlim”. Yana oʻldi, quruq suyak boʻldi. “Men oʻz koʻzim bilan koʻrdim, ishondim. Biroq odamlar ishonmaydilar. Sen bolani mening eshigimga qoʻygil. Asramoqqa daʼvat etib, odamlarni yigʻaman. Sen uni olasan”, deya oʻrgatdi.

Zaum goʻdakni odamlar koʻzi oldida asrab olgandek boʻldi. Solih yalavoch sogʻlom oʻsib-ulgʻaydi, 12 yoshida basavlat, koʻrkli boʻlib koʻzga tashlandi. U onasining qoʻylarini boqar edi. Makkadan Muoviya ibn Bakr uch ming otlik lashkari bilan kelib, Hijozni qamal qildi. Unga qarshi kurashda Solih ham qatnashdi. Jasorati ila shuhrat topdi. Aslida unga Jabroil, Azroil va Mekoil farishtalar yordamga keldilar. Dushmanlarning otliq lashkarlarining bari jangda oʻldilar. Malik Solih yalavochni jasorati uchun otga mindirib, toʻn kiygizdi. Boshidagi oltin tojni hadya etdi. Olamda ilk toʻn kiygizgan Xanda ibn Umar edi. Toʻn kiydirish ana shundan keyin urf boʻldi. Malik Solihga alohida eʼtibor koʻrsatar, hamisha yonida olib yurar, eng yaqin masalahatchisiga aylangan edi.

Bir kuni yalavochning yoniga Jabroil alayhissalom koʻrkam suvratli yigit siyratida keldi. Ollohning yozmishini yetkazdi. “Bor, malikka ayt. Olloh yagonadir, Solih uning paygʻambaridir” dedi. Solih malik huzuriga kelib, odamlar qoʻli bilan yasalgan butga sigʻinish gunohligini yetkazdi. “Olloh bittadir. Solih uning elchisidir” deb aytdi va yolgʻiz Ollohga eʼtiqod qoʻyishga daʼvat etdi. Biroq, malik uning gapini eʼtiborga olmadi: Meni izzat va eʼtiborim, mehrim evaziga sening yaxshiliging shumi, dedi va afsuslandi. Solih yalavoch toqqa chiqib ketdi. U yerda yana farishtalarni koʻrdi. “Ey Solih, bu yerda bir uy bunyod et”, deyishdi ular. U yerda uzunligi uch yuz, eni qirq qari qasrni farishtalar yordamida bunyod etdi. Atrofiga daraxtlar ekdi. Butogʻlari kumushdan, oʻzi oltindan qandil tayyorlab osishdi. Uning yorugʻi yalavochni gʻalabaga undardi. El moʻjizaviy uy koʻrdi, baribir Solih paygʻambarni tan olmadi. Solih kunduzi xalqni imonga daʼvat etar, kechqurun ushbu uyga kelib orom olardi. Atigi uch yuz kishigina musulmon boʻldi. “Ilohim, men ulardan umid uzdim,”- dedi Solih paygʻambar va ruhan tushdi. Jabroil keldi va dedi: “Ey Solih, ular uch yuz yildirki, kofirlar, bir kunda bari musulmon boʻlolmaslar. Daʼvatni davom ettir”.

Solih paygʻambar toqqa chiqib, ibodat qildi. Boshini sajdaga qoʻyganida uyqu endi. Qirq yil uxladi. Qirq yilda musulmonlar bir-bir oʻldilar. Musulmonlardan kim oʻlsa, eshikka otini bitib qoʻyar edilar. Yalovoch uyqudan uygʻongach, biror musulmon qolmaganligini angladi. Daʼvat etishni davom ettirdi. Biroq, uning soʻzlariga ishonmadilar, soʻzining isboti sifatida moʻjiza koʻrsatishni soʻradilar: ”Ushbu togʻdan bir qizil tukli, tili qora, boʻyni yoʻgʻon, yelini yetilgan ingan (urgʻochi tuya) chiqarib ber, u zotdor boʻlsin, sutidan el toʻysin”. Solih paygʻambar Ollohga yalbordi, duo qildi. Tosh igrana boshladi. Ular tilaganidek tuya chiqib keldi.

Shunda Olloh xarsang toshdan moʻjiza yaratib, bir bolali tuyani chiqarib bergan. U boʻtalogʻi bilan oʻtlay boshladi. Uni koʻrib baʼzilar imon keltirdilar. Toshdan sizib chiqayotgan suvni tuya boʻtalogʻi bilan ichganida halqqa suv qolmadi. Solihga aytdilar: Bu tuya bizga kerak emas. Paygʻambarga Mavlo taolodan yorliq keldi. Oʻsha yerdagi suvni bir kun tuya, bir kun boshqalar ichishi, qavm tuyaga ozor bermasligi amr qilingan edi. Tuya ularning orasida oʻttiz yil turdi. Xalq suv ichmagan kuni tuyaning sutini ichishar, xumlarni sutdan toʻldirib qoʻyishardi. Jonivorning suti bir ming yetti yuz xonadonning bariga yetar edi. Farovonlikda yashar edilar. Biroq, ularning shukronasi yoʻq edi. Baʼzilarga qoʻy, sigir-u otlarning tuyadan hurkishi yoqmas edi.

Yana bir rivoyatda aytilishicha, Solih paygʻambar aytmish: “Sizlardan qizil yuzli, sariq sochli, chaqir koʻzli farzand tugʻilsa, u biyani oʻldiradi. Buni eshitgan xaloyiq ana shu belgilar bilan tugʻilgan oʻlgʻonlarni qoldirishmas edilar. Toʻqqiz goʻdakni oʻldirishdi. Biroq, oʻninchini oʻldirishga botinishmadi, qavm kattasining bolasi edi. Uni Qazor deb atadilar. Otasining oti Solif edi. U yigirma yoshga kirganida paygʻambar qavmda undan badfeʼl odam yoʻqligini aytdi.

Yana bir rivoyatda aytilishicha, ular toʻqqiz fosiq kishi boʻlib, boʻzchi edilar. Ularning kattasi Qozor ibn Solif va Mustah ibn Dahr edi. Abira va Suduh ismli imonsiz xotinlar ham bor edi. Abira kampirning ikki koʻrkli qizi bor edi. Qazor va Dahr goʻzallarni yaxshi koʻrar edilar. Kechasi ular maishat uchun keldilar. Taom pishirishni soʻradilar. Suduq suv yoʻqligini, bugun tevaning navbati ekanligini aytdi. Abira esa kuchimiz yetsa ushbu tuyalarni oʻldirar edik. Bizda bir mard yoʻq uni yoʻqotadigan deya shikoyat qildi. Qazor ibn Solif soʻradi. “Uni oʻldirsam, nima berarsan”. Suduq aytdi :” Men oʻzimni senga bagʻishlagayman” deya yuzini ochdi. U juda koʻrkli edi. Abira Qazorning sherigi Mustahga oʻz qizlaridan birini berishni vaʼda qildi. Qazor ibn Solifga xamos(sarxush qiladigan ichimlik) ichirdilar va xush taomlar bilan siyladilar Ikkalasi tevani poyladilar, oʻldirdilar. Toʻrt tomondan olomon tomoshaga keldi, osiylarni gunohdan qaytarishmadi. Tuya goʻshtini burda-burda qilib, boʻlishib olishdi. Qazor boʻtalogʻini oʻldirmoqchi boʻlganida u toqqa qarab qochdi, uch marta un qilib, onasi chiqqan toshga kirib, gʻoyib boʻldi Toshga kirishdan oldin uch marta nola qilganini aytib olomon uning sababini yalavochdan soʻradilar.

Solih yalavoch dedi: “Uch marta un qilishi uch alomatni bildiradi. Uch kunda azob keladi. Azobning nishonasi -birinchi kuni osiylarning yuzlari sargʻayadi, ikkinchi kuni qizaradi, uchinchi kuni qorayadi va azob yetiladi”. Osiylarga Solih yalovochning ogohlantirishi yoqmadi va uni oʻldirishga qasd qilishdi. Biroq musulmonlar uni yashirib qoʻyishdi. Imon keltirganlar Solih yalovoch bilan birga Falastinga keldilar. Uch kun oʻtgandan keyin tong chogʻida yakshanba kuni Jabroil farishta qattiq un tortdi, hamma jonzotni halok qildi.

Solih yalavoch dunyo kezishga Yaratgandan izn oldi. Aylanib bir joyga bordi. Qarasa hech kim yoʻq, bir kishi namoz oʻqiyapti.”Bir paytlar bu yer ulugʻvor shahar edi. Osiy boʻlishdi. Qattiq koʻngilli imonsiz edilar. Alloh jazoladi. Bir oʻzim qoldim. Shukrona aytib, namoz oʻqiyapman”-dedi u

Solih yalavoch u yerdan ketdi. Bir toqqa yetdi. Yolgʻiz bir kishi namoz oʻqiyotgan ekan. “Dengiz boʻyida bir ulugʻvor shaharda yashardik. Osiylar koʻpaydi. Ofat keldi. Yalgʻiz oʻzim tirik qoldim. Endi shukrona aytib, namoz oʻqiyapman”-dedi u ham. U yerdan ketdi. Dengiz boʻyidagi shaharga yetdi. U yerda barcha kofir boʻlib, faqat bir aka-uka musulmon edi. Yalavoch shaharda dahshatli sas eshitdi. U dev boʻlib, har kuni bir odamning goʻshti bilan oziqlanar ekan. ”Uni oʻldirsam, menga nima berarsiz?-debsoʻradi xaloyiqdan. Mol-mulkning yarmini deyishdi ular. Yalavoch duo oʻqib, maxluqni oʻldirdi. Xalq bergan mol-mulkni olmadi, aka-uka musulmonlarga armugʻon etdi. Imon – eʼtiqodga daʼvat etib, yoʻlida davom etdi. Bu yerda ham yetmish kishi musulmonlikni qabul qildi.

Aytishlaricha, Jabroil farishta qattiq un qilganida osiylarning oyogʻi ostidan oʻt chiqib barini kuydirdi. “Haqiqatda biz ularga bir nara yubordik va ular molxonada hayvonlar oyogʻi ostida qolgan, yanchilgan xashakdek boʻlib qoldilar”. Deyiladi Quroni karimda.

Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhuning rivoyat qilishicha, Haq taolo hech bir qavmni bir xil azob bilan yoʻq qilmadi. Solih yalavoch va Shuayb qavmini oʻt bilan halok qildi. Solih qavmiga olov oyoqlari ostidan chiqdi. Shuayb qavmiga esa olov koʻkdan keldi. Undan keyin Solih yalavoch Shom viloyatiga bordi va u yerda yashab qoldi.

Solih yalavochdan keyin Ibrohim paygʻambargacha dunyoga paygʻambar kelmadi. Rabgʻuziyning yozishicha, paygʻambarlar orasida Hud va Solih yalavochlargina narigi dunyoga rixlatidan keyin ham yer yuzida tirikdek yashab qoldilar. Rivoyatlardan birida aytilishicha, yalavoch vafotidan oʻn sakkiz yil oʻtib qayta tiriladi, yana bir rivoyatda esa qirq yildan keyin tirilishi aytiladi.

Qissadan hissa shuki, Allohning amrini inkor qilish ulkan gunoh, nahs ishlar sodir etishning oqibati dahshatli azob bilan yakunlanadi. Har bir inson, ayniqsa, yoshlar, bundan ibrat olishi shart (R.Z;N.S.).

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.