“Qisasi Rabgʻuziy” asari: Yusuf Siddiq alayhissalom (davomi)

0
279
marta koʻrilgan.

Mumtoz adabiyotning beqiyos namunasi  “Qisasi Rabgʻuziy” asarini qadimiy turkiy tildan zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.

 Asardagi Yusuf Siddiq alayhissalom qissasining navbatdagi qismini eʼtiboringizga havola qilamiz.

Aytishlaricha, Yusufning yetti qat saroyi bor edi.  Barcha tomlari oltin, kumush bilan bezak berilgan yogʻochlari aqiq bilan  bezatilgan edi.  U yetti qat saroyni turli-turli narsalar bilan bezadi.  Ilk saroyda Misr ulugʻlari oʻtirdi. Ipak toʻnli, oltin belbogʻli  kishilar. Ikkinchi uyni yashil bilan bezadi, beklar oʻtirdi. Uchinchi uyni qizil bezak bilan bezadi, bahodirlarni oʻtqazdi.  Toʻrtinchi uyni nasx birla bezadi. Oqsoqollar oʻtirdi. Beshinchi uyni lolalar bilan bezadi, unda munajjimlar oʻtirdi. Oltinchi uyni ipaklar bilan choʻlgʻadi, unda donishmandlar oʻtirdi. Yettinchi uyni chechaklar bilan bezadi, unda oltin taxt qoʻyib, xizmatkorlari birla edi. Uning oʻng tomonida   ming yigit oltin gurzi, chap tomonida ming yigit yoy- kamon koʻtarib turardi. Orqasida bir tup qizil oltindan daraxt, butoqlari kumushdan, yaproqlari inju va yoqutdan bezatilgandi.

Qarindoshlari kelganida ularni ushbu joyga kiritdi.  Bu dabdabani koʻrib, Misr maliki bizga yovuzlik istaydi, deb oʻylab qoʻrqdilar. Ularni yoniga taxtga oʻtqazdi. Oʻzi ham ibn Yamin bilan taxt uzra oʻtirardi. Yoqub oʻgʻlonlarining bu uchinchi kelishi edi. Qahatchilik shu daraja ortgan ediki, bu kelishida oʻtmas matolarni olib keldilar. Ular ingranib yolvordilar: “Ey, ulugʻ zot, bizni va ahli oilamizni ocharchilik ushladi.  Bizlar bu safar huzuringgga boshqa narsamiz yoʻqligidan oʻtmas matolarni olib keldik.  Bizga yetarli oʻlchovda oziq-ovqat bergin va bizga xayr-sadaqa qilgin. Olloh, shak-shubhasiz, sendek sadaqa beruvchi zotlarga mukofotlar ato etguvchidir”.

 Yusuf bilan Yamin taxtdan tushib, ichkari uyga kirishib yigʻlashdi. Yonidagilar soʻrashdi: “Misri aziz, toʻrt yil boʻldi, qahatchilik, xaloyiq yigʻlab yolvorib iltijo qilib keladi. Ularga yordam koʻrsatasan, biroq hech yigʻlamas eding. Senga nima boʻldi?”

 – Ular mening qarindoshlarim, shuncha kishining oldida uyalmasdan yolvorib yigʻlashdi. Men nega yigʻlamayin.

– Bilmaysizmi, bir sogʻu bugʻdoy qirq oltin boʻldi.  Bu keltirganlaringiz arzimas, – dedi.

Har safar Yusuf ularni mehmon qilardi. Bu safar izzat qilmadi.

Aytishlaricha, odam bolalariga ming turlik balo yuboring, oʻzidan ketmas, ochlik yuboring oʻzidan ketar. Ming shayton qilmagan ishni bir soat toʻqlik qilar.

Yana naql qilishlaricha, Olloh taolo odamiyning nafsini yaratdi, sado keldi: “Men kimman, sen kimsan?”

Nafs aytdi: “Sen sensan, men menman”. Meni desa rohat-farogʻatda yashaydi, toʻq boʻladi. Qachonki och boʻlsa:  “Xudoyo sen Ollohsan, men qulman”.  Yana Mavlo taolo yorlaqar, jannatiylar jannatdan doʻzaxni koʻrarlar, doʻzaxiylar jannatiylarni koʻrarlar. Barcha dardlarga toqat qilarlar, ammo ochlik va suvsizlikka chidamaslar. Doʻzaxiylar jannat ahliga “Bizlarga suvdan yoki  Olloh taoloning bergan neʼmatlaridan bir oz tashlanglar”, deb nido qilib yolvorar ekanlar. Jannatiylar javob qilar ekan: “Ikki neʼmatni – yemoq va ichmoqni kofirlarga harom qilgandir”.

Maqsadga oʻtsak, yetti kun Yusuf saroyida qoldilar. Ular aytdilar: “Ey, Aziz, bizning bisotlarimiz sening xazinangga yaramas. Sen bizga mungliq emassan, bizlar senga mungligʻmiz, bizni noumid qaytarma, sadaqa qilgʻil, oziq-ovqat bergil, sadaqa beruvchilarni  Olloh mukofotlaydi”.

Homid Nasaviy hikoya qilishicha, Yusufning sadaqa berishiga qirq ming oltin xarj boʻlardi. Kechqurun beradigan sadaqa oshiga ham shunday.

Aytdilar: “Ey, malik, sening juvonmardliging barcha olamga yoyildi. Biz gʻariblarni ham yorliqolsang na boʻlgay, keksa otamiz bor, Yamin uchun yigʻlayapti, otamiz va bizga rahm qil. Ibn Yaminni bizga sadaqa qilib ber. Mukofoting ezguligini Olloh bergay”.

Aytmishlar, Yusufni “qolu yo ayyuhal azizu”, yaʼni aziz deya oʻzlarini xoʻrladilar. Ikkinchi, “massano va ahlano az-zurru”. Uchinchi keltirganlarimiz senga yaramas, – dedilar, “jiʼno bi bizoʼatin muzjotin”, toʻrtinchisi uni adl bilib tiladilar — “fa avfi  lano alkayla”, beshinchi, umid qildilar – “tasaddak alayno”, oltinchisi, bergan jazoga vaʼda qildilar – “innalloha yajzi al  mutasaddiqin”.

Abdulloh Horis ibn  Navfal roziyallohu rivoyat qilarlar. Ular Yaminni koʻrmadilar, aytdilar: “Ey, Aziz, oʻgʻrilik qilgan qarindoshimiz qani?”. Yusuf aytdi: “Sotdim, bitik oldim. U ibroniy tilida. Biz oʻqiy olmaymiz. U sizning tilingiz, oʻqing, eshitaylik”.

Yahudo qoʻliga olib, uyalib, Shamʼunga berdi, u Loviyga uzatdi. Bitik qoʻldan-qoʻlga, oʻtdi. Oʻqimadilar, bu yozuvni bilmaymiz dedilar. Oʻz tilingizni qanaqasiga bilmaysiz? – soʻradi Yusuf. Qarindoshlarining yuzlari sargʻaydi, yolvora boshladilar va soʻradilar:  “Bu bitikni oʻqishdan sizning maqsadingiz ne erur?” Har jazo boʻlsa biz tortaylik, uni bizga oʻqitma. Oʻz bitigimizni oʻzimiz oʻqiy bilmasmiz. Qiyomat boʻlsa, har bir bandaning qilmishlarini bitib qoʻliga bergaylar. Ul bandalar koʻrsalar barcha qilmishlari bitilgan. Olloh taolo oʻqi deb buyruq berganda, buni biz uyalgandan oʻqiy bilmaymiz degaylar.

Yana Yusuf Yahudoga berdi va aytdi. Yahudo oʻqidi: Bu ul bitik tururkim, Malik Zaʼr Yoqub yalavoch oʻgʻlonlaridan Yusuf otligʻ bir oʻgʻlon oldi. Qachon Malik Zaʼr otin eshitdi aytdilar: “Avval boʻri yedi deb edingiz, endi qul sotdik deysiz. U sizga qarindosh ekan, qarindoshni sotish toʻgʻrimi?” Tuting boʻlardi deb barini tuttirdi.

Misr ulugʻlarini yigʻdirdi, bularni netak qilaylik? deb soʻradi. Baʼzilar qoʻllarini kesing dedi, baʼzilari dorga osing dedi. Yusuf aytdi: “Bularni qin bilan qiynang, toki qiyinchilik bilan jon bersinlar. Toki oʻzgalarga ham pand boʻlsin, hech kim oʻz qarindoshini sotmasin”.

“Ey, Aziz, bu kun bizni sazomiz kuni. Sandan bizni tilagimiz, bizni oʻldirganlaridan soʻng yaramas bisotlarimiz bilan birga suyaklarimizni otamizga yubor”. Yana Yahudo yigʻlab dedi: “Otamiz yalavoch bu kun bir oʻgʻil uchun yigʻlab, koʻzi koʻr boʻldi. Endi oʻn oʻgʻil uchun ahvoli ne kechar ekan?” Barchasi  yigʻlashib, faryod qilib aytdilar:

Va asofo ala firoqi qavmin

 Va-lmudnu va-muznu va-rravasi

 Kam tagʻayyara lana al-layali

 Vakullu hamdin lana kulubu

Humu-lmasobihu va-lhusunu

Va-lxaylu va-lunsu va-ssukunu

Hatta tavaffaxum ulmanunu

Va kullu ma lana uyunu

Turkiy

Bu biztek qatiq qindakim bor bu kun,

Uruldi origʻ jongʻa turluk tugun.

Gʻariblikda erksiz tushub iylanib,

Essiz oʻn qarindosh oʻlarmiz bu kun.

– Avval, oziq-ovqat sadaqa qil dedik,  soʻngra undan kechib ibn Yaminni sadaqa qil dedik, endi oʻz boshimizni sadaqa qil deb soʻraymiz.

Barcha Misr xalqi u faryodni koʻrib boʻzladilar. U holda Jabroil kelib aytdi: “Ey, Yusuf, Olloh taolo yorliqoldi. Bularga mashaqqat yuklamagil. Keltirganlarin olmaysan, vaʼda qilgan bugʻdoyni bermassan. Yana oʻldiraman deb qoʻrqitasan”.

Ularni chaqirib Yusuf aytdi: “Bisotingizni qabul qildim. Donni soʻraganingizdan ham ortiq beraman. Qolgan ishlaringizni ham bitkazayin, – deb ularni sevintirdi.

Davomi bor.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.