Mumtoz adabiyotning beqiyos namunasi “Qisasi Rabgʻuziy” asarini qadimiy turkiy tildan zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.
Asardagi Yusuf Siddiq alayhissalom qissasining navbatdagi qismini eʼtiboringizga havola qilamiz.
Qiyomat kuni Olloh taolo barcha bandalarni doʻzax oʻti bilan qoʻrqitadi, azobini koʻrsatadi. Undan keyin ujmohga kirgizgaylar. Hikoyatda aytilishicha, erkaklardan biri vafot etdi. Uni tushda koʻrdilar. Mavlo taolo sen bilan qanday muomala qildi, deb soʻradilar.
Aytdi: “Meni qattiq hibsga oldilar, soʻradilar, soʻng menga yaxshilik qilib ozod qildilar”.
Aytishlaricha, u bitikni oʻqimasmiz dedilar, Yusuf oʻz bitikchisiga berdi. Oʻqidi: “Bu ushbu xatkim, Yaʼqub yalavoch oʻgʻillari oʻn qarindosh — Yahudo, Shamʼun, Rubil, Loviy, Jad, Don, Yagʻsho, Yastojir, Ramolun, Kozoʻro. Bu oʻn qarindosh kelishib, Yusuf otligʻ qulimizni Molik Zaʼrga sotdik”. Bitikni oʻqib tugatganida, Yahudo aytdi: “Ey, malik, bu xat biznikidir, Yusuf otligʻ qulimiz bor edi, uni sotdik”. Yusuf soʻradi: “Uning tarixi qanday boʻldi”. Yahudo aytdi: “Inimiz biz bilan birga ovga chiqdi. Biz ovga mashgʻul boʻldik, ani boʻri yedi”. Yusuf aytdi: Bu soʻz maʼqul emas. Maning bir sogʻum (qadaq-sarxum) bor. Nimani soʻrasam, javob beradi”. Sogʻuni keltirdi va qoʻliga olib uni qoqib soʻradi. Sogʻudan sado keldi. Yusuf aytdi: “Ey, yigitlar, sizlarning orangizda bir yigit bor, dargʻazab boʻlsa, oyogʻi bilan yerni tepsa, tizzasigacha kirib ketarkan, toshni qoʻli bilan uqalab undek qila olarkan. Jahli chiqsa tuklari tikka boʻlib toʻnini teshib oʻtar ekan. Un tortsa, sadosi bir yigʻoch yerga (taxminan 9 km) borur ekan. Uni eshitgan, homilador ayollar bolasini tashlar ekan. U kim?” Yahudo aytdi: “U menman”. Yusuf dedi: “Menman demakka nomus qilmasang. Shunday kuch-quvvating bilan Yusufni boʻriga naluk yedurding?”
Yana sogʻuni qoqdi, ovoz keldi: “Bu sogʻum aytadiki, sizlarning orangizda bir erkak bor. Soyasida ming qoʻy yotadigan. Ulkim daraxtni bir qoʻli bilan qoʻporadi. Agar jangga kirsa yigirma ming erkak maydondan qochar. U kimdir?”. Shamʼun aytdi: “Menman”. Yusuf aytdi: “Buncha kuch-quvvating bor ekan, Yusufni boʻriga nega yedirding?”
Yana qadahni qoqdi, aytdi: “Bu sogʻum aytar, sizlarning orangizda bir oʻgʻlon bor ekan, bir oʻq otsa olti yigʻoch yerga borar ekan. Otqani bekor ketmas. U kim?”. Rubil aytdi: “Men”. Yusuf dedi: “Shuncha kuching bor ekan, Yusufni nega boʻriga yedirding”.
Yana sogʻuni qoqdi: “Bu sarxum aytar, bularda bir er bor, tevani boshidan oshirib tashlar. U kim?” Loviy “Men” dedi. Yusuf dedi: “Shunday kuching bor ekan, Yusufni nega boʻriga yedirding?”
Shunday qilib sarxumni oʻn marta qoqdi. Har birini gapirtirdi. Yana bir marta sarxumni qoqdi va aytdi: “Bu sarxum aytishicha, Yusufni oʻldirmoq boʻlibsiz, soʻngra quduqqa tashlabsiz, quduqdan chiqqach qul qilib sotibsiz va oyogʻiga kishan ur deb aytibsiz. Qattiq egarli otga mindir, yiroq elga eltib sot. Uch turli aybi bor: Qochoq, yigʻloq, oʻgʻridir debsiz. Bu kun sizlarni jazolaydigan kundir. Qoʻllaringizni kesib, Misr elining darvozalariga osaman”. Ular qoʻrqib oʻzaro gaplasha boshladilar. Bundoq oʻlgandan koʻra har birimiz kuchimizni koʻrsatib oʻlaylik.
Baʼzilar aytmishlar: Yahudo bu soʻzni eshititib dedi: “Ey, qarindoshlar, qilgan qilmishingizni hech kimga – na otamizga, na oʻgʻil-qizimizga aytmadik. Biroq, otamiz bizga boring, Yusufni Yaminni tilang dedi. Ibrohim yalavoch, Isʼhoq yalavoch va Yoqub yalavoch xaqqi hurmati bu malik Yusufga oʻxshaydi. Ey, Yusuf boʻlsang, bizni ortiq emaklatma. U otamizni qaygʻusini yanada oshirmagil” deganida Yusuf yuzidagi pardani koʻtardi. Boshida nishonasi bor edi, koʻrsatdi. “Men oʻsha Yusufman, Yamin ukam boʻladi” dedi.
Savol: Ibn Yamin Yusufning qarindoshi edi. Uni akalari ham bilishardi. Uni aytishdan maqsad nima edi?
Javob: Sogʻu ul kun Yaminning yukidan chiqdi. Oʻgʻriligi uchun qul deb olib qoldik. U qul otini eshitib qaygʻurdi. Bu kun inim dedim, koʻngli oʻssin, quvonsin. Maʼlum boʻldikim, barcha mashaqqatning soʻnggi rohat ekan. Barcha qaygʻuning oxiri quvonch ekan. Barcha mehnatning tagi neʼmat ekan. “Ey, Yusuf, seni qul qilib sotdik, gʻarib eding. Bu podsholikka qanday erishding?”
Yusuf aytdi: Kim taqdirga ishonsa, Ollohdan qoʻrqsa, baloga sabr qilsa, taqdirga rozi boʻlsa, Mavlo uning mashaqqatlarini beiz ketkazmaydi. Albatta, Olloh katta yaxshilik qildi, kimda kim yomonlikdan saqlansa va sabr qilsa, uning ajri Ollohning oʻzidadir, chunki Olloh yaxshi amal qilguvchilarning ajrini beradi.
Ey, birodarlarim, sizlar meni quduqqa tashladinglar, balki meni taxtga oʻtqizdinglar. Ey, birodarlar, sizlar meni gʻurbatga tashlamadinglar, balki meni podshoh qildingiz.
Qarindoshlari bu soʻzni eshitib dedilar:– Xudo haqqi, Olloh seni aziz qilib, bizdan yuqori qilibdir va bizlar esa aniq xato qilguvchilardanmiz.
Yusuf ularning uzrini qabul qildi. Va uyatdan qutqardi. U qarindoshlariga ham mardlik qildi, ham odamiylik. Mardligi shuki, ularning gunohini oʻtishni soʻradi. Shundan soʻng Yusufga xizmat qildilar. Bir-bir quchdilar. Oʻgʻli Afrotimni qarindoshlariga tanishtirdi. Misr xalqi ham barchasini kechirdilar. Soʻngra Yahudo aytdi: Ey, Yusuf, bizlarni birimizga buyur. Otamizga suyunchi olib borishsin. Yusuf buyurdi. Tuyakashga topshirdi: Kanʼonga borib Yoqub yalavochni xotini va qarindoshlar birga koʻchirib kel.
Yusuf Yahudoga aytdi: Sen meni koʻylagimni otamga bergil, koʻylagimni koʻzlariga surtsa koʻzlari ochiladi.
Rubil Yahudoning yoniga keldi va aytdi: U kuni qonli koʻylakni men eltib edim. Otamizni men qaygʻulik qildim. Bugun koʻylakni ham men eltayin. Qaygʻu mendan boʻlsa, sevinch ham mendan boʻlsin.
Qarindoshlarining har biri men borayin, deb turishdi. Yusuf u kuni koʻylakni kim eltgan boʻlsa, bugun ham u eltsin dedi va Rubilni yubordi.
Davomi bor.