“Qisasi Rabgʻuziy” asari: Yusuf Siddiq alayhissalom (davomi)

0
250
marta koʻrilgan.

– Yusufni olib ketdingiz, keltirmadingiz. Men sizga Yaminni qanday ishonaman?

– Sen ishonadigan bir tadbir qilaylik. Yaminni Olloh taolo xoxlasa, omon eson olib kelgaymiz.

– Menga Ollohning nomi bilan qasam iching. Yaminga yomonliq qilmagaysiz.

Barchasi Ollohni oʻrtaga qoʻyib soʻz berdilar va dalolatnoma bitdilar.

Yalavoch oʻziga berilgan bugʻdoyning yarmini xalqqa ulashdi. Oʻgʻillari Yaminni olib yana yoʻlga tushdilar. Otasi  dedi: – Olib borgan narsalarni qoplaringizga solib qaytaribdi. U sizni sinamoqchi boʻlgan. Qaytarib olib boringlar. Ikkinchidan, Misrga hammangiz birdan kirmang. Turli eshikdan kirib boringlar. Koʻz tegmasin.

Hadis: “Yomon  koʻz erni qabrga, tuyani qozonga kiritadi. Naql qilishlaricha, arablarda bir qabila bor edi. Barchasi  koʻzi qattiqlikda mashhur edi. Qachonki, ular  goʻsht yegilari kelsa, xotinlariga qozon ostirib, yoʻl boshiga chiqib, goʻzal oting yoki teving yoki sigiring bor, desa boʻldi, ular soʻlchayar edi. Ularning goʻshtlarini arzonga sotib olardilar.

Hikoyat. Quraysh kofirlari paygʻambarimiz Muhammad Mustafoga yomonlik tilab, qoʻzi qattiqlardan birini yolladilar. U odam Rasulga kelmasdan burun Jabroil kelib, unga yomon koʻzdan asraguvchi duo oʻrgatdi. U shunday: “Albatta, kofirlar Qurʼoni Karimni eshitganida seni yomon koʻzlari bilan toydirishlariga oz qoldi. Va ular, albatta, bu majnun boʻlsa kerak deydilar, vaholanki, bu Qurʼoni karim tamomi olam ahli uchun ulugʻvor najot va nasihatdir”.

U kimsa kelib, Rasulga koʻz solguncha Rasul ushbu oyatni oʻqib oʻziga dam soldi. Afsungarning ikki koʻzi otilib ketdi.

Yana rivoyat: Bir keksa Rasulga kelib dedi: “Yo Rasulloh, biz  sahroda yilqi poda ketidan yuramiz. Biroq, birimiz ikki boʻlmaydi”. Rasul aytdi: “Mol holni soting, el orasiga kirib, dehqonchilik bilan ham shugʻullaning. Ekinlaringiz orasiga qoʻboshlar (qoʻriqchilar) oʻrnating”.

Ular Rasul aytganidek qildilar. Ishlari oʻnglandi.

Savol: Ekin orasida qoʻbosh-qoʻriqchi oʻrnatishdan maqsad nima?

Javob:Agar ekin orasida qoʻbosh boʻlsa, serhosil dalaga koʻz tegmaydi. Yomon koʻz avval qoʻboshga tushadi, soʻngra hosilga oʻtadi.

Savol: Birinchi nazar qattiq, keyingi nazarda koʻz tegmasligiga sabab nima?

Javob: Koʻzning zarari, ziyoni birinchi nazarda boʻladi. Keyin qancha boqsin, zarar qilmaydi.

Savol: Koʻz tegmakning hikmati nedur?

Javob: Mavlo moʻminni  sevdi, moʻminni seving, deb daʼvat qildi. Qachon moʻmin bir narsaga suqlansa, qattiq mehr qoʻysa, mavloga xush kelmas. Ul odamni halok qilur. Chunki Rasul alayhissalom aytadilar: “Men rashkchiman, Saʼd ham rashkchi, ammo, Olloh har ikkalamizdan ham rashkchiroqdir”.

Savol: Koʻboshning tegar koʻzni yondirurga qanday qudrati bor?

Javob:Qoʻboshning qudrati yoʻq, lekin arabning odati bor. Butlarning ham odamiylarni ogʻdirishga qudrati yoʻq, va lekin ozdirmoqqa sabab boʻladi. Xuddi shunday.

Yoqub yalavoch oʻgʻillari Misrga keldilar. Otasi tayinlaganidek, har biri boshqa-boshqa darvozadan kirdilar. Yamin Yaxudo bilan bir darvozadan kirdi. Barchadan burun saroyga keldilar. Yoqub yalavoch Yusufga sovgʻa bermish edi. U Ibrohim yalovochning dastori edi.  U Yoqubga meros edi. U bilan birga salom qildilar, uni oʻrtaga qoʻydilar va aytdilar: “Yoqub yalavoch aytdi, bu dastor otam Ibrohimdan meros qoldi, men senga berdim”. Yusuf u sovgʻaga sevindi. Chunki dastor kimga tegsa, u paygʻambar boʻlar edi.  Yana yuklarning ichidan chiqqan narsalarni qaytardilar. Bu  narsalar yuklar ichiga yanglashib qoʻyilgan boʻlsa kerak, dedilar. Yusuf aytdi: Yaxshi qildingiz. Bu narsalarga muhtoj emasmiz. Barchasi sizga boʻlsin, yoʻlga ozuqa qiling. Yusuf bildikim, ularni otasi  yuborgan. Xizmatkorlarga Yusuf parda ichidan aytdi:“Olti taboqda taom keltiring”. Keltirdilar.

Aytishlaricha, Yoqubning har ikki oʻgʻli  bir onadan edi. Yusuf aytdi:”Bir ota-onadan tugʻilganlar bir taboqdan ovqat yesin”. Qarindoshlar ana shunday qilganda  Yamin lagan yonida yolgʻiz qoldi va ibn Yamin yigʻlay boshladi. Yusuf uni  koʻrib parda ortidan soʻradi: “Nega yigʻlayapsan?” Yamin aytdi: “Meni otam onamdan tugʻilgan akam boʻlganida bugun yonma-yon osh yerdi, deb yigʻlayman”.

Yusuf aytdi: “U qarindoshingizga dastur bering, mening bilan birga taom yesin”. Barchalari xursand boʻlib aytdilar: “Bu bizga sharafdir”. Ibn Yaminni parda ortiga olib taxtga oʻtqazdilar. Oldiga taom qoʻydilar. Yusuf yuzidagi niqobni koʻtardi.Yamin Yusufni koʻrib, oh urib oʻzidan ketdi. Yusuf uning ogʻzini bekitdi, gulob keltirib, ogʻziga sepdilar. Yusuf soʻradi:”Ne illating bor?  Tutqanoqlimisan?” Yamin aytdi:“Biz yalavochlar urugʻimiz, bizda tutqanoqlik illati boʻlmaydi. Malikning jamoli mening yoʻqolgan ogʻamga oʻxshaydi. Ogʻamni sogʻinib oʻzimdan ketdim”.

– Qaygʻurma, gʻoyib boʻlgan akang menman.

Ibn Yamin yana oʻzidan ketdi. Yana gulob sochdilar, oʻziga keldi.

– Otamning ahvoli qanday?

– Seni gʻamingdan “Baytul ahzan”ga kirib,  yigʻlayverib, ikki koʻzi koʻr boʻldi.

Yusuf bu soʻzni eshitib yigʻlab, hushidan ketdi. Oʻziga kelganida Yaminga aydi:”Sen osh yegin, menga qarindoshlarim qilgan yovuzliklarni aytayin”. Osh yegandan soʻng  aytdi:”Avval meni quduqqa tashladilar. Quduqdan chiqarib, qul etib sotdilar. Undan zindonga tushdim. Uzoq yillar zindonda yotdim. Mavlo taolo fazli birla undan chiqdim. Ana shunday mamlakatni va podshohlikni berdi. Bu soʻzni ulardan yashirgil”.

Davomi bor.

 Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Nodira Saʼdullayeva, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.