Qisasi Ismoil alayhissalom

0
1338
marta koʻrilgan.

Mumtoz adabiyot olamining beqiyos obidasi “Qisasi Rabgʻuziy” asari milodiy 1309–1310 yillarda yozilgan.  Odam Ato va Momo Havodan tortib, Muhammad Mustafogacha yashab oʻtgan paygʻambarlarning hayoti, ezgu oʻy, ezgu amallari hikmatlar, rivoyatlar orqali mohirona aks ettirilgan yozma yodgorlikda  Sharq falsafasi bilan qadimiy milliy qadriyatlarimiz uygʻunlashib ketgan.

Qadimiy turkiy tilni oʻzida ifoda etgan ikki jildli  ushbu bebaho  asarning zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.

Durdona asarning navbatdagi qismini eʼtiboringgizga havola qilamiz.

Sora Roziyallohu anhu toʻqson yoshga kirdi. Oʻgʻli-qizi boʻlmadi. Ibrohim qoʻlida Muhammad Mustafoning nuri bor edi. Soraga bu nur sendan boʻlgan oʻgʻlonga teggay, deb vaʼda qilgan ediki, Ibrohim Hojarga qovushgach, u nur Hojarga koʻchdi. Bu holdan Soraning gʻazabi keldi. Erining yoqasidan oldi. Erining yoqasidan olgan birinchi ayol Sora edi.

Jabroil keldi:

– «Ey, Ibrohim, Soraga ayt sabr qilsin», – dedi.

Sora dedi:

– Sakson yil meni ushbu umid bilan ushlar edi. Bugun u vaʼdang mani xizmatkorimga tegdi. Hojarning uch aʼzosini mayib qilaman, deb ont ichdi. Hojar sigir sogʻib oʻtirganida qulogʻini, burnini kesmoq boʻlganida u faryod qildi. Jabroil keldi. Ibrohimga aytdi. «Aytgil, Sora Hojarga zulm qilmasin, Tangri zolimlarni sevmas». «Endi nima qilaman, uch aʼzosini kesgayman, deb ont ichganman»,– deb  javob berdi.

 Jabroil Ibrohimga aytdi:

– Soraga aytgil, ikki quloqin tilsin.Tagʻin andomini xatna qilsin.

Sora ikki qulogʻin tilmadi. Erga yaramasin deb andomini xatna qildi. 

Olloh Jabroilga farmon berdi. Uchmoqdan ikki oltin zirak ketirdi. Hojarning qulogʻiga taqdi. Koʻrki ortiq boʻldi.

Baʼzi rivoyatlarda yozilishicha, Hojarning oy-kuni yaqinlashgach, Ibrohimdan Sora uni koʻzimga koʻrsatma, – deya soʻradi.

Jabroil ham ularni ajratgin deb buyurdi. Ibrohim ikki teva keltirdi. Biriga oʻzi, biriga Hojarni mindirdi. Sora paygʻambarga uch shart qoʻydi: birinchisi odam yoʻq sahroga tashlash, ikkinchisi, tevadan tushmaslik, uchinchisi kechasiga qolmaslik.

Ibrohim rozi boʻlib, ont ichdi. Makkaga bir oylik yoʻl edi. Mavlo taolo amri u yerga bir kunda yetdilar. Ibrohim uni suvsiz, koʻkat koʻkarmagan kimsasiz joyda qoldirdi. Olloh oʻz panohiga olishiga umid qildi: «Ey, parvardigorimiz, albatta, men avlodlarimning baʼzisini hech narsa oʻsmaydigan bir vodiyda, hurmatlik uying yaqinida joylashtirdim. Uni oʻzing yorliqol”, – deya iltijo qildi.

U paytda Makka yoʻq, Baytul maʼmur bor edi. Ibrohim Hojarga oziq-ovqat va suv berib tashlab ketdi. Bir necha kundan keyin Hojar oydanda, kundanda goʻzal oʻgʻil tugʻdi. Vujudida Muhammad Mustafoning nuri bor edi. Hojarning suvi tugadi, bolasini yoʻrgaklab, hayron turganida un eshitildi. Ismoilni suyab, tikka qoʻyib, Safo togʻiga bordi. Suv topmadi, Marva togʻidan un eshitdi, u yerga ham bordi, suv topmadi. «Mana suv» degan un eshitishda davom etaverdi. tinmay yugurardi. Biroq, topmasdi. Ul iltijo bugungi kunda hojillarga sunnat qoldi. Shunda Hojar tangriga «Ismoʼ ya ilu» deb munojaat qildi. U «Iziyo eshitgil» degan maʼnodadir. Ana shu yoʻl bilan Ismoilga nom qoʻyildi. Hojar Ismoilning yigʻisini eshitib, yetib keldi. Ismoil yiqilib tushgan ikki oyogʻi bilan yerni tepar edi. U tepgan yerdan Jabroil qanoti bilan urib, yerni ochdi, suv chiqardi. U bugungi zamzam suvidir. Suv qaynab chiqar, Hojarning dilini  shod etardi. U suv tugab qolmasin, deb buloqning atrofiga toshu qumlarni yigʻdi. Ul kun Hojar suvni avaylamaganida edi, bu kun Makkada bir ariq suv boʻlardi.

Ismoil barokatidan bir kuni Banu Jarham ismli karvonboshining karvoni Shom viloyatiga Makka yeridan oʻtar boʻldi. Yam-yashil daraxtlar dilni yayratar, qushlar uchib, qurt-qumursqalar yugurib yurardi. Ketma-ket yurib Ismoil bilan uchrashdilar, yana suv koʻrdilar. Hojardan oʻgʻlining Ibrohim paygʻambar farzandi ekanligini bilib oldilar. «Bizning yerda suv ham ekin-tekin yoʻq, ot, qoʻy-tuyalarimiz oriq. Yolgʻiz ekansizlar agar ruxsat bersanglar koʻchib kelamiz». Topganimizning oʻndan bir foizi oʻgʻlingniki boʻladi, – deyishdi. Hojar rozi boʻldi. Ular oilalarini, uylarini koʻchirib kelishdi. Maliklarining ismi Xanifa ibn Sumanda alp Xuxumiy edi. Uch ming besh yuz oila Makkaga kelib, joylashdi. Uy,  bozor qurdilar. Yil tugagach topganlarini oʻndan birini hisobini chiqardilar. Ikki ming qoʻy, uch ming sigir, yetti ming tuya boʻldi. Va barini Ismoilga berdilar. Har yili ana shunday qildilar. Ismoilning yilqi podasi koʻp boʻldi. Yigirma bir yoshga kirganida Ammora ismli qizga uylantirdilar. Bir kun Ismoil ovga ketgan edi  Ibrohim oʻgʻlini eshigiga kelsa kelin oʻtirgan ekan. Ontiga koʻra tevadan tushmadi.

– Ismoil qani? – deb soʻradi.

– Ovga ketdi, – dedi kelin.

– Qachon keldi?  – yana soʻradi.

– Koʻp soʻzli ekansan, – dedi kelinchak.

Ismoil kelsa siyratimni unga tushuntir va eshigi yomon gʻichirlar ekan, uni oʻzgartirish lozimligini aytib qoʻy, – dedi. 

Amora eriga notanish kishi tayinlagan soʻzlarni aytdi. Ismoil otasi kelganini, xotini unga maʼqul kelmaganini bildi. Uni qoʻyib, qayta uylandi. Yana ovga ketganida Ibrohim keldi. Sayida ochiq yuz bilan kutib oldi.

– Ovga ketgandilar hali zamon keladilar, tushib osh-ovqat yeb turing, – dedi.

– Ont ichganman, tusha olmayman, – javobini qildi Ibrohim.

Kelin tuya ayronidan olib chiqdi. Ibrohim ichgach, “Yilqiyu tuyalaringizga Olloh barakatini  yogʻdirsan” – deya duo qildi. Oʻsha paytda Ismoilning xotini  ayron emas, non olib chiqsa edi. Ibrohim duosidan Makkadan don mahsulotlari ayrondek arzon boʻlar edi.

Undan keyin Ibrohim paygʻambar keliniga tayiladi. Ismoil kelsa aytgil, Ibrohim senga koʻp salom yoʻlladi.  Bu eshikni asrasin.

Ismoil ketgach, Sayida begona kishining salomini va soʻzlarini yetkazdi.

– U meni otam eshik deb seni aytgan. Demak u kishi sendan xursand boʻlibdi, – deb izoh berdi Ismoil.     

 

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.