Qurbon Muhammadrizo: ESDAN ChIQMAS OʻTMISH yohud Dilbar Bekchanovaning «Oqibat mehrobi» kissasi toʻgʻrisida

0
114
marta koʻrilgan.

Toʻgʻrisini aytsam, «Oqibat mehrobi»ni oʻqib boʻlgach, darhol qoʻlimga qalam olib, qissa haqidagi fikrimni qogʻozga tushirishga shoshilmadim, yanada toʻgʻrirogʻi, asarda tasvirlangan hayot voqealarini fikrim sandigʻiga sigʻdira olmadim, uni qalbimga singdirish uchun haftalab oʻylab yurdim.

Bilmadim, muallif «Axir bu sizning xayotingiz haqida yozilgan asar-ku?», degandek, boʻlaverdi xayolimda. Asar qahramonlarini sevib qoldim: qissa bosh qahramoni Shukurjon ona, goʻyo oʻz onam, uning farzandlari oʻz jigarbanddarim, u yashagan xonadon goʻyoki oʻz Xonadonim, bosh qahramonlarning ikkinchi galereyasi — Roʻzmatboy bilan Sapaboy MISLI mening togʻalarimu, ularga berilgan nohaq jazolardan yuragim oʻrtandi: Falakning gardishi bilan xuddi kelinoyilarim singari boʻlib qolgan Bikajon va Poshshajonlarning boshiga tushgan azoblarni tuyib, ishonasizmi, koʻz yoshi toʻkdim.

Ne uchun shunday tuygʻular girdobiga tushib qoldim? Buning sababini qissani qunt bilan oʻqigan, hushi oʻzida boʻlgan odam anglab olishi mumkin.
Qizigʻi shundaki, asar oddiy, soʻzlashuv tilida, ravon, tushunarli yozilgan, shunday chizilganki, uni oʻqish jarayonida tasvirdagi voqea-hodisalarni «koʻrib» borasiz va natijada qissa qahramonlari tushgan shu hayot ummoni kemasida oʻzingiz ham suzayotganingizni sezmay qolasiz. Bu ijod uslubini men Dilbarjonning «Qor ostida qolgan orzular» kitobini oʻqiganimda sezganday boʻluvdim, endi esa bu sezgim ishonchu iqrorga aylandi…

«Hayotda ota-onam oʻrtasidagi oʻzaro mehr-muhabbat, bir-biroviga boʻlgan munosabatlarini koʻrishdan ham yorqinrok yana nima ham bor ekan, deb oʻylab qolaman, baʼzan. Xotira tiklansa yanada goʻzal boʻladi, deyishadi…» deya yozadi muallif oʻsha kitobida.
Darhaqiqat, «Oqibat mehrobi» qissasi oʻsha kitobda boshlangan gʻoyalarning davomi sifatida xotirani tiklashga xizmat qilish uchun dunyoga kelgan. Axir, xotira tiklansa, odamni qayerlarga, qaysi zamonlarga, qaysi olamlarga «uchirib» ketmaydi deysiz… Xotira…
«1983 yil. Toshkent-Urganch poyezdi yeldek uchib, manzilga shoshadi. Dilorom sessiyalar tugab, amaliyotga va undan soʻng yozgi taʼtilga Urganchga — oʻzi tugʻilib oʻsgan shaharga oshiqyapti. Bu gal ynga qaytishda mehribon onajonisi hamroh ekanidan juda xursand. «Chorjoʻyga yaqinlashganlarida, onasi bir muhim tarixni ochdi. Shu yerda rahmatli qaynotam dafn etilgan»,— dedi… «Chorjoʻyda dafn qilingan bobosi haqidagi voqealarni Dilorom jon qulogʻi bilan eshitdi…»

Voqealarni tingdar ekan, qiz oʻziga savol beradi: Ota-bobolari Xorazmda yashagan boʻlsalar, nega axir bobosining jasadi uzok Chorjoʻy yalangliklarida koʻmiladi?
Aslida asarniig tuguni edi bu.

Muallif yechimga oʻtish uchun qalam sura boshlaydi: «1938 yil kuz fasli. Tegrada mosh sovurayotgan Shukurjon ena u yokdan bu buyoqqa yugurib oʻynayotgan, shovqin solib, hech ham tinchimayotgan nevaralarini tartibga chaqirib charchadi shekilli, endi ularga gapirmay, ishini davom ettiraverdi. Kelinlari dalada pishib yetilgan mosh, loviya poyalarini yigʻishtirib, yem-xashak uchun «quyoshga koʻyib yelpitish bilan ovora edilar…»
Tasvirda bagʻri keng mehnatkash oʻzbekning tinch, osuda hayoti. Hayot ishqida, moʻl-koʻlchilik taraddudida butun bir qishloq parvona, yaxshilik mevalarini terishmoqda. Hayotning goʻzalligini qarang! Oʻsha qishloqda boʻlib, qadoq qoʻlli qishloq dehqonlarining yuzlaridagi sevinchni koʻrib, ularga xavas qildim, quyoshdan nur emib, boʻliq hosil yiqqan boshoqlarini koʻtara olmay turgan gʻalla dalalari qarshisida musaffo havodan toʻyib-toʻyib nafas oldim, goʻyo. Naqadar baxt!

Ammo shunday bir paytda oshga pashsha tushdi, qishloqqa sovuq xabar yetib keldi: « — Ena, Roʻzmatboy bilan Sapaboyni ham olib ketishibdi! Uylari hukumat tomonidan tortib olinib, zavod ham berkitilibdi. Bor mol-mulki hukumat ixtiyoriga oʻtibdi. Zangʻarlar xotini Bikajon va joʻjabirday olti nafar farzandini, singlisi Poshshajonni koʻchaga chiqarib tashlashibdi… Bolalarga ham raxm kilishmabdi, yaramas yalangoyoklar…»
Kutilmaganda osmonni qora bulut egalladi, chaqmoq chaqib momoqaldiroq gumbirladi.

Muallif davom etadi: «Oʻsha kunning oʻzidayoq uy(lar) boshdan-oyok; tintuv qilindi. Boylarning, dehkonlarning bor-budi tortib olindi, musodara qilindi…», «Shukurjon ena yaqinda oʻzlariga tegishli 259 gektar yer, oʻnta omoch, 4 ta hoʻkiz, 7 ta eshak va yuzga yaqin belkurak, bolta va boshka anjomlarni «oʻz ixtiyori bilan» kolxozga topshirdi. «Tinch va chiroyli hayot kechirayotgan oila, roʻzgor parokanda boʻldi…»
Oʻylab qolasan: Odam oʻldiribmi yoki oʻgʻirlik qilibmi, ishqilib, biror gunohga botib, qoʻlga tushgan kishining ahvolini tasavvur qilish mumkin. Ammo hech narsadan hech narsa yoʻq, mutlaqo begunoh bir odamning qoʻliga kishan solsalar-da, uyidan olib chiqib qamab qoʻysalar, bundoq quruq tuhmat kimning xayoliga keladi-yu, qaysi risolada bitiladi?

Har qanday dahshatli, fojiali voqealarni ham ertak eshitgandek eshitish mumkin. Ammo qamoqlarda tilka-pora boʻlgan bu yurak, qaqshagan bu asablar tuhmat va haqoratlar azobini qayta xotirlashga endi bardosh bera olarmikan! 1937-1938 yillardagi «Katta terror» fojiasi insoniyat tarixida XX asrning eng dahshatli voqealaridan boʻlib qora iz qoldirdi.

Qissada tasvirini topgan ushbu voqea-hodisalarni oʻqir ekanman, kitobxonning «Oʻzi tugʻilgan tuproqdan mahrum boʻlib, quloq qilinib, Sibir, Ukrainaga badargʻa qilingan jabrdiydalarning, ularning izida qaqshab qolgan qarindosh-urugʻlari, farzandlarining keyingi hayoti nechuk boʻlarkan?», deya oʻylab qolish tabiiy.

Qissa davomini oʻqisak, bu savolga ham javob topamiz. Sud zalidan toʻppa-toʻgʻri olib chiqilib, surgunga joʻnatilgan oltmish yasharlik Roʻzmatboy Sibirga ham yetmay, yoʻlda Chorjoʻy yalangliklarida kasallik va ochlikdan vafot etgan. Sapaboy esa turmadan qaytib, oʻziga kelolmay, uzok betoblikdan soʻng mashʼum urush boshlangan kun — 1941 yilning iyunida yorugʻ olamni tark etgan.

Bu azoblar ham yetmaganday, Ikkinchi jahon urushi front orkasida kolgan jabrdiydalarning patini yula boshladi. Frontga ketgan yigitlarimiz oʻrnini ayollar, keksalar va bolalar egalladilar. Dehkonchilikning ogʻir yuki ularning zimmasiga tushdi. Kiyim-kechak, oziq-ovqat tanqis. Buning ustiga urushda yurgan askarlarga turli issiq kiyim- bosh kiyim, paypok, koʻlqop, ozik-ovkat boʻlsin deb, non, jiyda, oʻrik qoqi joʻnatish lozim edi. Soʻnglik bilan «tanka puli» deganlar chiqdi. Xullas, zoʻrgʻa kunini koʻrib oʻtirgan xalk talanar edi. Muallif bu davr hayotini tubandagicha tasvirlaydi: «Urushning asorati eng chekka-chekka qishloqlargacha yetib borgan edi. Ikkinchi yili esa ochlik, yupunchilik boshlandi. Bu azob-uqibatlarni, muhtojlikni yana bir bor Bikajon va Poshshajon bolalari qayta oʻz boshlaridan oʻtkazayotgan edilar. Qoʻlida biror hunari bor kishi har nechuk kunini koʻrishi mumkin edi-yu, oddiy Xalq, ayniqsa, bolalar koʻp aziyat chekishdi. Bu ikki ayolning sabru bardoshi, aql-zakovatiga tan bermay iloj yoʻq edi. Urush orti mehnat fronti mashaqatlari oldida hech birining irodasi bukilmadi. Aksincha, tabiatan kurashuvchan, shijoati oʻtkir Poshshajon barcha qiyinchiliklarni yengib, kurashib yashashga oʻrgangan edi. U kunduzlari tikuv fabrikasida ishlab, kechqurunlari opasi bilan birga uyda tikish tikishardi».

«Qishlok dalalarida ishlashga, ekin-tikin ishlarini olib borish uchun yaroqli ishchi kuchi deyarli qolmagan edi. Yigitlarni frontga, ayollarni front ortida ishlashga olib ketishardi. Shu bois dalalar huvillab, ovullar boʻshab kolgandi. Shunday boʻlsa ham sabrli, chidamli xalqimiz, yaxshi kunlar kelar, degan ilinjda qiyinchiliklarning hammasiga bardosh berardi. Shunday paytda Shukurjon enaning nevarasi Jamila, kolxoz raisi Yuldosh ota, raykom vakili Neʼmatjon aka kabi pokdil kishilar ularga madad boʻldi. Ayniqsa, Jamila obrazi asarning keyingi qismlarida «yarq» etib koʻzga tashlanadi. Qiz urush boshlanishidan oldin Urganch pedagogika institutining matematika fakultetiga oʻqishga kirgandi. Lekin qishloqdagi ogʻir ahvolni koʻrgach, keyin oʻqishimni davom ettiraman, hozir esa ishlamogʻim, kolxozni tiklashga yordam bermogʻim kerak, degan maqsadda, oliy dargoxdagi oʻqishini vaqtincha toʻxtatib, hisobchilik qisqa kursiga oʻqishga kirib, uni tugatib-tugatmasdan oʻz kolxozida hisobchi vazifasida ish boshlaydi. «Zehni oʻtkir, hisob-kitobga chaqqon qizdagi qobiliyatni koʻrib, keksa rais ham emin-erkin nafas oldi…» Shunday qilib, qiz qishloqda tashabbusni qoʻlga oldi, odamlar yetishmaganidan ekilmay qolgan yerlarni ishga tushirishda tashabbuskorlik qilib, jonbozlik koʻrsatdi.

Yozuvchi Jamila timsolida tadrijiy ravishda oʻsib borayotgan toʻlaqonli obrazni yarata olgan. Qiz shu davrdagi vatanparvar, zukko va shaddod oʻzbek qizlarining tipik vakili sifatida va oʻzining individual xususiyatlariga ham ega boʻlgan jasoratli ayol sifatida oʻquvchi koʻz oldida yaqqol gavdalanadi. Kolxoz raisi keksa Yoʻldosh ota va raykom vakili Neʼmatjon akalar timsolida urush davrining achchiq-chuchugini totgan, xalqining dardiga sherik boʻlib, shunday ogʻir kunlarda ularga qayishgan vatanparvar kishilar talqin qilinadi. Sholining ichida kurmagi boʻlganidek, shunday tashvishli, mashaqqatli yillarda, qishloq xoʻjaligini tiklash, xalqini ogʻir ahvoldan chiqarish maqsadida jon kuydirayotgan odamlar orasida faqat oʻz manfaatini oʻylovchi, xudbin, jamiyat mulkiga koʻz olaytirgan, omonatga xiyonat qiluvchi nafsxoʻr, aldamchi kimsalar ham aralashib yurganligini sobiq aravachi Qosim timsolida ochib bergan. Qissada nomlari qalamga olingan oddiy personajlargacha ijodkor nazaridan chetda qolmagan.

Masalan, qishloqqa xat tashuvchi Habib ota asarda atigi bir marta yulduz sunganday «yalt» etib kurinish beradi, xolos. Hatto shu obraz ham katta falsafiy maʼno kashf etadi. Yaʼni uning obrazini muallif shunday chizadi: «…Xat tashuvchi Habib ota poyi-piyoda yurib, frontdan xat-xabar va afsuski, koʻproq qora xat olib kelardi… Hech bir gunohsiz, shoʻrlik koʻplarga yomon koʻrinib boʻldi. Ayrim xonadonlarda «Ana, qadami sovuk, keldi», degan shivir-shivirlarni ham eshitib, qattik; iztirob chekardi..,»

Shuni ham taʼkidlash lozimki, muallif yaqin oʻtmishimizda qismat boʻlgan ayanchli, fojiaviy hayotni, davr mashaqqatlarini kelgusi avlodlarga yetkazish, ularni ogoh qilish maqsadida qalam tebratar ekan, bu ishga oʻta masʼuliyat bilan yondoshgan; har bir epizod, har bir dialogning, har bir soʻzning ishonarli va taʼsirchan chiqishi uchun qunt bilan ishlagan. Natijada asar tili ravon, sodda va xalqchil boʻlib, oʻquvchini zerikgirmaydi, aksincha, ilmoqli misollar vositasida uni oʻziga tobora jalb qilaboradi.

Oʻtmishini bilmaganning kelajagi xam yoʻq deganidek, tarixga nazar tashlash, oʻtmishni oʻrganish, bugungi kunimizning yashash meʼyorini, istiqbol sari qadam tashlash yoʻlini belgilashda bir omil sifatida katta axamiyat kasb etadi.

Yuqoridagi fikrlarni eʼtiborga olgan xolda, ishonch bilan aytish mumkinki, muallifning «Oqibat mehrobi» qissasi yaqin oʻtmishimiz haqida bitilgan tarixiy, badiiy, publitsistik asarlar qatoridan oʻziga yarasha mustahkam oʻrin olishidan dalolat beradi.

Qurbon Muhammadrizo,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.