Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Oʻzbekiston xalq shoiri Rauf Parfi tavalludining 80 yilligiga bagʻishlangan adabiy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Xabaringiz bor, shu yilning 18 aprelida Vazirlar Mahkamasining “2023 yilda adabiyot, madaniyat va sanʼat, ilm-fan sohalari atoqli namoyandalarining tavallud sanalarini munosib nishonlash va ularning faoliyatini keng targʻib etish toʻgʻrisida”gi farmoyishi qabul qilingan edi. Ushbu hujjat bu kabi tadbirlarni oʻtkazish uchun huquqiy hujjat boʻldi.
Kechada jamoat arboblari, taniqli ijodkorlar, sanʼatkorlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Unda Rauf Parfi hayoti va ijodiga bagʻishlangan suratlar hamda kitoblar koʻrgazmasi tashkil etildi.
Tadbirni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majidov olib bordi. Kecha avvalida shoirning hayoti, mehnat faoliyati, ijodini aks ettiruvchi “Rauf Parfi” nomli hujjatli film namoyish etildi.
Shundan soʻng, Oʻzbekiston xalq shoirlari Usmon Azim, Mahmud Toir, Respublika “Nuroniy” jamgʻarmasi raisining birinchi oʻrinbosari Sharof Ubaydullayev, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Nazar Eshonqul, “Doʻstlik” ordeni sohiblari, shoirlar Farida Afroʻz, Chorshamʼ Roʻzi soʻzga chiqib, uning sheʼriyati haqida fikr bildirdi, insoniy fazilatlari, ijodiy xotiralarini yodga oldi.
– Rauf aka hamisha mustaqilikni gapirib kelgan shoir edi, – deydi Usmon Azim. – Oʻshanda odamning ishongisi kelmasdi. Ammo Rauf aka mustaqil boʻlamiz, derdi va ozod mamlakatga aylandik. Rauf akaning 80 yilligi nishonlanayotganidan, hammaga bir xil qaralayotganidan nihoyatda baxtiyorman. Bu kunlarni oʻzi koʻrmasayam, biz koʻrdik. Rauf aka juda milliy shoir, tarjimaga sigʻmaydigan oʻzbek shoiri. Uning sheʼrlaridagi entikishlarni, nafas olishlarni, ogʻriqlarni faqat oʻzbek biladi. Bizning yuragimizda Rauf akaning soʻzi qoldi. Bugungi xotira gʻussali boʻlmasligi kerak. Garchi mening koʻzimga yosh kelayotgan boʻlsa ham.
Ayni kunlarda shoir xotirasini abadiylashtirish, u qoldirgan maʼnaviy merosni chuqur oʻrganish, yoshlar orasida sheʼrlarini keng targʻib qilish maqsadida joylarda tadbirlar oʻtkazilmoqda. Xususan, Chirchiq davlat pedagogika universitetida, Oʻzbekiston Milliy universitetida boʻlib oʻtgan Rauf Parfi hayoti va ijodiga bagʻishlangan ilmiy-adabiy, maʼnaviy-maʼrifiy konferensiyalar ana shular jumlasidan.
Shu yilda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Rauf Parfining sheʼriy toʻplami, “Tanlangan asarlar”i hamda “Zamondoshlar xotirasida” kitoblari chop etildi.
“Sheʼriyat – Alloh odamni yer uchun yaratgani kabi qadimiydir. Yorugʻ dunyoga kelgan inson bor ekan, inson boʻlib tugʻilgan ekan – Inson haqlari, inson huquqi bordir. Inson huquqi – Sheʼriyat huquqi. Inson va Tabiat uygʻunligi abadiy, tabiat tartiboti oʻzgarmas, ammo inson tabiati oʻzgaruvchandir. Muvozanat buzilgan joyda jaholatning qora quyoshi yonib fikr olamini zulmatga chulgʻaydi, qonga bulgʻaydi. Muborak uygʻunlik yoʻlida jafo chekkanlarning karvonboshilari shoirlardir, ehtimol. Sheʼriyat cheksizlikdir – ammo sheʼriyatning osmoniga boqib cheksizlikning ham cheki bor, deb oʻylaysiz. Sheʼriyat insonning ilkin nafasidir, poyonsiz nafasning moddiylikka aylanishidir, balki”, – degan edi Rauf Parfi.
Tadbirda yosh ijodkorlar – Setora Shomurodova, Bobomurod Saʼdullayev Rauf Parfi sheʼrlaridan oʻqidi. Taniqli sanʼatkorlar ijrosida shoir sheʼrlariga bastalangan qoʻshiqlar tinglandi.
Kecha yakunida Rauf Parfining farzandi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Muqaddas Abdurahmonova soʻzga chiqib, otasining ijodini oʻrganishga, targʻib qilishga qaratilayotgan eʼtibor hamda bugungi tadbir uchun minnatdorligini bildirdi. Unga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Rauf Parfining “Tanlangan asarlar”i hamda “Zamondoshlar xotirasida” kitoblari sovgʻa qilindi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
Lesya Ukrainka sheʼriyatidan RAUF PARFI tarjimasi
Sukut aro munis xayolim,
Qafasdagi qush kabi tutqin.
Yetmas ozod uchmoqqa holi –
Alamlarda iqboli nigun.
Turgʻil endi, qoʻshigʻim uygʻon,
Uygʻon singan qanotingni yoz.
Falaklarda charx ur bu zamon,
Kelur dengiz tomondan ovoz!
Irmoq boʻlib otil, qoʻshigʻim,
Irmoq bilmas qayga borur yoʻl.
Uch, qoʻshigʻim, chagʻalay kabi,
Gʻarq boʻlmoqni oʻylamas-ku ul.
Shamol yangligʻ yoza qol qanot
Qaynoq toshgil, ey tashna koʻngil.
Javob yoʻqdir shamolga, hayhot,
Lekin toʻlqin sola olur ul.