Canʼat-ijtimoiy ong va inson faoliyatining oʻziga xos shaklidir. Sanʼat inson mehnati, aql-idroki, shuuri bilan yaratilgan ijod mahsulidir. Sanʼat asarida shaxsning oʻziga xos isteʼdodi namoyon boʻladi.
Sanʼat insoniyat maʼnaviy madaniyatining tarkibiy qismi, dunyoni maʼnaviy anglashning maxsus turidir. “Sanʼat” keng maʼnoda, badiiy qadriyatlar, ularni yaratish (badiiy ijod qilish) va isteʼmol (badiiy idrok etish) jarayonlarini qamrab oladi. Sanʼat hozirgi davrga qadar insoniyat taraqqiyoti bilan bogʻliq holda rivojlanib kelgan.
“Sanʼat” tushunchasi insonning goʻzallik qonuniyatlari asosida borliqni badiiy oʻzlashtirish (va oʻzgartirish)ga qaratilgan yaratuvchilik faoliyati hamda uning natijasi sifatida vujudga kelgan jami narsalar tushuniladi, yaʼni, goʻzallik qonunlari asosida mahorat va did bilan yaratilgan narsalarning hammasi sanʼatga aloqadordir.
Sanʼatning ikki turi farqlanadi: amaliy va badiiy (nafis). Amaliy sanʼat turlariga kulolchilik, naqqoshlik, kashtachilik, zardoʻzlik, libos yaratish kabi sohalar kirsa, badiiy sanʼat turlariga rassomlik, musiqa, haykaltaroshlik, kino, teatr, badiiy adabiyot kabilar mansub. Shuningdek, ifodali va tasviriy sanʼat turlari farqlanadi.
Baʼzi sanʼat turlari tasvirlasa, boshqalari ifodalaydi. Aytaylik, musiqa-ifoda sanʼat kompozitor ohanglar orqali kechinmalarni ifodalaydi va shu ohanglar ruhiyatimizda muayyan bir kayfiyat hosil qiladi. Rassomlik bilan haykaltaroshlik tasviriy sanʼat turlari boʻlib, unda biror manzara, holat musavvir qalbini junbishga keltirib, qalbida muayyan kechinmalrni qoʻzgʻatadi va musavvir oʻsha manzarani rang-tasvirga muhrlaydi. Shu tariqa sanʼat asarlari ruhiyatimizga oziq beradi.
Sanʼatning turli koʻrinishlari voqelikni, undagi hodisa, narsa va holatlarni oʻziga xos usullar yordamida aks ettiradi. Masalan, musiqada tovushlar, ularning oʻzaro bogʻlanishi, uygʻunligi orqali; badiiy adabiyot soʻz, obrazlar orqali; tasviriy sanʼatda boʻyoqlar yordamida muayyan hissiy obraz gavdalantiriladi; teatrda pgʻesa qahramonlarining siymosi aktyorlar orqali namoyon boʻladi.
Mavjud sanʼat turlari orasida badiiy adabiyot yetakchi oʻrin tutadi. Chunki badiiy adabiyot universal bilish va ifoda vositasi boʻlmish soʻz bilan ish koʻradi.
Sanʼat tarixi. U qadimiy tarixga ega boʻlib, u jamiyat taraqqiyotining ilk bosqichlarida mehnat jarayoni, shuningdek, kishilar ijtimoiy rivojlanishi bilan bogʻliq holda vujudga kela boshlagan.
Sanʼat ijtimoiy ongning boshqa shakllaridan oʻzining predmeti, mazmuni, voqyelikni ifoda etish usuli va uslubi, ijtimoiy hayotda tutgan oʻrni hamda vazifalari jihatidan farq qiladi. Sanʼat insonning moddiy va maʼnaviy faoliyatidagi bilimi, tajribasi, mahorati va qobiliyatlarini namoyon etuvchi badiiy ijodiyot mahsulidir.
Sanʼatning taʼsiri. U inson uchun estetik zavq-shavq manbai; inson hayotiga goʻzallik baxsh etadi; odamlarda voqelikka nisbatan hissiy munosabatni shakllantiradi. Hayotni kuzatish, oʻrganish va bilish vositasi hamdir. Hayotni inson orzu qilgan tomonga oʻzgartirishda yordam beradi. Tarbiya vositasi sifatida xizmat qiladi. Hayotdagi goʻzallikdan ilhomlanishga, yomonlikdan nafratlanishga chorlaydi.
Odamlar orasidagi maʼnaviy koʻprik, muloqot vositasi boʻlib, odamlarning badiiy-estetik didini tarbiyalaydi, ularda maʼlum dunyoqarashni shakllantiradi. Sanʼat jamiyat maʼnaviy hayotining boshqa xodisalari (fan, mafkura, axloq) maʼlum darajada bogʻliqdir. Sanʼatning maqsadi dunyoni badiiy oʻzlashtirish, odamga lazzat baxsh eta oladigan, uni maʼnaviy boyita oladigan asarlar yaratish yoʻli bilan kishilarning estetik ehtiyojlarini qondirishdan iborat. Inson sanʼatdan estetik zavq, bitmas-tuganmas ijodiy kuch-qudrat oladi va shu maʼnoda sanʼat maʼnaviy yuksalishning eng taʼsirchan quroliga aylanadi, biroq eng ahamiyatli jihati shundaki, u inson salomatligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
XULOSA. Sanʼat ijtimoiy hayotning mustaqil bir sohasi boʻlib, jamiyatning barcha tomonlariga taʼsir oʻtkazadi, ijtimoiy ongning hamma shakllari bilan aloqaga kirishadi. Sanʼat voqyelikni badiiy vositalar orqali yanada toʻlaqonli, jozibali anglashga yordam beradi. Sanʼat uchun inson bosh mavzu boʻlib xizmat qiladi. Sanʼatda inson hamma vaqt ham bevosita ifodalanmaydi. Sanʼat narsalardan, tabiat hodisalaridan inson uchun ahamiyatli boʻlgan maʼnoni izlaydi, inson qalbini poklaydi, uning har tomonlama kamol topishida muhim vosita boʻlib xizmat qiladi.
Shoxista Samarova, Chirchiq davlat pedagogika universiteti Psixologiya kafedrasi mudiri