Sayyoramizdagi birinchi qurilgan uy Kaʼbai muazzama ziyorati va uning qissasi

0
223
marta koʻrilgan.

Umra farzlardan biri–ehromni ellikboshimiz, ziyoli inson Bekmirza Ziyoyev  tavsiyasi bilan  guruhimiz Madina-yu mukarramada kiydi.

Avtobusimiz Makka-yu mukarramaga yoʻlga tushganidan ellikboshimiz talbiyani yaʼni labbaykani boshladilar. Barcha ziyoratchilar u kishiga joʻr boʻlib, takrorlashdi. Nazarimizda avtobusni farishtalar qurshab olgandek boʻldi. Ziyoratchilarni osuda va xush kayfiyat egalladi. Yoʻl-yoʻlakay masjidlarga tushib namozlarimizni oʻqib olishga imkon ham yaratildi. Jamoa bilan namoz oʻqish muqaddas dargoh ziyorati nasib etganiga shukurona bildirish bilan birga, yurtimizga, elimizga, oilalarimizga ezgu tilaklar yoʻllab duolar ham oʻqish edi.

Makka-yu mukarramaga yetib kelganimizda yuklarimizni Hiltin mehmonxnasiga  qoʻydikda, Masjidul haram ziyoratiga  shoshdik. Faqat ikki ayol mehmonxonada qoldi.  Ular aravada aylanish istagida boʻlib, biri 79 yana biri 81 yoshli keksalar edi.

Baytulloh sayyoramizdagi birinchi qurilgan uy, yettinchi osmondagi Baytul Maʼmurning soyasidagi muqaddas dargoh, Yer yuzining qoq markazida joylashgan Kaʼbai muazzama ziyoratchilar bilan gavjum.  Hamma-yoq charogʻon. Dillar nurafshon edi.

 Onasi singlisi, turmush oʻrtogʻi va togʻasi bilan borgan  surxandaryolik yigit “Hamma ayollar oʻrtaga oʻtsin.” deya topshiriq berdi. Erkaklar qoʻllarini qoʻllariga berishdi. Biz ayollar oʻrtada kaʼbatilloni yetti marta aylanib ziyorat qildik. Guruh boshligʻimiz oldinda surxandaryolik yigit chambarakni oxirida boʻlib, kaʼbatilloni aylanayotganda aytiladigan duolarni, labbaykani baland ovozda navbati bilan qiroat qilishdi, guruhimiz ularga joʻr boʻlishdi. Oʻziyam ularga Alloh baland ovozni bejiz inom etmagan ekan, bu guruhimizga juda asqotdi.  Takbir aytganda, ellikboshimiz oʻrgatganidek, kaft ichlarini  Hajarul asvadga qaratib, biz ayollar qoʻllarni yelka, erkaklar quloqlari barobar koʻtarib duo qildik.

«Qissasi Rabgʻuziy» asarida kaʼbatillo haqida shunday  bayon qilinadi: Unda yozilishicha, Kaʼbaning yaratilishi Odam Ato davriga borib taqaladi. Hozirgi Kaʼba oʻrnida Odam Ato Bayt-ul Maʼmurning binosini bunyod etdi. U Nuh paygʻambar davridagi toʻfongacha turdi. Toʻfon oldidan azob suvi tegmasin deb Jabroil Bayt-ul Maʼmurni toʻrtinchi qat koʻkka koʻtardi. Soʻngra Shom viloyatidan togʻu toshlarni keltirib, Bayt-ul Maʼmur oʻrnida uy yaratdi. U Ibrohim paygʻambar  davrigacha turdi. Ollohdan Ibrohimga Bayt-ul Maʼmur oʻrnida Kaʼba bino qilishga farmon boʻldi. Ibrohim Ilohiyga  u yer qay yerdaligini bilmasligini aytdi. Tangri Kaʼba oʻrnicha bulut parchasini joʻnatdi. U Kaʼba oʻrniga soya tashladi. Ulkan koʻlankaga teng oʻrinda Kaʼbani bunyod etdi. Nuh paygʻambar kemasining taxtasi birla tomini yopdi.

Baʼzilar aytmishlar: Bir ilon kelib, u yerda choʻlgʻanib yotdi. Undan andoza olib Kaʼbani bunyod etdi. Yana aytishlaricha, ovoz eshitiladi: «Ey, Ibrohim, besh togʻdan tosh keltirib, u bilan bino qilgʻil. Sino, Zino, Xiro, Lubnan, Jadiy». Makkada tosh koʻp edi. Besh togʻdan tosh keltirilishida qanday hikmat bor? Olloh Taolo kimki bu yerga kelib besh vaqt namoz oʻqisa, tavof qilsa, besh togʻ ogʻirligicha gunohi-yozmishi boʻlsa, barini kechirib, bandasini yorliqalar ekan.

Jabroil togʻdan toshlarni qoʻpordi. Farishtalar yordamga keldilar. Tosh kesgach, Jabroil Ismoilni Olloh Taolo farmoni ila tosh ustiga qoʻyar, tosh yoʻrgʻadek  Ibrohimga kelardi. Qaysi tosh yaroqsiz, besoʻnaqay boʻlsa Ibrohimning qoʻli tekkach, marmardek silliq va goʻzal boʻlardi. Paygʻambar toʻrt tomonini toʻrt kalima aytib joylashtirdi. «Subhonallohi, valhamdulillahi, va la ilaha illalahu, allohu akbar»…

Kaʼba bitgach, Ibrohim aytdi: – Ey parvardigorimiz, har narsani bilguvchi, eshitguvchi oʻzingsan. Bizdan shu ishni qabul qil. Sen ularga oʻzlaridan paygʻambar yuborki, u odamlarga sening kalomingni oʻqib bersin. Va kitobingni, xikmatingni oʻrgatsin va ularni poklasin. Xaqiqatda, faqat sen gʻolib, hikmatli va azizsan.

Xabarda kelur: Muhammad  Mustafo alayhissalom soʻzi: Men otam Ibrohimning duosi, Iso bashorati va onam Ominaning tushiman.

Jabroil keldi, yorliq keltirdi: ”Odamlarga haj haqida xabar ber”. Ibrohim Qubbays togʻiga chiqdi.

Va daʼvat etdi: – Ey, odamlar, darxaqiqat Olloh taolo sizlar uchun bir uy qurib qoʻydi. Va uni ziyorat qilib turishni buyurdi. Bas, ziyoratga kelinglar. Ota pushtidagi, Ona rahmidagi moʻminu moʻminotlar javob berdilar: Labbay, ey, Xudo,  labbay, ey sherigi yoʻq, labbay xaqiqiy maqtashlikka loyiq. Neʼmat va hukm faqat senga xosdur. Senga hech bir sherik yoʻqdur.

Aytishlaricha, kimki u paytda javob aytgan boʻlsa, yoʻqsil boʻlsa ham haj oʻtagay. Kim javob bermagan boʻlsa, qanchalik kuchli va boyvachcha boʻlsa ham haj oʻtamagay”…

“Qisasi Rabgʻuziy” asaridagi bu hikoyat-u  rivoyatlar insonni ezgu amallar bilan yashashga, insofli, diyonatli, imon-eʼtiqodli boʻlishiga daʼvat etadi. Inson ezgu-amallari, fidoiy mehnati bilan oʻz  taqdiriga oʻzi taʼsir eta olishini  ifodalaydi.

Soʻngra guruhimiz bilan Marva bilan Sapo togʻini yetti marta aylandik. Ushbu ziyoratning ham oʻziga xos tomonlari mavjud ekan, uni ellikboshimiz guruhimizga oʻrgatdi. Bu maskan Hojar onamizni Ibroxim paygʻambar  farzandi Ismoil bilan Allohga iltijo qilib tashlab ketgan, zamzam suvi chiqqan maskan. U maskan bir paytlar “Qisasi Rabgʻuziy” asarida tasvirlanganidek, choʻli biyobon emas, millionlab islom ahlini dilini xushnud qiladigan obod  va goʻzal maskan ekan. Hamisha mening koʻz oldimda ulkan togʻ va choʻli biyobon gavdalanar edi. 

“Qisasi Rabgʻuziy” asaridan: Sora Roziyallohu anhu toʻqson yoshga kirdi. Oʻgʻli-qizi boʻlmadi. Ibrohim paygʻambar qoʻlida Muhammad Mustafoning nuri bor edi. Sora onamizga  bu nur sendan boʻlgan oʻgʻlonga teggay, deb vaʼda qilgan ediki, Ibrohim paygʻambar Hojar onamizga qovushgach, u nur Hojar onamizga koʻchdi. Bu holdan Sora onamizning gʻazabi keldi. Erining yoqasidan oldi. Erining yoqasidan olgan birinchi ayol Sora onamiz edi. Jabroil keldi: – «Ey, Ibrohim, Soraga ayt sabr qilsin», – dedi.

Baʼzi rivoyatlarda yozilishicha, Hojaronamizning oy-kuni yaqinlashgach, Ibrohim paygʻambardan Sora onamiz uni koʻzimga koʻrsatma, – deya soʻradi. Jabroil farishta ham «ularni ajratgin»,- deb buyurdi. Ibrohim paygʻambar ikki teva keltirdi. Biriga oʻzi, biriga Hojar onamizni mindirdi. Sora onamiz  paygʻambarga uch shart qoʻydi: birinchisi odam yoʻq sahroga tashlash, ikkinchisi, tevadan tushmaslik, uchinchisi kechasiga qolmaslik.

Ibrohim rozi boʻlib, ont ichdi. Makkaga bir oylik yoʻl edi. Mavlo taolo amri u yerga bir kunda yetdilar. Ibrohim paygʻambar uni suvsiz, koʻkat koʻkarmagan kimsasiz joyda qoldirdi. Olloh oʻz panohiga olishiga umid qildi: «Ey, parvardigorimiz, albatta, men avlodlarimning baʼzisini hech narsa oʻsmaydigan bir vodiyda, muqaddas uying yaqinida joylashtirdim. Uni oʻzing yorliqol”, – deya iltijo qildi.

U paytda Makka yoʻq, Baytul maʼmur bor edi. Ibrohim zavjasiga oziq-ovqat va suv berib tashlab ketdi. Bir necha kundan keyin Hojar onamiz oydanda, kundanda goʻzal oʻgʻil tugʻdi. Vujudida Muhammad Mustafoning nuri bor edi. Hojar onamizning suvi tugadi, bolasini yoʻrgaklab, hayron turganida un eshitildi. Ismoilni suyab, tikka qoʻyib, Safo togʻiga bordi. Suv topmadi, Marva togʻidan un eshitdi, u yerga ham bordi, suv topmadi. «Mana suv» degan un eshitishda davom etaverdi. tinmay yugurardi. Biroq, topmasdi. Ul iltijo bugungi kunda hojillarga sunnat qoldi. Shunda Hojar tangriga «Ismoʼ ya ilu» deb munojaat qildi. U «Iziyo eshitgil» degan maʼnodadir. Ana shu yoʻl bilan Ismoilga nom qoʻyildi. Hojar onamiz Ismoilning yigʻisini eshitib, yetib keldi. Ismoil yiqilib tushgan, ikki oyogʻi bilan yerni tepar edi. U tepgan yerdan Jabroil qanoti bilan urib, yerni ochdi, suv chiqardi. U bugungi zamzam suvidir. Suv qaynab chiqar, paygʻambar zavjasining dilini  shod etardi. U suv tugab qolmasin, deb buloqning atrofiga toshu qumlarni yigʻdi. Ul kun Hojar onamiz suvni avaylamaganida edi, bu kun Makkada bir ariq suv boʻlardi.

Ismoil barokatidan bir kuni Banu Jarham ismli karvonboshining karvoni Shom viloyatiga Makka yeridan oʻtar boʻldi. Yam-yashil daraxtlar dilni yayratar, qushlar uchib, qurt-qumursqalar yugurib yurardi. Ketma-ket yurib Ismoil bilan uchrashdilar, yana suv koʻrdilar. Hojar onamizdan oʻgʻlining Ibrohim paygʻambar farzandi ekanligini bilib oldilar. «Bizning yerda suv ham ekin-tekin yoʻq, ot, qoʻy-tuyalarimiz oriq. Yolgʻiz ekansizlar agar ruxsat bersanglar koʻchib kelamiz». Topganimizning oʻndan bir foizi oʻgʻlingizniki boʻladi, – deyishdi. Hojar onamiz rozi boʻldi. Ular oilalarini, uylarini koʻchirib kelishdi. Maliklarining ismi Xanifa ibn Sumanda alp Xuxumiy edi. Uch ming besh yuz oila Makkaga kelib, joylashdi. Uy,  bozor qurdilar. Yil tugagach topganlarini oʻndan birini hisobini chiqardilar. Ikki ming qoʻy, uch ming sigir, yetti ming tuya boʻldi. Va barini Ismoilga berdilar. Har yili ana shunday qildilar. Ismoilning yilqi podasi koʻp boʻldi”.

Bugungi kunda  ana shu zamzam suvidan ziyoratga kelgan millionlab kishi isʼtimol qiladi. Kaʼbaning  Alloh nomi bilan atalgan 99 ta eshigi boʻlib ularning har biridagi ulkan saroyda  200-300 lab kishi tilovat qilib oʻtirishadi. Har bir saroyga qoʻyilgan zamzam suvi idishlarini tez-tez toʻldirib turishadi. Yana ziyoratchilar uyiga qaytayotganida besh litrlik idishda armugʻon qilishadi. Allohga hamdlar boʻlsin. U zotning Paygʻambariga salovotu salomlar boʻlsin. Allohning sharofati bilan u tugamaydi.

Bugungi kunda zamzam suvini jahon olimlari tekshirib koʻrib minglab shifobaxsh darmondorilar borligini tan olib, muqaddasligini eʼtirof etishgan. Allohga hamdu sanolar boʻlsin. Tutgan roʻzalarimizni, duolarimizni  Allohim  qabul etsin.

Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.