Serhosil bogʻ qayda-yu qurigan  daraxt qayda (Hikoya)

0
403
marta koʻrilgan.

 Berta bilan olti yil birga ishlaganmiz. Oʻrta boʻyli, qaddi-basti risoladagiday, kalta kesilgan sochlari sariq, quvnoq, hatto oʻta quvnoq qiz edi. Shunday desak toʻgʻri boʻladi, chunki u garchi men bilan yoshi teng boʻlsada, hali turmushga chiqmagandi. Insof bilan aytish kerak, oʻsha kezlar sururga toʻla boʻlib, Berta ikkimiz ishlab charchamas, kunning qanday oʻtganini ham sezmasdik. Ikki haftaning birida dugonam dam olish kunlari biznikiga kelar, xuddi oilamiz aʼzosidek  boʻlib qolgandi. Ikkinchi farzandimni koʻkrakdan  ajratayotganimda,  qizalogʻimni onamga qoldirib, (u paytlar onam  hayot edi)  kunduzi ishda boʻlar, uch tun uning uyida tunagandim.

 Bir yili  yangi yil kechasida  Bertani uyimga  taklif qildim. Bayram gʻoyat shukuhli boshlangan, quvonchdan qizlarim kiyikchalardek sakrar, soat 12 boʻlishini, qorbobo  darvoza oldiga ular uchun qoʻyib ketadigan sovgʻani  intizorlik bilan kutishardi. Bu bizga odat tusiga kirgan boʻlib, kattalardan kimdir bir daqiqa kam oʻn ikkida  darvoza oldiga chiqib,  oldindan hozirlab qoʻyilgan sovgʻalarni ostonaga qoʻyar va eshik qoʻngʻirogʻini bosib, oʻzini panaga olardi. Qoʻngʻiroq ovozi eshitilgan ondayoq   bolalar  shamoldek  koʻchaga otilishar, sovgʻalarini olib oʻzlarida yoʻq suyunishar, bu lahzalar ular uchun   bolalikning betakror ertaklari boʻlib,  dunyodagi hech bir quvonchga alishishmasdi. 

Oʻsha  oqshom  yayrab-quvnab oʻtirdik.  Tun yarimida bolalar uxlab qolishdi. Berta esa narigi xonaga oʻtib yotgandi, bir vaqt qarasam sel boʻlib yigʻlayapti.

– Tinchlikmi, biror joying ogʻriyaptimi?!

– Men baxtiqaro ekanman, bir oʻzim soʻppayib yuribman. Sening shunday bolalaring bor,  mening  kimim bor, yoshim ham qirqqa borib qolgan boʻlsa…  Uning koʻngil osmoni chok-chokidan soʻkilib ketgandi. Yupatish oson boʻlmadi, tongga qadar yigʻladi, bayram tatimadi. Bir tarafdan ozroq irimchiroqman, (onamdan oʻtgan)  shunday kunda xonadonimda koʻzyosh toʻkkan dugonam koʻzimga balodek koʻrindi.

– Sen qanaqasiga baxtiqaro boʻlasan, toʻrt muchang sogʻ boʻlsa,  kimgadir  teg, farzand tugʻ, ming bir azob bilan  katta qil, kasal-pasal emassan-ku!

– Koʻnglimga yoqmasa nima qilay…

– Hammaga ham koʻngildagiday baxt  nasib etavermaydi. Boriga baraka qilish, farzandlar  oʻstirish farz. Insoniyat shuning  hisobiga davom etadi.

– Aytishga oson , – dedi xoʻrsinib. Keyin nonushta ham qilmay toʻng alfozda uyiga  joʻnadi. Shundan soʻng kelgisi kelib  turganini  bilsamda,  boshqa taklif qilmadim.  Momiq qizlarimning kundan kunga shirin boʻlib oʻsishayotganini koʻrib koʻzi kuyishidan, yana yarasi yangilanib zorlanishidan qoʻrqardim.  Maʼlum vaqtdan soʻng  yahudiy millatiga mansub talay kishilar Isroilga koʻchib keta boshlashdi. Ular orasida  Berta bilan   onasi  ham bor edi. Zora, oʻzinikilar ichida  tengini topsa deb oʻyladim.  Ular ketadigan kun  biznikida mehmon  boʻlishdi.   Aeroportga  kuzatib chiqdim, bir-birimizni quchgancha uzoq  xayrlashdik, duv — duv koʻzyosh toʻkdik. Millatimizdan qatʼiy nazar biz juda chiqishardik.  Koʻngil sinib, samolyot  bulutlar  bagʻriga singgunga qadar ortdan qarab qoldim.   

Oradan izn soʻrab oʻtirmay yelvizakdek yillar oʻtdi.  Qismati shumidi, yo oʻzi noshudmidi, u yoqda ham Bertaning yoʻli ochilmadi. Shu oʻrtada yolgʻiz suyangani onaizori  ham yolgʻonchi dunyoni tark etdi. Kiyevda  akasi bor edi, uning bilan sira gap-soʻzlari toʻgʻri kelmasdi, ona vafotidan keyin zoʻrgʻa ilinib turgan qondoshlik rishtasi butkul uzildi. Boyaqish  Berta hayhotdek dunyoda yolgʻiz qoldi. Aniqini aytganda,  Oʻzbekistonda allada aziz  — toʻrvada mayiz boʻlgan qanchadan-qancha mutaxassislar xorijiy yurtlarga ketib,  koʻngildagidek ish topolmay beqadr, sarson boʻldilar. Berta ham shularning biri edi.  Kasbiga doir  ish boʻlmagach, kun koʻrish uchun  toʻgʻri kelgan yumushni qildi. Bu yerdagi zamonaviy mebellar bilan jihozlangan shinamgina kvartirasini sotib ketdi, biroq, u yoqda  tuzukroq boshpana ham nasib etmadi. Oʻtmay qolgan kun yoʻq, togʻdami-toshdami yelvizak vaqt oʻtaveradi.   Boridan ham mosuvo boʻlgan Berta oʻtgan kunlarini qumsay – qumsay   70 ni qoraladi. Mening timsolimda Oʻzbekistonni koʻrar, sogʻinar, betinim qoʻngʻiroqlar qilar, hasrat va nadomatga toʻla behisob xatlar yozardi.   Keyinroq esa qulogʻi tom bitib qoʻngʻiroq qilolmay qoldi, biroq xat yozishdan  tolmadi. Navbatdagi  maktublaridan birida   Isroilga taklif qildi. “Bir kelgin, jon doʻstimsan, seni juda sogʻindim, yoʻl xarajatlaringni ham oʻzim koʻtaraman”– deb yozgandi u, – sen axir hali dengizni koʻrmagansan, kulbam shundoqqina   “Oʻlik” dengiziga yaqin joyda joylashgan. Derazadan qarasang, sarhadsiz  suvlik yastanib yotibdi. Ayniqsa, tunlari oy nurida jimirlayotgan toʻlqinlar juda jozibali, sirli koʻrinadi. Yahudiycha xalta palov  tayyorlashni oʻrganib oldim, kelsang pishirib beraman». Bunday takliflar deyarli har bir xatda takrorlanardi. Ammo oʻzi zoʻrgʻa kun kechirayotgan  dugonamning hisobiga  sayohat qilishni hazm qilolmasdim. 

Oradan  vaqt oʻtib, boshqa bir dugonam bilan  Isroilga otlandik va bu haqda Bertaga yozib yubordim. U juda xursand boʻladi deb oʻylagandim, afsuski, chuchvarani xom sanagan ekanman. Undan 14 bet minnatnoma olib, kapalagim kaptar boʻldi. “Seni taklif etganman, dugonangni boshimga uramanmi” –deb, yozgandi u. Keyin menga qilgan yaxshiliklarini, sovgʻalarini bir-bir sanab chiqqandi. Tarvuzim qoʻltigʻimdan tushdi, koʻp yillik qadrdonimning  asl qiyofasini endi koʻrgandek, ancha kunlar diltang gangib yurdim. Safar qoldirildi, xatiga javob  yozmadim. Maktublar soni ancha yillar kamaymadi, birpasda  28 yil boʻy koʻrsatdi. Buni qarangki, Berta yana yozishni boshladi.  Tez-tez   uy telefonim jiringlar,  notanish erkaklar, ayollar Isroildan Berta qidirayotganini, telefon raqamimni berib, uning xatlariga javob yozishimni iltimos qilayotganligini aytardi.  Vaqt shifokor deganlaridek dilimdagi muz eriy boshlagan, biroq  xat yozishga baribir qoʻlim bormasdi. Yana bir xat keldi, Berta Oʻzbekistonga kelayotganligini, samolyotga chipta olganligini  yozibdi. Internetdagi ijtimoiy tarmoqqa (FB)ga aʼzo boʻlganligimni bilib, darhol izlab topdi.  Araz, ginalar tumandek tarqagandi. Shuncha  yillar koʻrmagan qadrdon dugonam bilan diydor koʻrishish quvonchi borligʻimni qamradi. Intiq boʻlib, u keladigan kunni kuta boshladim.  

– Koʻrsang, meni tanirmikinsan, juda oʻzgarib ketganman deb, yozdi FBda.

– Senchi, sen meni tanirmikinsan, semirib, kengayib ketganman.

Xullas, avvalgidek hazil-huzullar qildik. U keladigan kun dasturxonni yasatdimu, tong saharda aeroportga joʻnadim. Soat mili sakkizlarga yaqinlashganda, Tel-Avivdan kelgan samolyotdan tushgan yoʻlovchilar yonginamdan oʻta boshlashdi.  Nihoyat, boshiga shlyapa qoʻndirib, hassa koʻtarib, safar sumkasini  sudragancha  oppoq, baqaloq Berta koʻrindi. Tezgina borib, uni mahkam bagʻrimga bosdim, Berta yigʻlab yelkamga boshini qoʻydi. Ammo oʻrtada qandaydir begona, sovuq koʻlka  borligini qalban his etdim. “Gde moya Xalimka?” — deb kursdosh dugonasini  qidira boshladi. Lekin mendan boʻlak kimsa uni kutib olgani chiqmagandi. Men qarshisida  turibman, ammo uning  boshqalarni zor boʻlib izlayotgani biroz malol keldi. Uning “doʻstlarini” sargʻayib uzoq kutdik, ammo hech kimdan darak boʻlmadi. Bir koʻnglim “mehmonxonaga  joylashishiga yordam beru, yoʻlingga boraver” – dedi, lekin qachonlardir qadrdonim boʻlgan, qulogʻi tom bitgan(apparatsiz) Bertani yolgʻiz qoldirib ketishga  vijdonim  yoʻl qoʻymasdi.  “Ketdik!” – dedim. Mulzam  boʻlib qolgan Berta  noiloj ortimdan ergashdi.  Uning qulogʻigina  emas, balki  “tomi ham  qiyshayib” qolganini koʻrib koʻnglim buzildi.  Gapirsam  eshitmaydi, baqiraverib  tomoq pardalarim yirtilay dedi.  Yozma gaplashish esa tinkani quritdi.

– Apparat   sovgʻa qilsak-chi – dedi qizim. Ammo  bizdagilar  toʻgʻri kelmas ekan, unga  kerakli  eshituv asbobi  noyob boʻlib, – tugʻilgan kunimda davlat tomonidan  berilishini kutayaman,– dedi.  Boz ustiga ogʻzi yopilmaydi, tinmay gapiradi. “Radio” deb qoʻydi bittasi. Toʻgʻri, lekin radioni oʻchirib qoʻysa boʻladi, buning oʻzi oʻchmasa oʻchirish qiyin. Kimlardandir domongir, dunyodan norozi,  ranj — alam koʻksida maddalab ketgan. “Doʻstlar”ining nega kutib olmaganligini tushungandek edim, hammaning   joni oʻziga aziz, roʻparangdagi kimsa betinim valdirab, hadeb dunyoni, tanish-bilishlarni yozgʻiraversa, har qanday temir asab ham dosh berolmasligi aniq. Bir hafta mezbon boʻlib, jonim boʻgʻzimga keldi.    Namanganga birga borib otasining qabrini ziyorat qildik.

Nihoyat Berta joʻnab ketdi, dilimda achinish, ranj qoldi. Bir paytlar qanday sogʻlom, oʻktam qiz edi. Dunyoni boricha tushunar, maqolalar, sheʼrlar yozar, garchi oʻzi tan olmasada,  rusiyzabon tojik yigiti Qamariddinni  sevar, Qamariddinning esa koʻngli boshqada edi. Nazarimda  dugonamning dilidagi jarohat  hamon  bitmagan, chunki kelgan kuniyoq  kishi bilmas uni soʻradi. Berta  koʻnglining quli edi, tuygʻusiz baxtni tasavvur ham qilolmasdi. Umr boʻyi  oʻz yogʻiga oʻzi qovrilib, ertangi kundan sarob umidlar kutib,  yolgʻizlik girdobiga botib qolgandi. Hayot esa shafqatsiz hokim  gʻaflatda qolganning boshini silab oʻtirmaydi. Beayyov yillar nimanidir berib, insonning umrini, salomatligini  oʻgʻirlab oʻz yoʻlida davom etaveradi. Ammo bunday oʻylab qaralsa, hayot tizgini  har kimning oʻz qoʻlida, agar  harakat boʻlsa umr sersoya, serhosil boqqa  yoki aksincha  qurigan  daraxtga aylanishi mumkin.

Sharofat ISKANDAR qizi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.