Shavkat Mirziyoyev: Maʼrifat ulashib kelayotgan hassos soʻz sanʼatkori

0
171
marta koʻrilgan.

 Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi, atoqli tarjimon va adabiyotshunos Ibrohim Gʻafurovning «Adabiyot dunyosi» deb nomlangan sakkiz jildli «Asarlar»i taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Tadbirni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid olib bordi. Unda akademik Akmal Saidov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammad, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoira Sharifa Salimova, filologiya fanlari doktori Shahnoza Nazarova va boshqalar soʻzga chiqdi.

– Ibrohim Gʻafurov adabiyotimizdagi soʻzning asllik darajasini belgilab beradigan buyuk zargardir, – deydi Sharifa Salimova. – Soʻzlar ustozning oldidan shunchaki oʻtib ketmaydi. Kishi odam kitob oʻqiganda uning qaʼriga kirib ketish kerak, oʻquvchi kitob qaʼriga kirib ketganda u oʻzining asl qiyofasini ochadi, deydi. Bu esa hammamizga ibrat maktabi boʻladi.

 Taniqli adabiyotshunos Ibrohim Gʻafurov naqd yarim asrdan beri oʻzbek adabiyotidagi jarayonlarni teran tahlil, tadqiq va talqin etib keladi. Badiiyatda haqqoniylik va insoniylik, adolat va milliy oʻziga xoslik, ilmiylik va xolislik tamoyillarining namoyon boʻlish holatlarini kuzatadi. Ibrohim Gʻafurov «Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati», «Milliy tiklanish» gazetalaridagi ijodiy faoliyati mobaynida adabiy-ijtimoiy jarayonlarga faollik bilan oʻz munosabatini bildirib bordi. Olim 1973 yil «Maqsud Shayxzoda lirikasi» mavzusida Salohiddin Mamajonov rahbarligida filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasi uchun dissertatsiya yoqladi. 1999-2008 yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qonun ijodkorligida bevosita ishtirok etdi.

  «Asarlar» – muallifning badiiy tarjimai holidir, umrining bayonidir. Ushbu toʻplam «Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov haqidagi fikrlari» nomli kirish soʻzi bilan boshlangan.

  Toʻplamning birinchi jildi «Joziba» deb nomlangan va unda adabiyotshunos adabiy-tanqidiy faoliyatiga kirishgan ilk davr – 1960-1970 yillarda yozilgan va nashr etilgan uch adabiy-tanqidiy risola – «Goʻzallikning olmos qirralari», «Yonar soʻz» va «Joziba» oʻrin olgan. Ikkinchi jild «Yurak – alanga» deb nomlanadi va ushbu muqova ostida 1970-1980 yillarda yozilgan uch risola jam boʻlgan. Bular «Yam-yashil daraxt», «Yurak – alanga» va «Lirikaning yuragi» risolalaridir.

  «Sheʼriyat – izlanish demak» deb nomlangan uchinchi jilddan muallif XX asr 50-60 yillar oʻzbek sheʼriyatini tadqiq etadi. Ushbu jildda «Prozaning shoiri» nomli risola ham bor. Toʻrtinchi jildga «Dil erkinligi», beshinchi jildga «Hayo – xaloskor», oltinchi jildga «Mangu latofat» va yettinchi jildga «Parivashlar majlisi» deya sarlavha qoʻyilgan. Beshinchi jildda Alisher Navoiy ijodiga oid materiallar oʻrin olgan boʻlsa, qolgan jildlarga adibning badia, mansura, esse, nasriy doston va adabiy suhbatlari toʻplangan. 

«Oltin qoziq» deb nomlangan sakkizinchi jild ham maqolalarni toʻplagan. Xususan, unda muallif shunday deb yozadi:

«Toʻgʻri yoʻl tabiatdan, tabiatning Oltin qozigʻidan chiqadi. Avvalo, odamlar, fikrimizni toʻgʻrilab olaylik, isteʼdodlar sohalarga aylansin, har bir odam bir foydali ixtisos egasi boʻlsin, odamzodga foyda yetkazsin».

 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, Ibrohim Gʻafurov «oʻz huzur-halovatidan kechib, bir umr odamlarga ilmu ziyo, maʼrifat ulashib kelayotgan hassos soʻz sanʼatkoridir». Nuroniy yoshdagi adabiyotshunos va tarjimonning 20 jild tarjimalari nashrga tayyorlanmoqda.

GUJUM.UZ cayti jamoasi  ustoz sanʼatkor Ibrohim Gʻafurovni «Adabiyot dunyosi» deb nomlangan sakkiz jildli «Asarlar»i jamlamasi bilan qutlaydi. Sihat-salomatlik, uzoq umr va nashrga tayyorlanayotgan 20 jildlik toʻplam  kitobxonlar qoʻliga yetib borishida  hamda koʻngillardan joy olishida tilakdoshligini bildiradi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.