«Sheʼr tinglar Zominning togʻlari» — «Oʻriklisoy» boʻlib oʻtayotgan adabiy bayramning avvalgi yillardagidan farqi nimada?

0
450
marta koʻrilgan.

Respublika yosh ijodkorlarining anʼanaviy Zomin seminari hozirda qoʻliga qalam olib, adabiyot va millat kelajagi uchun soʻz aytishga tayyor yoshlarning sevimli tadbiriga aylanib ulgurgan. Soʻlim «Oʻriklisoy» bagʻrida boʻlib oʻtayotgan tadbirda yoshlar ustoz shoir, yozuvchi, adabiyotshunos va tarjimonlardan mahorat darslari olmoqdalar. Zomin seminariga tashrif buyurgan ustozlar va yosh ijodkorlarning fikrlarini eʼtiboringizga havola etamiz.

Nargiza Asadova,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi yoshlar bilan ishlash boʻlimi mutaxassisi:

— Bu yilgi Zomin seminarining oʻtgan safargilaridan yaxlit farqlaridan biri, koʻplab hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ishlaganimizdir. Masalan,  Respublika Badiiy akademiyasi mahoratli yosh rassomlari seminar ijodkorlarining birinchi kitoblariga kitobat sanʼati boʻyicha yoshlikka xos munavvar suratlar ishlagan boʻlsa, Oʻzbekiston Madaniyat vaziriligi tavsiyasi bilan kelgan yosh xonandalar mumtoz kuy-qoʻshiqlari bilan seminar ishtirokchilariga koʻtarinki kayfiyat ulashdi. Oʻzbekiston kinematografiya agentligi tomonidan taqdim etilgan mohir ssenaristlar esa yosh dramaturglar bilan ishlab, soʻnggi yillarda suratga olingan tarixiy badiiy filmlar havola etishdi. Bularning bari sanʼat va madaniyat sohasini adabiyot bilan yanada uygʻunlashtirishga, kitob degan buyuk moʻjiza atrofida har bir tizimni birlashtirishga xizmat qiladi.

Shahboz Fayzullayev,
Oʻzbek Milliy Akademik drama teatri yosh rejissyori (Navoiy):

— Seminarning joriy mavsumida «Nazm» yoʻnalishida ishtirok etdim. Avvalambor, bu yilgi seminar koʻlami kengaygani menga va tengqur ijodkor doʻstlarimga juda maʼqul keldi. «Nazm va navo» shiori ostida oʻtkazilgan seminarga Kompozitorlar Uyushmasi aʼzolari, yosh rejissyor va bir qator xushovoz xonandalar ham jalb etildi. Adabiyot hamisha boshqa sanʼat turlari, jumladan kuy va musiqa bilan baqamti boʻlishining yorqin isboti . Qatnashchilar yoʻnalishlari boʻyicha shoʻbalarga boʻlinib, mahorat darslaridan bahramand boʻlishdi. Men ishtirok etgan shoʻbada mashgʻulotlarni dastlab shoir Salim Ashur, Adiba Umirova, Farogʻat Xudoyqulovalar oʻtkazishgan boʻlsa, keyinchalik, nafis shoira Zebo Mirzo, shoir va tarjimon Aziz Said ham oʻz fikrlarini yosh ijodkorlarga ulashishdi.

Parizoda Roʻziboyeva,
Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibi (Fargʻona):

— Bu yilgi yosh ijodkorlarning anʼanaviy Zomin seminarida ishtirok etib, aziz va qadrdon ustozlardan adabiyot, sheʼriyat, hayot va soʻz haqida mahorat darslari oldim. Nazm shoʻbasida ishtirok etish jarayonida haqiqiy sheʼr qanday yozilmogʻi kerak, sheʼriyat yelkamizga ortayotgan masʼuliyatni yana bir qadar his qildim.

Endigina ijod qilishni boshlagan paytlarimdanoq Doʻrmon, «Isteʼdod maktabi», Zomin seminarida ishtirok etayotgan opalarim, akalarimga havas qilib sheʼrlar mashq qilardim.

Bugun esa oʻzim shu seminar ishtirokchisiman. Purviqor togʻlar, Zominning soʻlim tabiati bagʻrida adabiyotimizning zabardast vakillari boʻlgan ustozlar bilan boʻlib oʻtgan suhbat umrbod esimdan chiqmasa kerak.

Azizbek Yusupov,
Guliston Davlat universiteti talabasi (Toshkent viloyati):

— Biz koʻpchiligimiz seminar va tadbirlardan chetroqda yurishga urinamiz doim. Chunki, bunday tadbirlar ijodkor ruhiyatini yupqalab, vaqtini olib qoʻyadi deb oʻylaymiz.

Buyuk rus yozuvchisi va shoiri Ivan Buninning shunday ajoyib gapi bor: «Sening ijodingga haqiqiy bahoni faqatgina haqiqiy ijodiy muhit bera oladi!» Bu yilgi Zomin seminarida oʻsha muhitni koʻrdim. Shu asnoda ijodim, yutuq va kamchiliklarim haqidagi fikrlar kelajakdagi ijodiy faoliyatimda ham qoʻl kelishiga aminman.

Rahmatjon Bobojonov  yozib oldi.

Manbaa: «Xalq soʻzi» sayti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.