Sheʼriga haykal oʻrnatilgan yagona shoir — Matnazar Abdulhakim xotirasiga bagʻishlangan ehtiromli satrlar

0
1035
marta koʻrilgan.

Nodir Jonuzoq ijodidan: MINORA

Xorazmda minoralar moʻl,
Tasvirini koʻrgandir har kim.
Bir minora bordir – koʻkka yoʻl,
Nomi – Matnazar Abdulhakim.

Har gʻishtida qayroqi fikr,
Sof hislardan har bir koshini.
Bu tuproqda oʻtgan minglab pir
Bitta-bitta tergan toshini.

Har misrasi – ichkin bir zina,
Oʻsasan koʻz yugurtgan sayin.
Kubrolardan qolgan xazina
Tiynatingga toʻkilar tayin.

Bosgan boʻlsa gʻubor koʻzingni,
Tikilsang-da garchi ming bora,
Koʻrsatmaydi senga oʻzini –
Bekinadi nurli minora.

Na issiq, na sovuq qilgay kor,
Pisandmas yoz, qishning toʻsigʻi.
“Javzo”sida gurkirar bahor,
“Mavj”lanadi hur “Qor qoʻshigʻi”.

“Tiniq tonglar”ida “Oydinlik”,
“Koʻprik” aylar pok “Ishq yogʻdusi”n.
“Yolgʻiz yaproq” yangligʻ yonar, lek
Purkaydi “Bir quchoq gul isi”n.

Ishq ahliga tumor, chora u,
Haqqa eltar elning dardini.
Yuksaltguvchi zoʻr minora u –
Vatanning har toʻzgʻin gardini.

Haqiqatga tirgak, ustunday
Sobit turar sevinch, mung aro.
Goʻyo osmon tinglayotgan nay –
Zamin labidagi minora…

Mayli, hayrat tuygin qoshida,
Quchmoq uchun yaqin kel, mayli.
Bir amallab chiqsang boshiga,
Keyin qaytib tushging kelmaydi!

2018 yil.

Bagʻishlov goʻzal! Xotira yanada afzal!

Shoir Matnazar Abdulhakimning oxirati obod, ruhi shod boʻlsin!

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.