Jon naqshiga chin zargarim — turkiy tilim,
Dil ganjiga dur-gavharim — turkiy tilim.
Har uni-yu, har naʼrasida oʻzligim,
Ruhimga ham jonparvarim — turkiy tilim.
Derman, bashar tarixida davring qadim,
Ming yillaridan soʻylarim — turkiy tilim.
Afsonadirsan Irq toshida hamon,
Yovqur elim, mard sarkarim — turkiy tilim.
Ildizlaring to Dashti Qipchoqdin kelur,
Sosonu Kushon, Kishvarim — turkiy tilim.
Toʻqson ikki qavm ichra barhaq rishtadur,
Har qorakoʻzda javharim — turkiy tilim.
Sen – Rabgʻuziy, sen — Yugnakiy, sen — Yassaviy,
Xoqoniyam, ham Qoshgʻarim — turkiy tilim.
Movoraunnahru yana Afrosiyob
Sensan oʻzing, ey dilbarim — turkiy tilim.
Lutfiy, Atoyi dogʻi Sakkokiy tili,
Har soʻzi qandu shakkarim — turkiy tilim.
Soʻz mulki sultoni Navoiy lahjasi,
Layliga eltar sarvarim — turkiy tilim.
Boburki sendan kechmadi to soʻnggi dam,
Anduhlarim, armonlarim -turkiy tilim.
Bir — bir desam, boʻlmas adosi tashbehim,
Tutsam qalam sen soʻzgarim — turkiy tilim.
Shoira sen birla samo raqsidadur,
Parvoz uchun bolu parim — turkiy tilim.