Isteʼdodli shoir va tarjimon Sirojiddin Raufning “Muallaq cheksizlik” nomli asari oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Sizni fikrlashga undaydi. Goʻzal va falsafiy ezguliklarga boy ijod bilan tanishasiz. Shoir va tarjimon kanalining adminlari quyidagi satrlarni “ShUURdagi chaqinlar” deya nomlashibdi.
* * *
Sershubha odamdan iloji boricha uzoqroq yurgan maʼqul. Bundaylar hadik va qoʻrquv iskanjasida oxir-oqibat eng yaqin kishilarini ham gumon daryosiga gʻarq qiladi.
***
Dunyo bamisoli bozor. Birov kiradi, birov chiqadi. Muhimi: quruq kirib, quruq chiqmaslikda.
***
Bu nusxa ancha-muncha nazarkarda odamlar toifasidanman, deb maqtanib yuradi. Boʻlsa bordir. Chunki, uning boshiga baxt qushi sira qoʻnmagan boʻlsayam, birdamas-birda “oʻtirib” ketganligi aniq…
***
Bu qanday ishq, bilmadim, yo Rab,
Otashidan koʻzimda yoshlar?
Uzoqlashsam – qolaman muzlab,
Yaqinlashsam – kuydirib tashlar.
Shoirning “Muallaq cheksizlik” kitobidan.