Bir kishi mast boʻlib ariqqa agʻnab tushdi-yu, oʻrnidan qaytib turmadi. Juma kuni tongi edi, koʻpchilik hayron qoldi: “Alkash odam ham muborak juma kuni oʻlar ekan-da?!”
Mulla ijirgʻanib janoza namozini oʻqiganidan soʻng ahli jamoaga qarab;
– Bu inson orqasidan yomon gapirish bizga farz emas, ammo ibrat boʻlishi uchun biz uni qoʻshni qishloqdagi eski qabristonga koʻmamiz. Bizning qabristonda hoji boboyu momolar yotibdi, ularning orasiga boshdan-oyoq gunohga botgan kimsani qoʻysak oʻtganlarning qargʻishiga qolamiz.
Odatda, tobutga hamma yopishardi. Ammo, alkashning tobutiga hech kim yontoshmadi. Ular tobutning koʻtarishda savob yoʻq deyishdi, shekilli.
Tobutni oʻlgan kishining toʻrtta ulfati yelkalab ketdi. Ular marhumni ulugʻlar edilar.
Qoʻshni qishloqdan oʻtayotganda toʻsatdan tobut ichidan ovoz keldi.
– Davoncha qishlogʻidan oʻtayapmizmi, ogʻaynilar?
Toʻrt kishi dong qotib qoldi. Shunda bir chol keldi. U oppoq kiyinib, boshiga oq salla oʻrab olgandi.
– Nimaga toʻxtadinglar?
– Marhum gapirdi.
Chol kafanni ochgandi, oʻlgan kishi atrofga alanglab boyagi savolini qaytardi.
– Davoncha qishlogʻidan oʻtayapmizmi?
– Ha.
– Bir soat vaqtlaringni olsam. Goʻrga kechgacha boramizda. Shu qishloqda bir xasta singlim bor, holidan xabar olay. Har ikki kunda xabar olib turardim. Bugun kelishim kerak edi. oʻlib qoldim.
Chol jilmaydi.
– Men odam suratidagi Azroilman. Oʻrningdan tur-da, singlingning uyiga bor. Keyin uyingga joʻna. Istaganingcha yasha. Senga jannat naqd.
Toʻrt kishi choldan soʻradilar.
– Jannat naqdmi?
– Ha. Opa-singlisining holidan xabar olib turgan kishiga Alloh jannatni naqd qilib qoʻyibdi, u kim boʻlishidan qaʼtiy nazar…
Dildora MAVLYANOVA tayyorladi.