Taqdir taqozasi bilan oʻgʻlimizga Boʻstonliq tumanining uzoq qishlogʻidan kelin oldik. Kelinning onasi bir yil oldin ogʻir darddan vafot etgan. Toʻy arafasida “Qiz onasi qabrini ziyorat qilib kelsin”, deb aytgan gaplarimizga yaqinlari eʼtibor qilmadilar.
Toʻy ertasi kelinni, yaqinlarini olib yoʻlga chiqdik. Qishloq koʻchalari poyoniga yetar-yetmas kelin tushgan mashinaning suvi qaynadi. Xoʻjaynim hayron. Avtomobillar uzoq safarga moslab, puxta nazoratdan oʻtkazilgan. Kelin tushgan mashina sal yurib-yurmay yana qaysidir joyidan ishkal topdi. Ishqilib, kutilmagan qismlari ishdan chiqaberdi va yoʻl-yoʻlakay taʼmirlandi. Samarqandga kelganda esa sharros yomgʻir quydi. Yomgʻir pasayguncha dam oldik. Tong oqarayotganda yoʻlda davom etdik.
Bir payt yelib borayotgan mashina oynasidan tengma-teng chopib kelayotgan ayolga koʻzim tushdi. Sochlari yoyilgan, gʻamgin koʻrinishli ayolni tanidim. Qudamning uyida, devordagi suratda koʻrganim, kelinning rahmatli onasi! Bor ovozda chinqirdim. Yuragim xuddi qinidan chiqdi. Xoʻjaynim mashinani toʻxtatdi. Oqarib ketgandirmanki, orqa oʻrindiqda kelayotgan kelinni, singlisi va buvisining qoʻrquv aralash tepamda qarab turishlarini ilgʻadim. Zoʻrgʻa oʻzimni oʻngladim va hayajondan qaltirab, voqeani aytdim. Shu orada hamrohlarimiz, qaynonam, qaynukalarim tushgan mashinalar oldimizga kelib toʻxtadi.
Voqeani eshitgan qaynonam yoʻl chekkasiga oʻtirib, qudamning ruhi poklariga baxsh etib Qurʼon tilovot qildi.
Yana yoʻldamiz. Mashinalar qushday uchayapti. Lekin mening koʻz yoshlarim tinmadi. Bu ne sinoat?
Onaizor oʻlib ham goʻrida tinch yotmasa?! Ruhlari nedan bezovta? Farzandi uchinmi?
Alloh nasib etsa qiziga hech kim ozor yetkazmaydi.
Vaqt oʻtib sinoat sirini anglaganday boʻldim. Bechora ayol bebosh farzandlarining sitamlaridan bu dunyoni erta tark etgan. Xuddi shu ozorlar qizi orqali menga, oʻzi singari jafokash ayolga ham dahl qilishidan ogoh etmoqchi boʻlgan ekan. Sen chekkan ogʻriqlarni qizing menga ham his qildirmoqda.
Hech boʻlmasa u dunyoda ruhlaring orom topib, oxirating obod boʻlishini Allohdan soʻrayman.
Bekposhsha Xoʻjayeva, Xorazm