Bugun elektron nashrlar, axborot kommunikatsiyalari rivojlangan bir paytda, taʼkidlash joizki, bosma matbuotning asosiy turlaridan biri sifatida faoliyat koʻrsatadigan har qanday jurnal oʻz faoliyatini jamiyat madaniy-maʼnaviy, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ishlab chiqarish hayotining deyarli barcha qatlamlarini aks ettirishga yoʻnaltirgan holda olib boradi.
Masalan, 1655 yili ilk bor Parijda nashr etilgan eng birinchi “Jurnal de Savans” nashri ham dastavval adabiyot, sanʼat, falsafa va tabiiy fanlar boʻyicha kitoblarga sharhlar berib borgan. Keyinchalik London, soʻng Rossiyada, XX asr boshlaridan Turkistonda ham ilk jurnallar paydo boʻla boshlagach, 1913 yili Samarqandda jadidchilik harakati namoyandasi, otashin maʼrifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiy tomonidan “Oyina” jurnaliga asos solingan. Bu jurnal turkiy tildagi ilk ijtimoiy, ilmiy, adabiy nashr hisoblangan. Keyinchalik, 1915 yili Toshkentda “Al-isloh”, undan soʻng Qoʻqonda “Hurriyat” ijtimoiy-siyosiy jurnali (1917 yili), Toshkentda “Chayon”, “Choʻl chayoni”, “Inqilob”, “Yer yuzi”, “Mushtum” kabi koʻplab jurnallar nashr etila boshlangan.
Toʻqson yillik olis va mashaqqatli yoʻlni bosib, bu davr orasida turli qiyinchilik va yoʻqotishlarga qaramay, avval boshdan birinchi oʻrinda oʻzbek adabiyoti va millatimiz maʼnaviyatida oʻziga xos mayoqlik mavqeini saqlab qolishga erishib kelayotgan “Sharq yulduzi” jurnali ham butun dunyo matbuotida ana shunday yangilanishlar paydo boʻlayotgan paytda tashkil etilgan edi. Mazkur adabiy-badiiy, ilmiy, ijtimoiy-siyosiy jurnal rasman 1931 yildan chop etila boshlangani qayd etilsada, dastavval “Qurilish”, 1934 yildan “Sovet adabiyoti”, 1937–1941 yillarda “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, 1946 yildan eʼtiboran ulugʻ adib, Oybek domlaning saʼy-harakatlari bilan “Sharq yulduzi” nomini olgan. Salkam bir asrlik muddat davomida oʻzbek yozuvchi va shoirlarining butun boshli avlodlarini voyaga yetkazish bilan birga jamoat fikri va maʼnaviy kamoloti minbari ham boʻlib kelayotgan nashr har doim birinchi oʻrinda xalqimiz maʼnaviy- maʼrifiy hayotini ezgulik va tafakkur yogʻdulari bilan yoritishga harakat qildi. Shunday zamonlar boʻldiki, adabiyot olamida ham asl isteʼdod egalariga nisbatan shubha va haddan ziyod “hushyorlik” bilan qaraldi, chin daholik esa jamiyat uchun qoʻrqinchli bir jihatdek belgilandi. Aksincha, oʻrtacha yoki zoʻraki ijodiy faoliyat koʻproq olqishlandi. Zamon talabiga aylangan bunday noxush jihatlar matbaachilik sohasidan oʻziga xos yozilmagan qoidalarga amal qilishni ham talab etgan. Shunga qaramay, “Sharq yulduzi” jurnali badiiy adabiyotni rivojlantirishga munosib hissa qoʻshish bilan bir qatorda, turli davrlar ijodiy jarayonlarining barcha, hatto oʻta murakkab yoʻllarini masʼuliyat va sharaf bilan bosib oʻtishga erisha oldi.
Hozir ham oʻzbek milliy adabiyotining keksa, oʻrta va keyingi avlod namoyandalari qalamiga mansub nasriy, nazmiy, dramatik, ilmiy-nazariy va publitsistik asarlarni muntazam chop etib kelmoqda. Jurnal oʻz sahifalarida atoqli yozuvchi va shoirlarning romanu dostonlari bilan yonma-yon tarzda “yilt” etgan iqtidori boʻlgan oddiygina talaba yoki maktab oʻquvchisining ilk hikoya yoki sheʼriy mashqlarini ham chop etishdan choʻchimadi. Nafaqat Oʻzbekiston, qardosh Tojikiston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston va boshqa davlatlar, shuningdek, Turkiya, Xitoy, Pokiston, Arabiston, Afgʻoniston, AQSH, Germaniya va yana koʻplab mamlakatlarda oʻz muxlislariga ega boʻla oldi. Albatta, bunday natijalarga erishishi oson kechmagan. Nashrning oʻz nomiga munosib, yaʼni Sharqning eng yorugʻ maʼrifiy-adabiy yulduzi, mayogʻi boʻlib qola olishida, shubhasiz, turli davr va yillarda shu jurnal bosh muharrirlari hamda ijodiy jamoaning hissasi katta boʻldi.
“Sharq yulduzi” jurnali tashkil etilgan vaqtdan buyon bu nashrda Umarjon Ismoilov (1931–1932), Rahmat Majidiy (1932–1934), Qurbon Beregin (1935–1937), Xolmat Qurbonov (1938–1939), Sotti Husayn (1940), Komil Yashin (1941), Oybek (1946–1948), Vohid Zohidov (1949), Uygʻun (1950–1951), Mirmuhsin (1951–1960, 1972–1981), Asqad Muxtor (1961–1965), Hamid Gʻulom (1965–1971), Hafiz Abdusamadov (1981–1983), Pirmat Shermuhamedov ( 1983-1985), Oʻtkir Hoshimov (1986–2002), Omon Muxtor (2002–2006), Minhojiddin Mirzo (2006–2007), Sirojiddin Sayyid (2007–2009), Ulugʻbek Hamdam (2009–2015) kabi taniqli yozuvchi va shoirlar bosh muharrir boʻldilar. Ularning fidoyiligi va mashaqqatli mehnati tufayli jurnal jamiyatda oʻziga xos oʻrnini egalladi. Bu insonlarning koʻplari “Sharq yulduzi” kabi zalvorli jurnalga rahbarlik qilishdek masʼuliyat yukini mardona koʻtarish bilan birga, turli siyosiy oʻzgarishlar va zamonasozlik azoblarini ham yetarli darajada boshdan oʻtkazishdi, ammo jurnal faoliyatining butunlay toʻxtatilishiga yoʻl qoʻymadilar.
Masalan, 1931–1932 yillar “Qurilish” nomi bilan chop etilgan ushbu nashr bor-yoʻgʻi siyosat qoʻgʻirchogʻi boʻlishni inkor etib, Gʻafur Gʻulomning “Netay” qissasi, Gʻayratiy, Oydin, Gʻiyos Soatiy, Jigʻoy, N. Rahimiy kabi shoirlarning sheʼrlari va qator adabiy-tanqidiy maqolalarni eʼlon qilgan. Oynomada anchayin badiiy baquvvat sheʼr va hikoyalar, qissa va maqolalar ham bosilgan.
1932 yildan “Oʻzbek shoʻro adabiyoti” deb nomlangach, jurnal adabiy yoʻnalishi kengaytiriladi. Bu paytda mazkur nashrga endigina 26 yoshga kirgan ijodkor Rahmat Majidiy bosh muharrir qilib tayinlanadi. Rahmat Majidiy tahririyatda oʻziga xos yuksak ijodiy muhitni yuzaga keltirishga erisha oladi. Hatto oʻsha davrda Oʻzbekistonda boshqa adabiy nashrlar ham koʻp boʻlsa-da, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Shokir Sulaymon, Abdurahmon Saʼdiy, Miyon Buzruk kabi tanilgan yozuvchi va shoirlar endi yozgan ijod namunalarini birinchi boʻlib aynan shu jurnalda chop ettirishni maʼqul koʻrishgan.
Jurnal sahifalaridan Abdulla Qodiriyning “Obid ketmon”, Choʻlponning “Kecha va kunduz” asarlari, oʻzbek adabiyotiga endi kirib kelgan Abdulla Qahhorning “Sarob” romani, Oybekning “Dilbar – davr qizi” dostoni, Usmon Nosir, Fitrat, Elbek, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Uygʻun, Maqsud Shayxzoda, Gʻayratiy kabi ijodkorlarning doston va sheʼrlari ilk bor oʻrin egallab, dunyo yuzini koʻrgan.
Eng qizigʻi, boshqa nashrlar tomonidan “yot unsur”, “burjua”, “jadid adibi”kabi sifatlar bilan ayblangan qator ijodkorlar asarlari 1934 yildan oʻsha davr mafkurasi tufayli nomi “Sovet adabiyoti” deb nomlangan mazkur jurnal sahifalari orqali yoritib borilgan. Rahmat Majidiy jurnalni ziyolilar qatori, endigina savodini chiqarayotgan omma uchun ham oʻqimishli qilishga erishadi. Bosh muharrir Navoiy va Ogahiy ijodiy merosi boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borgan, “Sovetskaya literatura narodov Sredney Azii” jurnali va “Literatura Sredney Azii” gazetasi tahrir hayʼatlarining aʼzosi boʻlgan, 1934 yil Oʻzbekiston yozuvchilarining ilk qurultoyini tashkil etgan, oʻsha paytda Yozuvchilar uyushmasining birinchi kotibi vazifasida ham ishlagan. Ammo fikri uygʻoq ziyolilar qatorida 1941 yil qamalib, jazo muddatini oʻtab qaytadi. 1950 yil esa yana “Stalinga va partiyaga koʻrlarcha sadoqat toʻgʻri emas”, ”Choʻlpon va Qodiriylar haqiqiy milliy qahramonlarimiz edi” degan gaplari uchun “xalq dushmani” sifatida yana hibsga olinadi. Majidiy asosan Abdulla Qodiriy, Otajon Hoshimiy, Vais Rahimiy, Moʻmin Usmon, Anqaboy, Abdulhay Tojiyev, Usmonxon Eshonxoʻjayevlar bilan boʻlgan munosabati boʻyicha azobli tergovlarni boshdan oʻtkazadi. Yurak xastaligi va sil kasalligi bilan ogʻriyotganiga qaramay, qamoq muddatini oʻtaydi va 1956 yildagina oqlanadi.
Bunday qora davr koʻlankasi tahririyat faoliyatiga ham taʼsir qilmay qolmaydi. Oʻsha paytlar jurnalda Sotti Husaynning “Adabiy tanqidda partiya chizigʻini mahkam oʻtkazuv uchun”, V. Oʻrazayning “Dohiyning koʻrsatishi asosida ishimizni qaytadan quraylik” singari oʻnlab maqolalari Choʻlpon, Fitrat, Botu kabi isteʼdodlar asarlarining adabiy jarayondan chetlashtirishga qaratiladi.
Xususan, jurnalning ziddiyatga toʻla paytlardagi sonlarini varaqlar ekansiz, “ichki dushmanlar”ga nisbatan biroz yumshoqlik yuzaga kela boshlashi bilan nashr sahifalarida bir tomondan Qodiriy, Choʻlpon, Fitrat, Usmon Nosir, Elbek kabi adiblar asarlari tagʻin yorita boshlanishi, ammo boshqa askariyat ijod namunalarida sinfiylik, sovet tuzumi diktaturasi birinchi oʻringa chiqarilgani, Marks, Lenin, Stalin, Kuybishev kabi koʻplab siyosiy arboblar nutqlariga keng maydon ajratilganining guvohi boʻlasiz.
1935–1937 yillarga kelib shu zigʻirdek imkoniyat ham qolmaydi. Oʻzbek adabiyotining eng iqtidorli va vatanparvar farzandlari Choʻlpon, Qodiriy, Fitrat, Usmon Nosir va yana qanchadan-qancha buyuk isteʼdod sohiblari uzil-kesil «Sharq yulduzi» jurnali, dushmani” atalib, jamiyatdangina emas, hayotlaridan ham mosuvo etiladi, ularning asarlari ham keskin taqiqqa uchraydi. Iqtidorli va daho farzandlardan hayiqib kelgan qoʻrquv saltanati adabiyotda ham “fosh etish” degan dahshatli oʻyinini tashkil qiladi, ijodkorlarni bu oʻyinda ishtrok etishga majburlaydi, talab etadi va koʻplab isteʼdod egalari “millatchi”, “ yot unsur”, “chet el aygʻoqchisi”, “siyosiy soʻqir” kabi yorliqlar bilan “taqdirlanib”, oxir-oqibat jisman yoʻq qilindi.
Shu tariqa 1938–1939 yilga kelib hali ham “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” nomi bilan chiqib turgan jurnalning eng yaxshi shoir va yozuvchilari, dramaturglari qatagʻon qilib boʻlingan edi. Ziyoli qatlamga nisbatan koʻrsatilayotgan zulm adabiyotga oʻzining qaqshatqich zarbasini beradi. Asl sanʼat chetga chiqib, madhiyabozlik avj oladi. Ammo oʻziga xos nufuzga ega boʻlib kelgan bu yirik jurnalni faqat madh bilan ham toʻldirish oson emasdi. Shuning uchun jurnalda Romen Rollan, Sulaymon
Stalskiy, Aleksey Tolstoy kabi adiblar asarlarining tarjimasi bosildi. Abdulla Qahhor hikoyalari, Maqsud Shayxzodaning “Oʻrtoq Navoiy”, Hamid Olimjonning “Oygul bilan Baxtiyor” dostoni, Zulfiya, Amin Umariy, Zafar Diyor sheʼrlari eʼlon qilib borildi. 1940–1941 yillarda jurnal sahifalarida Oybekning “Qutlugʻ qon” romani, Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Xolisxon”, “Boy ila xizmatchi” dramalari, Hamid Olimjonning “Zaynab va Omon” poemasi, Mirkarim Osimning “Alisher va Husayn Boyqaro”, “Astrobod” kabi tarixiy hikoyalari, Maqsud Shayxzodaning “Tuproq va haq” dostoni, Mirtemirning “Dilkusho” dostoni, Sulton Joʻra, Sharof Rashidov sheʼrlari, Tuygʻunning “Bahodir” daramasi va boshqa koʻplab adabiy-tanqidiy maqolalar oʻrin egallaydi. Bu paytga kelib jurnal tahririyati tomonidan Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligi sanasini munosib kutib olishga ham tayyorgarlik keng miqyosda olib boriladi. Taassufki, urushgacha boʻlgan davr adabiyoti har qancha oʻz kurashi, yuksalish va pastlashlari, oʻnqir-choʻnqir, va baʼzida tuzum tomonidan chizib berilgan silliq yoʻlidan borishda davom etishga harakat qilgan boʻlsada, buyuk oʻgʻlonlari, yuksak iqtidor egalari, oʻzbekning daho shoir va yozuvchilarining askariyatidan judo boʻldi. Yana qancha adib va shoirlar Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan qoʻllaridagi qalam oʻrniga qurol olib, fashizmga qarshi kurash uchun frontga ketdilar. Shu tufayli jurnal nashri ham vaqtincha toʻxtatiladi.
Oybek domla “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri vazifasida ishlagan 1946–1948 yillar davomida Gʻafur Gʻulomning “Vaqt” sheʼri, Uygʻun va Izzat Sulton hammuallifligidagi “Navoiy” dramasi, Abdulla Qahhorning “Qoʻshchinor chiroqlari” romani, Parda Tursunning “Haq yul” qissasi, Sobir Abdulla sheʼrlari, Hakim Nazir hikoyalari, Shukrulloning “Chollar” dostoni chop etiladi. Shu bilan birga tarjimachilikka ham katta eʼtibor qaratilib, Uilyam Shekspirning “Romeo va Julyetta” dramasi, Aleksandr Fadeevning “Yosh gvardiya” romani, Gi de Mopassanning “Doʻndiq” hikoyasi, Konstantin Simonovning “Rus masalasi” pyesasi, Aleksandr.Tvardovskiyning mashhur “Vasiliy Tyorkin” poemasi va boshqa koʻplab xorij adabiy asarlari ilk bor oʻzbek tilida nashr etiladi. Urushdan keyingi tiklanish davrining 1949–1951 yillarida esa Oybekning “Oltin vodiydan shabadalar”, Mirmuhsinning “Usta Gʻiyos”, Asqad Muxtorning “Poʻlat quyuvchi”, Sadriddin Ayniyning “Esdaliklar”, Komil Yashinning “General Rahimov”, Abdulla Qahhorning “Yangi yer”, Said Ahmadning “Qadrdon dalalar”, Sharof Rashidovning “Gʻoliblar” kabi asarlari oʻquvchilar hukmiga havola etiladi.
Ammo “qatagʻon davri”da keng ildiz otgan gʻoyaviy kurashlar 1960 yillargacha davom etadi. Shunga qaramay, jurnalda samimiyat va umidga yoʻgʻrilgan, ertangi hayotga ishonch uygʻotuvchi asarlar – Asqad Muxtorning “Opa-singillar”, Ibrohim Rahimning “Hayot buloqlari”, Hakim Nazirning “Koʻkorol chiroqlari” hamda qator sheʼr va dostonlar, drama va hikoyalar jurnalda yoritiladi va ularning askariyati adabiyotda oʻziga yarasha iz qoldiradi.
Nihoyat 1961–1980 yillarga kelib “Sharq yulduzi”da yanayam jiddiy sifat oʻzgarishlari roʻy bera boshladi. Abdulla Qodiriyning koʻplab asarlari qayta nashr qilinadi. Shuningdek, Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulugʻbek”, Said Ahmadning “Ufq”, Mirmuhsinning “Meʼmor”, Uygʻunning “Parvona”, Mirzakalon Ismoiliyning “Fargʻona tong otguncha”, Shuhratning “Oltin zanglamas”, Odil Yoqubovning “Ulugʻbek xazinasi”, “Koʻhna dunyo”, Pirimqul Qodirovning “Qora koʻzlar”, “Yulduzli tunlar” kabi yirik asarlari eʼlon qilinadi. Eʼtiborli jihati, ularning koʻpchiligi hozirga qadar ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan tarzda mutolaa qilib kelinmoqda.
Darhaqiqat, “Sharq yulduzi” XX asrning 70-80-yillarida chop etilgan ijtimoiy-siyosiy, adabiy-badiiy jurnallar orasida oʻzbek madaniy-maʼnaviy hayotini yoritishda yetakchi, taʼbir joiz boʻlsa, eng obroʻli nashrlardan biri sifatida xalq eʼtibori, mehr-muhabbatini yanada chuqur qozonadi. Jurnal, haqiqiy maʼnoda, oʻzbek ziyolilari, adabiy jamoatchilik minbari sifatida oʻz sahifalarida jahon va oʻzbek adabiyotida paydo boʻlgan yangi badiiy asar namunalaridan tortib, ijtimoiy hayotda mavjud dolzarb muammolarni koʻtaradigan publitsistik asarlarni muntazam chop etib boruvchi nashr sifatida faoliyat yuritadi. Mazkur nashr sahifalarida sheʼrlar, hikoya, roman va qissalar, pyesalar, shu bilan birga, turli hajviy materiallar hamda publitsistik asarlarning muntazam berib borilishi ayni paytda ijodkorlar uchun oʻziga xos maktabni ham vujudga keltirdi.
Oʻz vaqtida atoqli oʻzbek shoiri Gʻafur Gʻulom asos solgan “Gulqaychi” rukni ostida mashhur shoir va yozuvchilar asarlari bilan bir qatorda mamlakatning turli shahar va qishloqlaridan havaskor ijodkorlar tomonidan yuborilgan hajviy ijodiy mashqlar bugun ham muntazam eʼlon qilinib kelinmoqda. Oʻtgan asrning 80-yillaridan adabiyot maydoniga kirib kelgan yangi adabiy oqim va oʻzgacha nafas jurnal uchun ham xayrli, ham zalvorli boʻldi, desak, xato qilmaymiz. Bu davrda Erkin Aʼzam, Murod Muhammad Doʻst, Nurali Qobul, Xayriddin Sulton, Xurshid Doʻstmuhammad, Hojiakbar Shayxov, Togʻay Murod, Sharof Boshbekov, Anvar Obidjon, Asad Dilmurod, Ahmad Aʼzam, Nurilla Otaxonov, Nabijon Boqiy, Olim Otaxonov, Erkin Usmonov, Rajabboy Raupov, Neʼmat Arslonov, Nazar Eshonqul, Shoim Boʻtayev, Normurod Norqobil, Mamatqul
Hazratqulov, Nodir Normatov, Ashurali Joʻrayev, Gʻozi Rahmon kabi nosir va dramaturglar, Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Xurshid Davron, Ikrom Otamurod, Toʻra Mirzo kabi yangi, taʼbir joiz boʻlsa, dunyoviy qadriyatlar yoʻnalishida ijod qiluvchi avlod asarlarini jurnal sahifalarida koʻrish mumkin. Ayniqsa, istiqlol arafasida Qurʼoni Karimning Alouddin Mansur tomonidan ilk bor hozirgi zamon oʻzbek tiliga qilingan maʼnolar tarjimasi, “Temur tuzuklari”, “Dulbarjin”, “Oʻgʻuznoma”, Ahmad Yassaviy hikmatlari, Mahmud Koshgʻariyning “Yaxshi kishilar odobi”, Vamberining “Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi” asarlari, professor Begali Qosimov tahririda “Asr sadolari” rukni ostida berila boshlangan mumtoz adabiyotga doir sheʼriy asarlar jurnal faoliyatidagi eng zalvorli qadamlardan boʻla oladi.
Shu bilan birga “Sharq yulduzi” sahifalarida Turkistonning chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi va mustamlakaga aylantirilishi haqidagi haqiqatlarga doir qator chuqur tahliliy materiallarga ham keng oʻrin ajratiladi. Jurnalda chop etilgan Bayoniyning “Shajarai Xorazmshohiy”, Hamid Ziyoyevning “Chorizm istilosi”, Fozilbekning “Dukchi eshon voqeasi”, Abdulla Avloniyning “Afgʻon daftari” asarlari, Vereshchagin xotiralari muxlislarda katta qiziqish va hayajon uygʻota oladi.
“Sharq yulduzi” birinchilardan boʻlib 37-yillarda qatagʻon qilinib, qoralangan qalamkashlarning pok nomlarini tiklash va ular asarlari bilan yangi avlod mufassal tanisha olishi uchun keng yoʻl ocha oldi. Choʻlpon sheʼrlari, uning “Kecha va kunduz” romani, Fitratning “Abulfayzxon”, “Hind ixtilolchilari”, Behbudiyning “Padarkush” asari toʻliq eʼlon qilinishi bilan birga, Tavallo sheʼrlari, “bosmachilik” tamgʻasi bilan qoralangan halq harakatining tub omillari, sobiq tuzumning yana bir repressiyasi – “paxta ishi” ga nisbatan badiiy ifodaga ega haqqoniy baho boʻla olgan asarlar ham shu nashr sahifalaridan munosib oʻrin egalladi. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmadning “Qoʻrquv saltanati” suhbati, Nabijon Boqiyning “Qatlnoma” qissasi, “Bosmachilik: haqiqat va uydirma” davra suhbati bu yoʻldagi dastlabki jiddiy va zalvorli harakat edi.
1983–1985 yillar jurnal sahifalarida Mirmuhsinning “Temur Malik” romani, Oʻlmas Umarbekovning “Arizasiga koʻra”, Murodjon Mansurovning “Mangu jang” romani, Murod Muhammad Doʻst, Erkin Aʼzam hikoya va qissalari, Togʻay Murodning “Oydinda yurgan odamlar” qissasi, Shuhratnig “Doʻstimning oʻgʻli”, Shekspirning “Makbet” dramalari, Maqsud Qoriyevning “Spitamen” romani, Asqad Muxtorning “Chorraha”, Yoʻldosh Shamsharovning “Yer tomiri” qissalari, Farhod Musajon hikoyalari, Rauf Parfi, Maʼruf Jalil, Husniddin Sharipov, Tursunboy Adashboyev, Muhammad Ali, Anvar Obidjon, Xurshid Davron, Abdusaid Koʻchimov sheʼrlari, Omon Matjonning “Haqqush qichqirigʻi” dostoni va boshqa koʻplab sara, zalvorli asarlar eʼlon qilingan. Yurtimiz mustaqillikka erishgach, milliy istiqlol gʻoyasining ijtimoiy hayot hamda adabiy jarayonlarga yanada chuqur singdirish, mamlakatdagi maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarni kuchaytirish, har tomonlama yetuk navqiron avlodni kamol toptirish maqsadida jurnal faoliyatini har tomonlama kuchaytirishga harakat qilindi. Buning uchun tahririyat moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, nashr shaklu shamoyili, mavzu-mundarijasini yaxshilash, mualliflar, ijodiy jamoatchilik bilan keng hamkorlikda ish olib borishni taʼminlashga katta ahamiyat qaratildi.
“Sharq yulduzi” jurnali mustaqilligimizning dastlabki yillarida turli iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli oʻquvchi va nashr oʻrtasida yuzaga kelgan uzilishlarni tiklash maqsadida eng dolzarb mavzulardagi adabiy-tanqidiy chiqishlar, hali siyohi qurimagan yirik asarlar, sheʼriyat olamiga oʻziga xos yangicha ovoz bilan kirib kelayotgan yoshlar ijodiga alohida eʼtibor qaratmoqda.
2018 yil 5 aprelida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra Uyushma muassisligida nashr etiladigan “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, “Sharq yulduzi” hamda “Zvezda Vostoka”, “Jahon adabiyoti”, “Yoshlik”, “Amudaryo” jurnallari tahririyatlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanishi boʻyicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Shu oʻrinda, bir voqeani yodga olsam. 2019 yil sentyabrida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi yoʻllanmasi bilan Novosibirsk shahrida anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan beshinchi “Knijnaya Sibir” deb nomlangan xalqaro festivalda qatnashishimga toʻgʻri keldi. 130 dan ortiq tadbirni oʻz ichiga qamrab olgan anjumanning oddiy ishtirokchisi boʻlsam-da, festival qatnashchilarining “Zvezda Vostoka” va “Sharq yulduzi” jurnallari nomini eshitib, “O, biz bu jurnallarni yaxshi bilamiz, ularni bemalol afsonaviy nashrlar, deyish mumkin!” deb xuddi eski qadrdonlardek soʻrashishlaridan nihoyatda gʻururlandim.
Manbaa: “Sharq yulduzi” jurnali