“KATTA ARAVA QAYERDAN YURSA, kichik arava ham oʻsha yerdan yuradi”, degan ajoyib naql bor xalqimizda. Ota-ona va farzandlar haqida fikr yuritilar ekan, bolalarning maʼnaviyati, odob-ahloqi asosan oilada shakllanadi va uning poydevori oilada qoʻyiladi, deya bot-bot eslab turamiz.
Vaholanki, kishi hayotida ikki narsani, yaʼni ota-onani hamda oʻz Vatanini oʻzi xohlaganicha tanlay olmas ekan. Taʼbir joiz boʻlsa ana shu ikki benazir neʼmat bizga ilohiydan ato etilgan. Vatan hamda oila oldidagi burch esa benihoya muqaddas. Shu bois Vatan oiladan boshlanadi, degan ezgu fikr bizni hamisha yaxshilikka, yuksak maʼnaviyatli boʻlishga daʼvat etib turadi.
Oila bor ekan, hayot abadiy. Insoniyatga berilgan bebaho neʼmat boʻlmish – farzand kelajagimiz, orzu-umidlarimiz va baxt-saodatimizni oʻzida ifoda qiluvchidir.
Oila nima, degan savolga taʼrif berib oʻtaylik. Aslida oila ikki yoshning ham qonuniy, ham shaʼriy nikohdan oʻtgan kunidan boshlanadi. Oila – jamiyatning asosiy boʻgʻini. Jamiyat esa oilalardan tarkib topgan.
Jamiyatda qoʻlga kiritilayotgan zafarlar, yuksalishlar, taraqqiyot jarayoni oilalarning maʼnaviyatiga, boyligiga, tinchligiga bogʻliq. Oila aʼzolari qanchalik har tomonlama sogʻlom, yuksak odob-ahloqli, madaniyatli, oʻzaro tinch va ahil yashasalar bu jamiyat rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Insonning kelajagi, umrning mazmun-mohiyati muqaddas oila goʻshasida shakllanadi.
Oila maʼnaviyati degan tushuncha qadim-qadimdan shakllangan tamoyil boʻlib, bugun ham oʻz qadr-qimmatini yoʻqotgan emas. Zero, buyuk allomalarimiz hayotiga bir nazar tashlaydigan boʻlsak, ularning xar tomonlama tarbiyaga alohida ahamiyat berganliklarining guvohi boʻlishimiz mumkin. Mutafakkir va maʼrifatparvar olim Abu Ali ibn Sino inson ahloqi taraqqiyotining imkoniyatlari cheksiz ekanligini taʼkidlab, “toʻgʻri tarbiya olgan kishilar – oʻz bilimlari va fikr-mulohazalari bilan boy nodonlardan yuqori turadilar” deya taʼkidlagan edi.
Xalqimizda oila boʻlib yashash ota-bobolarimizdan meros. Bu asosan muqaddas islom dinimiz bilan chambarchas bogʻliq. Hamma davrlarda ham oila tabarruk va muqaddas hisoblangan. Sohibqiron Amir Temur oila qurishni davlat siyosati darajasiga koʻtargan. Oila haqida u shunday degan: “Oʻgʻillarim, nabiralarim va yaqinlarimni uylantirmoq tashvishida kelin izlamoqqa eʼtibor berdim. Bu ishni davlat yumushlari bilan teng koʻrdim. Kelin boʻlmishning nasl-nasabini, etti pushtini surishtirdim. Xos odamlar orqali sogʻlik-salomatligini, jismonan kamolotini surishtirdim. Kelin boʻlmish nasl-nasabi, odob-ahloqi, sogʻlom va baquvvatligi bilan barcha qusurlardan holi ekanligini bilgach, el-yurtga toʻy-tomosha berib kelin tushirdim, oʻgʻillarim, nabiralarim va yaqinlarimga biron tomchi sharob ichib, xotinlariga yaqinlashishni maʼn etdim. Zero, sharobni taʼsirida dunyoga kelgan farzand nasl-nasabini buzilishiga taʼsir etgay, debon shu pokiza yoʻlni tutdim”.
Sohibqiron Amir Temurning «Kelin izlamoqni davlat yumushlari bilan teng koʻrdim». «Oʻgʻillarim, nabiralarim va yaqinlarimga biron tomchi sharob ichib, xotinlariga yaqinlashishni maʼn etdim. Zero, sharobni taʼsirida dunyoga kelgan farzand nasl-nasabini buzilishiga taʼsir etgay, debon shu pokiza yoʻlni tutdim”. degan purmaʼno oʻgitlari barcha yosh oila uchun amaliy dastak boʻlishini istardik.
Dilbar BEKCHANOVA, jurnalist