Ayoz ismli bir qul taqdir boʻlib, Sulton Mahmudning xizmatkori boʻlibdi. Sulton qulining odob-axloqini koʻrib, unga hurmati oshibdi. Qul shunchalik ishonchini qozonibdiki, butun saltanatning xazinaboni etib tayinlanib, saroyning barcha xazina-boyliklari unga topshiriladigan boʻlibdi.
Bu holatni koʻrgan saroydagilarning baʼzilari bunga hasad qilishibdi. Hasad va kibrlari tufayli “shunday oddiy bir qulga bunchalik katta mavqe berilishi”ni oʻzlarining ongiga singdira olishmabdi. Holat shunday davom etgach, Sultonga har kuni, har xil bahona bilan Ayozdan shikoyat qila boshlashibdi. Uning obroʻyini tushirish uchun qoʻllaridan kelgan hamma yoʻlni sinab koʻrishibdi.
Kunlarning birida Sultonning huzurida bir saroy aʼyoni ikkinchisiga: “Qul Ayoz xazinaga tez-tez qatnaydigan boʻlib qoldi, bilasanmi? Menimcha u gavharlarimizni oʻgʻirlab yuribdi. Bunga aminman”, debdi.
Buni eshitgan Sulton quloqlariga ishonmay “Haqiqatdan ham shundaymikin, shunday boʻlsa oʻz koʻzim bilan koʻrayin” deb, xazina xonasi devoriga kichkinagina teshikcha teshdiribdi. Shunday qilib, ichkarida boʻlayotgan narsalarni tomosha qilishni boshlabdi.
Kech tushibdi, qul sekin saroy xazinasiga borib, eshikni ham bildirmasdan yopib ichkariga kiribdi. Sulton qulning sandiq oldiga yaqinlashganini koʻribdi. U yerda yashirib qoʻygani kichkinagina bir tugun ekan. Tugunni oʻpib, peshonasiga surtib uni ochibdi. Ichidan qullik payti kiygan eski-tuski kiyimi chiqibdi. Uni kiyib oynaning oldiga oʻtibdi. Oʻziga oʻzi: “Avvallari shu kiyimni kiyib yurganingda kim ekanligingni eslaysanmi?” – deb soʻrabdi. – Hech kim… Bor yoʻgʻi sotiladigan qul eding, xolos. Alloh senga Sultonning qoʻli bilan, loyiq boʻlmasang ham Oʻz rahmatidan shunday neʼmatlarini lutf qildi. Aslo qayerdan kelganingni unutma! Chunki mol-mulk insonning aqlini oladi, unutishga majburlaydi. Shunday ekan, sen ham sendan kamroq neʼmatga ega boʻlganlarga past nazar bilan qarab, kibrlanma! Buni aslo unutma, ey Ayoz! – deb sandiqni yopib, qulflabdi va sekingina eshikdan chiqibdi. Xazinadan chiqar-chiqmas, Sulton bilan yuzma-yuz kelibdi. Shunda Sulton Ayozga qarab turib, koʻzidan dona-dona yosh oqa boshlabdi. Sulton gapirishga ham qiynalib, tomogʻi ham tiqilib qolibdi va oʻzini majburlab boʻlsa ham quliga shunday debdi:
— Bugunga qadar boyliklarimning xazinaboni eding. Endi… Qalbimizning ham xazinaboniga aylanding. Menga, haqiqiy Sultonim oldida hech kim ekanligimni va unga qanday munosabatda boʻlishim kerakligini oʻrgatding…
Dildora MAVLYANOVA tayyorladi.